Arslonqulov Usta Toshpo‘lat


957

Tug‘ilgan sana: 1882 yil
Vafot etgan sana: 1962 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Rassomlar

Mashhur xalq ustasi, ganch-o‘ymakorlik san’atining ulkan namoyandasi, — Usta Toshpo‘lat Arslonqulov «O‘zbekiston xalq rassomi» faxriy unvoni, Davlat mukofoti sovrini hamda orden, medallar sohibi. Usta yaratgan go‘zal naqshlar, sharshara uslubidagi xilma-xil kompozitsiyalar, turli ko‘rgazmalarda namoyish qilindi. Ko‘p asarlari Moskva va Sankt-Peterburg muzeylaridan va boshqa shaharlardagi muzeylarda saqlanmoqda.

Tarjimai hol

Ganch-o‘ymakorlik san’atining ulkan namoyandasi, mashhur xalq ustasi — Usta Toshpo‘lat Arslonqulov 1882 yilda Toshkentda tug‘plgan. Yoshligida ganch-o‘ymakorlik san’atining sirlarini ota-bobosidan o‘rgangan.

Dastavval otasi bilan turli xususiy va davlat binolari qurilishida, so‘ng Buxorodagi Amir Olimxon qurdirgan Sitorai Mohi-Xosa san’at obidasi (hozirgi Buxoro shahridagi «Buyrak kasalligi» sanatoriyasi) binosining pardoz ishlarida qatnashgan.

Yosh usta otasi bilan uzoq yillar birga ishlash, bu murakkab va nozik san’at turining sirlarini his etish, puxta o‘rganish natijasida asta-sekin o‘zi ham mustaqil ishlay boshladi.

Usta Shirin Murodov hamda Buxoro va Toshkentdagi boshqa mashhur o‘ymakor ustalar bilan birga Ovro‘po uslubida qurilgan Polovtsev uyi (hozirgi Xalq amaliy san’at muzeyi binosi)ni o‘zbek milliy o‘ymakorlik naqshlari bilan pardozlashda faol ishtirok etdi.

Usta, ayniqsa, chok pardozlash usulida naqshlar o‘yishda va bezaklarga geometrik «zanjira» shakllarini berishda shuhrat qozonib,

1929 yilda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri (hozirgi A. Hidoyatov iomli teatr) binosini, 1939 yilda Toshkent viloyati Ijroiya Qo‘mitasi joylashgan binoni va Mustaqillik maydonidagi O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi, Muqimiy va Yangiyo‘l musiqali drama teatrlari binolari, Kamolon masjidi, Moskvadagi xalq xo‘jalik yutuqlari binosining Uzbekiston paviloni va boshqa hashamatli binolarni pardozlashda katta xizmat qildi.

1947 yilda mashhur olim, akademik V. Shusev rahbarligida Toshkentda. A.Navoiy nomidagi O‘zbek Davlat akademik Katta opera va balet teatri binosi qurildi. Jahondagi nodir binolar qatoridan o‘rin olgan.

Xalqaro YuNESKO fondi ro‘yxatiga tushgan bu go‘zal san’at koshonasini bunyod etishda Toshpo‘lat Arslonqulov, Usta Shirin Murodov, Usta Rauf Boltayev, Usta Hidoy kabi iste’dodli ustalar faol qatnashdilar. Usta

Toshpo‘lat Arslonqulovning katta iste’dodi, salohiyati, ayniqsa shu hashamatli va umrboqiy binoni pardozlashda yanada yorqin namoyon bo‘ldiki, usta bezagan teatrning tomosha zali foyesi, vestibyul, ko‘rgazma va Toshkent zallaridagi naqshni bezaklar, xilma-xil kompozitsiyalar binoning ichki ko‘rinishiga alohida joziba baxsh etib turibdi. Usta yaratgan go‘zal naqshlar, sharshara uslubidagi xilma-xil kompozitsiyalar, turli ko‘rgazmalarda namoyish qilindi. Ko‘p asarlari Moskva va Sankt-Peterburg muzeylaridan va boshqa shaharlardagi muzeylardan mustahkam o‘rin oldi. Chunonchi ular Moskvadagi Xalk xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi binosida, Sankt-Peterburgdagi A.S.Pushkin nomidagi yetnografik muzeyda va Toshkentdagi Xalq amaliy san’ati muzeyida saqlanmoqda.

Usta uzoq yillar Benkov nomidagi badiiy bilim yurtida o‘qituvchi sifatida ganch-o‘ymakorlik fanidan dars berib, yuzlab iste’dodli shogirdlar yetishtirdi. Uning xizmatlari 1944 yilda «O‘zbekiston xalq rassomi» faxriy unvoni, 1947 yilda Davlat mukofoti sovrini hamda orden, medallar bilan taqdirlandi.

Toshpo‘lat Arslonqulov 1962 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

1982 yilda O‘zbekiston Me’morlar uyushmasi Ustaning 100 yillik yubileyini keng nishonladi. Toshkentdagi ko‘chalarning biriga Usta Toshpo‘lat Arslonqulov nomi berilgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit