Davidova Berta


2339

Tug‘ilgan sana: 1922 yil
Vafot etgan sana: 2007 yil
Tug‘ilgan joyi: Marg‘ilon
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar

O‘zbek xonandasi, qo‘shiqchi san'atkor sifatidagina emas, balki o‘zi tug‘ilib o‘sgan, o‘zbek diyorini chin yurakdan sevuvchi inson sifatida ham ibrat namunasidir, «O‘zbekiston xalq artisti», «El-yurt hurmati» ordeni sohibasidir.

Tarjimai hol

O‘zbek xonandasi Berta Davidova 1922 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan.

1935-1938 yillarda Toshkentdagi Y. Oxunboboyev nomidagi Tibbiyot bilim yurtida ta'lim olgach, avval 1938-1940 yillarda Toshkentdagi 3-tug‘ruqxonada, 1941-1943 yillarda Harbiy shifoxonada hamshira bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi.

Yoshligidan qo‘shiqqa oshufta bo‘lgan B. Davidova 1943 yildan O‘zbekiston Radio eshittirish qo‘mitasi huzuridagi xorga ishga o‘tdi va 1945 yildan o‘zbek ansamblida ashulachi, 1960 yildan Radioeshittirish va televideniye Davlat qo‘mitasining Maqomchilar ansamblida uzoq yillar yetakchi xonanda bo‘lib ishladi.

Xonanda ijrosida «Munojot», «Bayot II», «Bayot V», «Nasri bayot», «Talqini bayot», «Taronai bayot», «Samarqand ushshog‘i», «Fig‘on», «Dugoh», «Xayolim senda», «Yor armug‘oni», «Dilnavozim», «Gulistonim mening», «Baxt», «Kuylagayman», «Yodimdasiz» kabi mumtoz va zamonaviy ashulalar o‘zining lirik-dramatik ifodasini topdi va san'at ixlosmandlari qalb qo‘ridan mustahkam o‘rin oldi.

Ayniqsa, A. Navoiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat, Nodira, Ogahiy she'rlari asosida bitilgan qo‘shiqlari nozik didli qo‘shiq shaydolarini o‘ziga rom etdi.

Mumtoz musiqamizning asosi bo‘lgan maqom qo‘shiqlarining gullab-yashnashida xonanda sifatida Berta Davidovaning ham xizmatlari kattadir.

U faqat qo‘shiqchi san'atkor sifatidagina emas, balki o‘zi tug‘ilib o‘sgan, o‘zbek diyorini chin yurakdan sevuvchi inson sifatida ham ibrat namunasidir. Bu haqda u shunday deydi: «Men o‘zbek diyorida tug‘ildim, o‘zbeklar orasida voyaga yetdim va o‘zbek sahnasida baxtimni topdim.

Shu xalq, shu millatning dardi ne bo‘lsa, mening dardim shul. Xuddi kechagidek esimda, Yunus Rajabiy rahmatli bir kuni, mashg‘ulot paytida, «Bertaxon, bu safsatabozlik deb maqom san'atiga putur yetmasa, deb ko‘nglim doim tashvishlanadi», degandilar. Qarang, shunday yorug‘ zamonlar ham yetib keldi. O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘ldi. Bugun u o‘z qadriyatlariga, o‘z tiliga ega Vatan».

Katta iste'dod sohibasi, taniqli xonanda Berta Davidovaning ko‘p yillik samarali ijodi 1964 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni bilan taqdirlanib,


1998 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.
2007 yil 15 avgust kuni 85 yoshida vafot etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit