Abzalov Mels


1725

Tug‘ilgan sana: 1938 Noyabr 18
Vafot etgan sana: 2016 Oktyabr 26
Tug‘ilgan joyi: Yangiyo’l
Yo‘nalishlar: Aktyorlar, Rejissyorlar

Kinorejissyor Mels Abzalov 1938 yilda Toshkent viloyatining Yangiyo’l tumanida tug’ilgan. 1964 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati istitutining (hozirgi M.Uyg’ur nomidagi Toshkent san’at instituti) drama aktyori fakultetini, 1970-1972 yillarda Moskvadagi Oliy rejissyorlar va stsenaristlar kursining rejissyorlik fakultetini bitirgan.

Talabalik yillaridayoq (1960yildan) I.Oxunboboev nomidagi Respublika Yosh tomoshabinlar teatrida aktyor va rejissyor sifatida mehnat faoliyatini boshlagan M.Abzalov «Ali bobo va qirq qaroqchi» spektaklini sahnaga qo’ygan va o’zi bosh rolni ijro etgan. 


1962 yildan «O’zbekfilm» kinostudiyasiga ishga o’tib, Komil Yormatov, Yo’ldosh A’zamov, Zohid Sobitov, Latif Fayziev, Shuhrat Abbosov kabi ustoz san’atkorlar qo’lida rejissyor assistenti bo’lib ishlagan va ba’zi badiiy filmlarda epizodik rollarni ijro etgan. O’z ustida muttasil ishlash, tinmay ijodiy izlanish, ustozlaridan kino san’atining murakkab sirlarini sinchkovlik bilan puxta o’rganish ijodining takomillashuvida muhim ahamiyatga ega bo’ldi.

M. Abzalov 1972 yilda oliy rejissyorlik kursini bitirib qaytgach, «O’zbekfilm» kinostudiyasida kino-stsenarist R. Muhammadjonov stsenariysi asosida birinchi mustaqil ishi — «Chinor ostida duel» badiiy filmini suratga oldi va bu film yaxshi qabul qilindi va matbuotda ijobiy baholandi.

Ijoddagi bu dastlabki muvaffaqiyat san’atkorni yangi-yangi kino asarlari yaratishga chorlab, unga kuch-quvvat va ijodiy parvoz baxsh etdi. 1982 yilda R.Muhammadjonovning stsenariysi asosida suratga olgan «Suyunchi» badiiy filmi ham samimiy kutib olindi va ijobiy baholandi.

Komediya janrida filmlar yaratib, shu sohada yaxshigina tajriba orttirgan san’atkor xalq o’rtasida ommalashib ketgan «Qelinlar qo’zg’aloni» spektakli asosida badiiy film yaratish niyatida katta va mas’uliyatli ijodiy ishga qo’l urdi.

Natijada yozuvchi S. Ahmadning ushbu komediyasi asosida (Eduard Akopov kinostsenariysi) 1984 yilda «Kelinlar qo’zg’aloni» badiiy filmini suratga oldi va bu film katta shov-shuvga sabab bo’ldi, o’sha yili prokatning chempioni bo’ldi. 1986 yilda sobiq Ittifoq filmlarining AQShdagi ko’rigida bu badiiy film Amerikaning 26 shtatida ko’rsatildi va asar xorijlik tomoshabinlar tomonida yaxshi kutib olindi.

Umuman, «Kelinlar qo’zg’aloni» badiiy filmi 80-yillar o’zbek kino san’atida muhim voqea bo’ldi, O’zbekistonda komediya janrida yaratilgan yetuk kino asari sifatida e’tirof etildi.


M. Abzalov 1986 yilda R. Muhammadjonov va Sokolovlar stsenariysi asosida «Armon» (tarixiy melodrama) badiiy filmini suratga oldi. Xalqning nazariga tushgan sahna asarlari asosida filmlar yaratish, katta shov-shuvga sabab bo’lgan badiiy filmlarni yangi talqinda ekranlashtirish kinorejissyor A. Abzalov ijodining xarakterli xususiyatlaridan biridir.

U 1989 yilda Eduard Akopov stsenariysi asosida Hamzaning mashhur asari «Maysaraning ishi» komediyasini ekranlashtirdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida M. Abzalovning ijodi barq urib rivojlandi, ijodiy kamolot cho’qqilariga erishdi, yetuk kino asarlarini shu davrda yaratdi.

U 1993—1994 yillarda yozuvchi Said Ahmadning «Kuyov» komediyasi asosida «Qarib quyulmagan» kinokomediyasini, 1997—1998 yillarda Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar» romani asosida «O’tgan kunlar» badiiy filmini suratga oladi. Taniqli kinorejissyor Y.A’zamov tomonidan yaratilgan va el og’ziga tushgan mashhur «O’tgan kunlar» filmi bo’la turib, yana «O’tgan kunlar» filmining ikkinchi variantini yaratish san’atkorning katta jasorati edi.

U H. Fayziev bilan ijodiy hamkorlikda «O’tgan kunlar» filmini suratga olar ekan, asarga mustaqilligimiz g’oyalari bilan yondoshdi, ozodlik va istiqlol nuri asosida romanni o’z ijodiy shuuri ila qayta ko’rib chiqdi va ustozi Y.A’zamov filmidan tamoman boshqacha, yangi, mustaqil bir san’at asarini yaratdi. «O’tgan kunlar» badiiy filmi ijodimning cho’qqisi deb hisoblayman», deb e’tirof etishga arziydigan asarini yaratdi.

M. Abzalov ko’pchilik badiiy filmlarga badiiy rahbar, stsenariy muallifi bo’lish bilan birga, o’zi suratga olgan filmlarda epizodik rollarni ham o’ynadi. 1990 yilda yaratilgan «Ko’zlarim yo’lingda» filmida badiiy rahbar, «Oltin devor» (1992—1993) filmida badiiy rahbar va stsenariy hammuallifi bo’ldi. San’atkorning baxti shundaki, uning filmlari xalqimizga manzur, san’atda esa o’z o’rni va ovoziga egadir.

Uning eng katta orzusi Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur «Boburnoma» asarini ekranlashtirish. Iste’dodli kinorejissyor Mels Abzalov «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi» (1986) unvoni sohibidir.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit