Asqad Muхtor


1426

Tug‘ilgan sana: 1920 Dekabr 23
Vafot etgan sana: 1997 Aprel 17
Tug‘ilgan joyi: Farg'ona
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar

Atoqli shoir va nosir Asqad Muxtor 1920 yilning 23 dekabrida Farg’ona shahrida temirchi ishchisi oilasida tug’ilgan. U 11 yoshida otadan yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalangan. Maktabni tugatgach, Asqad Muxtor O’rta Osiyo davlat universitetiga (1938) kirib o’qiydi. So’ng Andijon pedagogika institutida ,,O’zbek adabiyoti“ kafedrasining mudiri bo’lib ishlaydi.

Asqad Muxtorning Toshkentga kelishi uning faoliyatida yangi sahifa ochdi. U Respublika gazetalari tahririyatlarida bo’lim mudiri, mas’ul kotib, „Sharq yulduzi“ jurnalida bosh muharrir (1960—1965), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib (1957) bo’lib ishladi. „Guliston“ jurnali va ,,O’zbekiston adabiyoti va san’ati“ haftaligiga muharrirlik qildi.
Asqad Muxtor „Tilak“, „Tong edi“, „Totli damlar“ singari ilk she’rlari (1935— 1938)da she’riyatning maqsad va vazifasini, shoirning jamiyat oldidagi burchini aniqlab olishga intildi. U she’riyatga „Qalbga
qanot“, „Dardga davo“ beruvchi deb qaradi. Shoir ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan „G’alaba ishonchi“, „Jangchining bayram kechasi“, „Tug’ishganlar qaytdi“, „Sog’inish“ singari qator she’riy asarlarini yaratib, xalqni fashist bosqinchilariga qarshi kurashga undadi. Vatan go’zalliklarini, tuganmas boyliklarini, xalq hayotidagi katta o’zgarishlarni tasvirlovchi „Po’lat quyuvchi“ (1947), „Hamshaharlarim“ (1949), „Rahmat, mehribonim“ (1954), „Chin yurakdan“ (1965) she’riy kitoblarini yozdi.
Yozuvchining „Daryolar tutashgan joyda“ (1950), „Qoraqalpoq qissasi“ (1958), „Buxoroning jin ko’chalari“ kabi qissalarida, „Opa-singillar“ (1955), „Tug’ilish“ (1963), „Davr mening taqdirimda“ (1964), „Chinor“ (1973), „Amu“ kabi romanlarida zamonamizning muhim muammolari o’z ifodasini topgan. „Chin yurakdan“ (1956) she’riy kitobi, „Hayotga chaqiriq“ (1956), „Dunyo bolalari“ (1962) hikoyalar to’plamlari o’zbek bolalar adabiyoti xazinasini boyitdi.
Asqad Muxtor „Mardlik cho’qqisi“ (1948), „Yaxshilikka yaxshilik» (1949), „Samandar“ kabi pьesalar ham yozgan.
Sofokl, R. Tagor, A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, V. V. Mayakovskiy, M. Gorkiy, T. Shevchenko, A. Blok, A. Korneychuk asarlari Asqad Muxtor tarjimasida o’zbek kitobxonlarining ma’naviy mulkiga aylangan.
Lirik shoir, taniqli adib, mohir tarjimon sifatida o’zbek madaniyati taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan Asqad Muxtor ,,O’zbekiston xalq yozuvchisi“ unvoni va Hamza nomidagi respublika Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan.

Asqad Muxtor 1997 -  yil 17 - aprel kuni vafot etgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit