Alimahsumov Orif


1500

Tug‘ilgan sana: 1927 May 21
Vafot etgan sana: 2005 Fevral 14
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar, Bastakorlar, O‘qituvchilar

Orif Alimahsumov maqom qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, ajoyib notiq va so‘z ustasi, ustoz-murabbiy. Keng madaniy jamoatchilik Orif Alimahsumovni o‘zbek maqom qo‘shiqlarining mohir ijrochisi, mehnatsevar pedagog sifatidagina emas, balki ajoyib so‘z ustasi, mohir notiq sifatida ham yaqindan taniydi.

Tarjimai hol

Orif Alimahsumov 1927 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1967 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi San’at instituti)ning musiqali drama fakultetini tugatdi. Mehnat faoliyatini Ikkinchi Jahon urushi yillarida boshladi.

1944—1954 yillarda Toshkent to‘qimachilik kombinatida to‘quvchi, so‘ngra master yordamchisi bo‘lib ishladi. Oddiy ishchining qo‘shiq san’atiga mehr qo‘yishi, ashula aytishga salohiyati borligi, O‘zbekiston xalq hofizi Eshmat Haydarovdan saboq olishi, uni o‘zbek estradasiga yetakladi va o‘zbek estradasida 1955—1957 yillarda ashulachi bo‘lib ishlab, yoqimli, dilbar qo‘shiqlari bilan el nazariga tushdi.

Yosh xonandadagi iste’dodni sezib, uni 1957 yilda O‘zbekiston Radiosi qoshidagi (Yunus Rajabiy rahbarligidagi) «Maqom» ansambliga ijrochi ashulachi sifatida ishga taklif qilishdi.

O‘zbek mumtoz ashulalarini aytishga mehr qo‘ygan O. Alimahsumov asta-sekin maqom qo‘shiqlarining nozik sirlarini, o‘ziga xos murakkab xususiyatlarini qunt bilan o‘rganish maqsadida o‘z ustida tinmay ishladi, ijodiy izlandi, malakasini oshirdi va ustoz san’atkorlardan o‘rgandi. Natijada Jomiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mahmur, Mashrab, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat kabi mumtoz shoirlarning g‘azallarini maroq bilan aytib el hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Xonanda ijrosidagi «Bo‘lmisham», «Gul», «Diloromim mening», «Ajab Ra’nosan», «Mohi tobon qiz», «Ko‘zlar, ko‘zlaring», «Sog‘inib», «Jonon qiz», «Ra’nolanmasun», «Assalom», «Ermisham», «Jonim fido», «Emasmu», «Mubtaloman», «Davo istab», «Ilg‘or» kabi qo‘shiqlar san’at durdonasiga aylandi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston televideniyesida ko‘rsatilayotgan «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvini mohirlik bilan olib borib, ko‘p millionli teletomoshabinlarni mustaqillik mafkurasi, yuksak ma’naviy ideallar, haqiqiy insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashdek sharafli ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.

Orif Alimahsumovning o‘zbek qo‘shiq san’atining ravnaqidagi xizmatlari 1977 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni, 1994 yilda «Sog‘lom avlod uchun» ordeni va bir necha medallar bilan taqdirlangan.

Orif Alimahsumov 2005 yil 14 fevral kuni vafot etgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit