Fayziyev Hotam Holmatovich


1277

Tug‘ilgan sana: 1937 May 10
Vafot etgan sana: 2013 May 7
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Rejissyorlar

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kinooperator va kinorejissyor Hotam Fayziyev 1937 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1958 yilda Butunittifoq Davlat kinematografiya institutining (VGIK, Moskva) kinooperatorlik fakultetini, 1983 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining drama rejissyori bo‘limini tugatgan.

Tarjimai hol

1958—1959 yillarda «O‘zbekfilm» kiiostudiyasida operator assistenti, 1959 yildan kinooperator sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan H. Fayziyevning mustaqil ishi «Besh og‘ayni» badiiy filmidir.

Shundan beri samarali ijod etib, o‘zbek kinosi tarixida o‘chmas sahifa bo‘lib qolgan «Sen yetim emassan» (1962), «Toshkent — non shahri» (1967), «Favqulodda komissar» (1969), «Abu Rayhon Beruniy» (1974), «Dilorom» (1968), O‘tkan kunlar» (1998) kabi badiiy filmlarni suratga oldi.

Bu san’at asarlari tomoshabinlar tomo-nidan iliq kutib olinib, matbuotda ijobiy baholandi. Albatta, bunda kinooperator H.Fayziyevning ham ijodiy mehnatining o‘rni bo‘lakchadir.

Shuningdek, H.Fayziyev 1960 yildan boshlab, to mustaqillik yillarigacha «O‘zbekfilm» kinostudiyasida yaratilgan «Sahro osmoni» (1963), «Vijdon amri sari» (1965), «Surayyo» (1964), «Nur va soya» (1970), «Yilning to‘rt fasli» (1976), «Jala»(1979), «Ehtiyot bo‘ling, ilonlar»(1980), «Komila» (1982), «Diyonat» (1983), «Elg‘izlikda» (1984), «Buvijonimni qaytarib bering»(1986), «Hayot mazmuni» (1987), «Uran planetasining sayyorasi» (1990), «Alangadagi farishta»(1991), «Alif Laylo»(1992), «Oq bino oqshomlari»(1988), «Yulduzingni ber osmon»(1955), «Katta janjal» (1996), «Chimildiq»(1999) kabi badiiy filmlarning ko‘pchiligida kinooperator, ayrimlarida kinorejissyor sifatida faol qatnashib, iste’dodli kino arbobi sifatida el nazariga tushdi.

So‘nggi 40 yil ichida O‘zbekistonda suratga olingan yuzlab hujjatli va qisqa metrajli filmlarni maydonga kelishida ham H. Fayziyevning xizmatlari kattadir.

«Toshkent zilzilasi»(1967), «Samarqand — ha-misha men bilan»(1968), «Navoiy shahri»(1975), «Mening ming qiz va o‘g‘lonlarim»(1975), «Farg‘ona qizlari»(1976), «Chotqol qo‘riqxonasi» (1977), «Yo‘l chetida qoldirilib ketilganlar»(1977), «Evropaga yo‘l» (1992), «Avlodnoma»(1994), «Murodning orzu-umidlari»(1995), «Esenin»(1995), «Ayol madhiyasi»(1996) kabi hujjatli va qisqa metrajli filmlar uning ijod mahsulidir.

«Nashtar» va «Zumrasha» kinojurnallarining ko‘p sonlarida rejissyor va operator sifatida ishladi. Bu kino asarlarida H.Fayziyevning o‘ziga xos qaytarilmas operatorlik talanti va salohiyati yorqin namoyon bo‘ldi.

1960—1998 yillar mobaynida H.Fayziyev suratga olgan ko‘pgina badiiy va hujjatli filmlar Kishinyov, Sankt-Peterburg, Tbilisi, Baku, Olmaota, Tehron, Buxoro va boshqa shaharlarda bo‘lgan festivallarda sovrinlarga sazovor bo‘ldi.

Hotam Fayziyevning o‘zbek kino san’atining salkam yarim asrlik ravnaqidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1969 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoniga, 1970 yilda Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi, O‘zbekiston Respubli-kasi mustaqilligining sakkiz yilligi munosabati bilan «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit