Abdullayev Samig' Fayzulovich


1506

Tug‘ilgan sana: 1917 Oktyabr 25
Vafot etgan sana: 1998 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Rassomlar

Musavvir Samig’ Abdullaev «Urush Qahramoni» unvoni, O’zbekiston xalq rassomi» unvoni, bir necha orden va medallar sohibi. S.Abdullaev portret, manzara, natyurmort janrlarida va tarixiy mavzularda juda ko’p rang-barang asarlar yaratgan. O’zbekiston Davlat san’ati muzeyi direktori.

Tarjimai hol

Musavvir, «Urush Qahramoni» Samig’ Abdullaev 1917 yilda Toshkentda tug’ilgan.

1933—1938 yillarda Toshkent tasviriy san’at texnikumiga, 1955—1961 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida O’zbekiston xalq rassomlari OK.Tatevosyan, V.I.Ufimtsev va Tatariston xalq rassomi B.I.Urmancha kabi pedagoglardan ta’lim oldi.

1938 yil 22 sentyabrda harbiy xizmatga chaqirilib, Ikkinchi Jahon urushining boshidan oxirigacha Ukraina, Shimoliy Kavkaz va Qrimdagi janglarda, Sapun tog’ini olishda, Sevastopolni ozod etishda qatnashdi. Tamanь va Kerchь yarim orollarida ko’rsatgan jasorati uchun 1944 yil 22 sentyabrda «Urush Qahramoni» unvoni bilan mukofotlandi.

Urushdan qaytgach esa, 1945—1955 yillarda O’zbekiston Rassomlar uyushmasi raisi, 1955 yildan 1991 yilgacha O’zbekiston Davlat san’ati muzeyi direktori vazifalarida ishladi.
S. Abdullaev ijodi juda erta, u tasviriy san’at texnikumida o’qib yurgan davrlarda boshlangan edi.

1938 yilda «Yosh skripkachi» nomli birinchi asari bilan O’zbekistoi Rassomlar uyushmasi tashkil qilgan badiiy tanlovda qatnashdi, so’ng «General Sobir Rahimov portreti»(1945), «Qahramonlik»(1947), «Rassom onasining portreti» (1951) kabi asarlarini yaratdi. «Rezida portreti»(1954), «Kitob ko’targan qiz portreti» (1957), «yigit portreti» (1956) kabi asarlarida esa chizilayotgan kishisining faqat tashqi qiyofasinn o’xshatishga-gina emas, balki uning xarakterini yoritishga alohida e’tibor berdi.

«Qayrag’och» (1956), «Hovli» (1956), «Kolxoz hovlisi» (1957) kabi manzara asarlari unipg tabiat manzaralari va joylarning jonli tasvirini berishda birinchi qadamlari bo’ldi. Yarim asrdan ziyod muddatdagi ijodida portret, manzara, natyurmort janrlarida va tarixiy mavzularda juda ko’p rang-barang asarlar yaratdi.

1958 yilda rassom X. Siddiqov bilan ijodiy hamkorlikda 1919 yillardagi fojiali voqealarga bag’ishlangan yirik polotnosini chizdi. Bu asarda voqeaning murakkabligi ishonchli ko’rsatilgan. Asosiy qahramonlarga berilgan tavsifnomalar esa haqqoniy va yorqin chiqqan. Uning tarixiy mavzuga bag’ishlangan «Do’stlik» asari ham nihoyatda jozibali.

Rassom 70—80-yillarda harbiy vatanparvarlik mavzusida portretlar seriyasini yaratdi. Bu jihatdan uning polkovnik Qosimov, general leytenantlar F. Norxo’jaev, B. Sirojiddinov, S. Oxunjonov, general polkovnik Ye.Belonojka, urush qahramonlari F.Matveev, B.Ergashev, SH.Umarovlarga bag’ishlangan va «Veteranlar uchrashuvi» portretlari ibratlidir. «Xotira» (1985) asarida esa Qrim manzaralari tasvirida o’z portretini ham yaratdi.

Portret va grafika janrlarida ham samarali ijod etib, qatoo yorqin va jozibali asarlar ijod etdi. Ular orasida SH. Rashidov (1987), Muxtor Ashrafiy (1985), xalq ustasi Haydarov (1957), usta Murod (1962), sohibkor Rizamat Musamuhamedov (1982), akademik V. Zohidov (1980), O’zbekiston xalq artisti N. Hoshimov (1985), tabib va noshir U. Soipov (1991), mehnat qahramonlari Abzalov, Sindorov, J.Ko’chievlarga bag’ishlangan asarlari diqqatga sazovordir.

«Qrim manzaralari» turkumida rassom 1986 yilda «Erta bahor», «Buxta», «Gurzefdagi tun», «Chexov uyi» kabi asarlarini yaratdiki, urush yillaridan xotira sifatida chizilgan bu lirik manzaralar katta ko’tarinki ruhga, yorqin jozibaga ega. Rassom ijotida natyurmort janri ham o’ziga xos o’rin tutadi.

Bu janrda yaratgan «Lolalar olma bilan» (1978), «Nozik gullar» (1981), «Sirenь apelьsinlar bilan», «Na’matak» (1984), «Gullar va anorlar» (1984), «Sirenь va mevalar» (1986), «Gladiolos mevalar bilan» (1991) va boshqa natyurmortlar alohida ajralib turadi.

S. Abdullaev o’z asarlari bilan bir necha marotaba Xalqaro ko’rgazmalarda qatnashdi. Asarlari Mongoliya, Vьetnam, Yaponiya, Finlyandiya, Kuba, Olmoniya kabi mamlakatlarda va 1978 yilda Krasnodar o’lkasida, 1982 ynlda Yaltada, 1977 va 1995 yillarda Toshkent va Angrenda va boshqa shaharlarda namoyish etildi.

Unga 1967 yilda «O’zbekiston xalq rassomi» unvoni berildi. Shuningdek, bir necha orden va medallar sohibi hamdir. Samig’ Abdullaev 1998 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit