Eshonov Anvar


1052

Tug‘ilgan sana: 1937 yil
Vafot etgan sana: 1996 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Shoirlar

Anvar Eshonov o‘z ijodini 60-yillardan boshlagan adibdir, uning birinchi she’riy to‘plami «Bir og‘iz so‘z» (1963) deb nomlangan. Shoir she’riyatida so‘zlar marjondek terilib, uning qalbida uyg‘ongan va kechinmalarida to‘lg‘ongan turfa ranglarni ifodalab turadi.

Shoir va nosir Anvar Eshonov 1937 yilda Toshkentda tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatib, Toshkent Davlat universitetida ta’lim olgan.

Uni 1960 yilda tugatib, mehnat faoliyatini Respublika Radio qo‘mitasida muharrirlikdan boshlagan (1960). Keyin respublikamizning markaziy gazetalarida muxbir bo‘lib xizmat qilgan.

1972-1975 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotni targ‘ib qilish byurosida va keyinchalik «Guliston» (1975-1976) jurnalida faoliyat ko‘rsatgan.

Anvar Eshonov 1996 yilda vafot etgan.

Faoliyati

Anvar Eshonovning dastlabki asarlari 60-yillarga oid.

Uning birinchi she’riy to‘plami «Bir og‘iz so‘z» (1963) deb nomlangan bo‘lib, bu haqda shoirning o‘zi bunday yozgan: «Bir og‘iz so‘z bilan odam podsho bo‘lishi mumkin, bir og‘iz so‘z bilan odam gado bo‘lishi mumkin. Men adabiyotga bir og‘iz so‘z aytgani keldim. Shuning uchun kitobimni «Bir og‘iz so‘z» deya nomladim».

Adibning «Dutor» (1967), «Registon» (1971), «Evropada qolgan qabrlar» (1975), «Yigirma million oppoq kabutar» (1976), «Non isi» (1977), «Bu yillar» (1982) kabi she’riy va nasriy to‘plamlarida o‘zi aytib ketmoqchi bo‘lgan ana shu bir og‘iz so‘zning jilosi, ma’no-mazmuni mujassamlantan.

Ayniqsa, she’rlarga kiydirilgan badiiy libos faqat shoir qalamiga, shoir uslubiga, shoir tuyg‘usiga monanddir. Qarang:

Qayda yalpiz bo‘yligim, qayda buloq ko‘zligim,

Yo‘llar ayri tushganda unutdim-ku o‘zligim.

Yonib o‘tdi hajrida bolaligim - bo‘zligim,

Turnalarday qaytmasmi o‘shal otash ko‘zligim.

Shoir she’riyatida so‘zlar marjondek terilib, uning qalbida uyg‘ongan va kechinmalarida to‘lg‘ongan turfa ranglarni ifodalab turadi. Anvar Eshonov hayotda ham, do‘stlar davrasida ham ana shunday bir og‘iz so‘zday samimiy, kamtar va kamsuxan bo‘lgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit