Ashrafiy Firuz


1550

Tug‘ilgan sana: 1937 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Me'morlar

Firuz Ashrafiy me’morchilik bo’yicha yuzdan ortiq monografiya, kitob va ilmiy maqolalar yozgan, Jon Kennedi nomidagi Xalqaro mukofotga, O’zbekiston Davlat mukofotiga, Xalqaro «Og’axon» mukofotiga sazovor bo’lgan. Sharq mamlakatlari Xalqaro arxitektura Akademiyasining haqiqiy a’zosi. «O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan me’mor» faxriy unvoni sohibi, O’zbekiston Me’morlar uyushmasi prezidenti va Xalqaro arxitektura Akademiyasining vitse-prezidenti.

Tarjimai hol

Firuz Ashrafiy 1937 yilda Toshkent shahrida taniqli bastakor Muxtor Ashrafiy oilasida tavallud topgan.

1960 yilda Moskva arxitektura institutini imtiyozli diplom bilan tugatib, sobiq Ittifoq FA ning ilmiy-tekshirish institutlarini loyihalash bo’yicha Davlat loyiha institutining O’rta Osiyo bo’limida me’mor sifatida mehnat faoliyatini boshladi.
1962—1965 yillarda Moskva shahridagi o’quv yurtlari va inshootlarni eksperimental loyihalash markaziy ilmiy-tekshirish institutining aspiranturasida o’qidi.

1965— 1975 yillarda O’zbekiston loyihalash ilmiy-tekshirish va tadqiqot institutida katta ilmiy xodim, sektor va bo’lim boshlig’i, bosh me’mor, 1979—1992 yillarda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirining o’rinbosari, O’zbekiston madaniy yodgorliklarini ilmiy-ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig’i, 1992—1998 yillarda O’zbekiston Me’morlar uyushmasi prezidenti vazifalarida faoliyat ko’rsatdi.

1969 yilda arxitektura fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun ilmiy ishini yoqladi. F. Ashrafiy 1960 yildan boshlab qurilgan qator inshootlarning muallifidir.

Toshkent va Dushanbe shaharlaridagi ilmiy-tekshirish institutlari, O’zbekiston va Turkmanistondagi eksperimental ko’rgazmali qishloqlar, Toshkent shahridagi Aviaquruvchilar madaniyat saroyi, Novosibirsk, Toshkent va Dushanbedagi akademik shaharchalar F. Ashrafiy loyihalari asosida qurildi. U 15 yil davomida O’zbekistoniing tarixiy shaharlaridagi me’moriy yodgorliklarni qayta qurish ishlari bilan mashg’ul bo’ldi. Xiva shahridagi «Al-Xorazmiy» yodgorligi, Toshkent shahridagi Amir Temur va Alisher Navoiyga bag’ishlangan yodgorliklar F. Ashrafiy loyihasi asosida bunyod etildi.

Firuz Ashrafiy uzoq yillar ijodiy va ilmiy ishlarni birgalikda olib borib, me’morchilik bo’yicha yuzdan ortiq monografiya, kitob va ilmiy maqolalar yozdi, 1973 yilda Jon Kennedi nomidagi Xalqaro mukofotga, 1983 yilda O’zbekiston Davlat mukofotiga, 1995 yilda Xalqaro «Og’axon» mukofotiga sazovor bo’ldi.

1993 yilda Sharq mamlakatlari Xalqaro arxitektura Akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi. 1999 yilda unga «O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan me’mor» faxriy unvoni berildi va Xalqaro arxitektura Akademiyasining vitse-prezidenti etib saylangan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit