Abdurahmonov G‘ani Abdurahmonovich


923

Tug‘ilgan sana: 1925 yil
Vafot etgan sana: aprel 2016 yil
Tug‘ilgan joyi: Farg'ona
Yo‘nalishlar: O‘qituvchilar, Filolog, Tarjimonlar

G‘.Abdurahmonov 1925 yilda Farg‘ona shahrida tug‘ildi. 1946 yili Farg‘ona davlat pedagogika institutini tugatganidan so‘ng shu dargohda ilmiy-pedagogik faoliyatini boshladi. 1950 yilda nomzodlik, 1962 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1968 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.

Ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyatini birgalikda olib borgan iste’dodli olim o‘zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida Farg‘ona davlat pedagogika instituti kafedra mudiri va prorektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti sektor mudiri, Farg‘ona davlat pedagogika instituti rektori, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Toshkent davlat chet tillari instituti, Toshkent davlat pedagogika instituti rektori, Til va adabiyot instituti bosh ilmiy xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi. Yurtimizda tilshunoslik fani sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish ishiga munosib hissa qo‘shgan G‘.Abdurahmonovning o‘zbek adabiy tilining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab monografiya, risola va maqolalari, uning rahbarligi ostida tayyorlangan lug‘atlar keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum.

Talabchan va jonkuyar inson sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik G‘.Abdurahmonovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari munosib taqdirlandi.

U O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, kamtarin inson G‘ani Abdurahmonovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. O‘zbek tilshunosligi sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi G‘ani Abdurahmonov 91 yoshida vafot etdi. 

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit