Ahmedov G‘iyosiddin


498

Tug‘ilgan sana: 1989 yil
Tug‘ilgan joyi: Andijon
Yo‘nalishlar: Sportchilar

G‘iyosiddin Ahmedov - 1989 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. G‘iyosiddin 12-13 yoshlaridan boshlab iste’dodli murabbiy Oybek Turg‘unov nazorati ostida og‘ir atletika bilan shug‘ullana boshlagan. Avvaliga viloyat musobaqalarida, keyinchalik asta-sekin mamlakat birinchiliklarida yaxshi natijalarga erisha boshladi. Shundan keyin yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi murabbiylari nazariga tushgan G‘iyosiddin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga jalb etildi. Tabiiyki maxsus mashg‘ulotlar sportchimiz mahorati oshishiga keskin ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 2009 yildan boshlab G‘iyosiddin Ahmedov asosiy terma jamoa tarkibida mashg‘ulotlarda qatnasha boshladi. Shuningdek turli darajadagi xalqaro musobaqalar ham ko‘rsatkichlarni oshirishga yordam berdi. Jumladan Xitoyning Guanjou shahrida bo‘lib o‘tgan 16-Osiyo o‘yinlari hamda 2010-2011 yillarda Antaliya va Parijda uyushtirilgan jahon chempionatlari iste’dodli polvonimiz uchun juda foydali bo‘ldi. Ushbu musobaqalarda G‘iyosiddin barcha mashqlar bo‘yicha berilgan imkoniyatlardan unumli foydalandi. Eng muhimi u doimo murabbiylar tomonidan qo‘yilgan vazifani uddalab keldi. Ahmedovning faoliyatidagi eng yuqori natijasi 2013 yil Janubiy Koreyaning Peongtak shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida siltab ko‘tarish mashqi bo‘yicha qo‘lga kiritilgan bronza medal hisoblanadi. Shundan keyin G‘.Ahmedov biroz erta katta sportni tark etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit