Botu Mahmud Maksudovich


1772

Tug‘ilgan sana: 1904 May 15
Vafot etgan sana: 1938 May 9
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Shoirlar

Iste'dodli shoir va jamoat arbobi Botu respublikamizda maktab-maorif, fan va madaniyatni rivojlantirishda jonbozlik ko‘rsatgan. She'rlarida yosh shoirning samimiy va hayajonli tuyg‘ulari ifoda etilgan. Eng muhimi, uning she'rlarida porloq kelajak sari intilish bosh mavzu darajasiga ko‘tarilgan.

Botu iste'dodli shoir va jamoat arbobi edi. U o‘zining tarjimai holida: «Men Botu - Mahmud Maqsudovich Hodiyev 1904 yilda Toshkentning Qaldirg‘och mahallasida, mahsido‘z - kambag‘al oilasida tug‘ilganman...» deb yozadi.

Boshlang‘ich ta'limni eski usuldagi maktabda olgan Botu dastlab Moskvadagi Pokrovskiy nomli institut qoshidagi ishchilar fakultetida (1921), so‘ngra Moskva davlat dorilfununining iqtisod fakultetida o‘qib (1921 - 1927), oliy ma'lumotli bo‘lib yetishadi.

Shundan keyin u respublikamiz sobiq poytaxti Samarqandga qaytib, adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi: partiya va davlat muassasalarida faollik ko‘rsatib, yoshlarning «Alanga» jurnaliga muharrirlik qiladi. Shu davrdan boshlab uning she'r va hikoyalari, publitsistik maqola va ocherklari «Bilim o‘chog‘i», «Inqilob», «Alanga», «Maorif va o‘qituvchi» singari jurnallarida chop etiladi.

Botu jamoat arbobi sifatida respublikamizda maktab-maorif, fan va madaniyatni rivojlantirishda jonbozlik ko‘rsatgan. U ko‘pchilik o‘zbek ziyolilari qatori 1929 yili qamoqqa olinib, Solovki oroliga surgun qilingan. 1938 yil 8 mayda Moskvaga olib kelinib, otib tashlangan.

Botudan ikki farzand qolgan bo‘lib, ularning har ikkisi - o‘g‘li Erkli Hodiyev va qizi Naima Mahmudova tibbiyot fanlari doktorlari, professorlardir.

Faoliyati

Uning «Hayit harom bo‘ldi» (1929), «Tursun» (1930) kabi hikoyalarida eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi kurash, ziddiyat o‘z ifodasini topgan. «Umid uchqunlari» (1925), «To‘lqinlarim» (1929) kabi to‘plamlaridagi she'rlarida yosh shoirning samimiy va hayajonli tuyg‘ulari ifoda etilgan. Eng muhimi, uning she'rlarida porloq kelajak sari intilish bosh mavzu darajasiga ko‘tarilgan. Shu jihatdan shoirning «Qo‘zg‘alish», «Isyon», «Bizning tovush», «U kun», «Yosh yurak to‘lqinlari» kabi o‘nlab she'rlari e'tiborga sazovor. Masalan, shoir quyidagi satrlarida o‘z yurti osmonini musaffo ko‘rishni xohlab yozadi:

Yirtildingiz, ey yaramas qora qalin pardalar,

Hyech yovuqsiz yulduzlarning nurli yuzi ochilsin!

Yo‘qolingiz, yorug‘likni to‘saturgan bulutlar,

Yurtimizga eng yuksakdan yorug‘liklar sochilsin!

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit