Fayziyev Latif Abidovich


1374

Tug‘ilgan sana: 1929 yil
Vafot etgan sana: 1994 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Rejissyorlar

Iste’dodli kinorejissyor Latif Fayziev 1929 yilda Toshkentda tug’ilgan, 1941-1945 yillarda ijodiy faoliyatini Yosh tomoshabinlar teatrida, aktyor sifatida boshlab, 1951 yilda Moskva Butunittifoq Davlat kinematografiya institutini tugatgan. Talabalik davrida Kievdagi Dovjenko nomidagi kinostudiyada suratga olingan «Uchinchi hujum», («Janubiy front»), «Taras Shevchenko» badiiy filmlariga rejissyor assistenti bo’lish bilan birga, ushbu filmlarda epizodik rollarni ham o’ynagan.

Tarjimai hol

1951 yilda yozuvchi O. Goncharning «Mikita Bratus» povesti asosida diplom ishi filmini suratga olgan. Latif Fayziev 1951 yildan to umrining oxirigacha «O’zbekfilm» kinostudiyasida yetakchi rejissyor bo’lib ishlagan. Nabi G’anievning «Farg’ona vodiysi», «Akademik», «Kanash» kinoocherklarini suratga olishda rejissyor assistenti bo’lgan.

O’zbekistonga bag’ishlangan kinojurnalning yigirmadan ortiq sonlarini suratga oldi va ushbu jurnalning «G’afur G’ulom», «Hamza teatri 35 yoshda» va «Qo’riq cho’l» kabi mavzudagi sonlari stsenariysi uning qalamiga mansubdir.

1952 yilda «Amudaryo bo’ylab» nomli uch qismdan iborat jo’g’rofiy filmni, 1953 yilda rejissyor A. Ginzburg bilan hamkorlikda, o’z stsenariysi asosida «Boy ila xizmatchi» filmini, 1954 yilda V. Basov bilan hamkorlikda birinchi o’zbek rangli filmi «Amirlikning yemirilishi»ni suratga oldi.

Mehnatsevar, tinib tinchimas va g’ayratli L. Fayziev shu yo’sinda «Qutlug’ qon» (1956), «Ikkinchi bahor» (1959), «Sinchalak» (1961), «Ulug’bek yulduzi» (1964), keng ekranli birinchi o’zbek rangli filmi «Natashaxonim» (1965), «Vatan o’g’lonlari» (1968), «Albomning jonli sahifalari», «Jizzax qo’zg’oloni», o’z stsenariysi asosida «Eski qo’rg’on afsonasi» («Temur Malik», 1970) kabi 20 dan ortiq badiiy filmlarni kino lentalariga tushirdi.

U 1971 yilda «Moviy saroy oshiqlari» film-baletini yaratib, o’zbek kinosida balet film janriga asos soldi. Ko’p qirrali san’atkor «Nashtar» hajviy kinojurnaliga ham syujetlar tayyorlashda faol ishtirok etgan. Uning filmlarining asosiy qismi o’zbek kinosining yetuk asarlari qatoridan o’rin oldi.

1972-76 yillarda «Tojikfilm» kinostudiyasida «Sharq afsonalari» va «Gang uzra tong» filmlarini ekranlashtirarkan, uning stsenariysi asosida rejissyor L. Kimyogarova «Sevgi g’unchasi» telefilmini suratga oldi. Latif Fayziev 1976 yilda hind kinosan’atkorlari bilan hamkorlikda «Alibobo va qirq qaroqchi», «Sevgi afsonasi», «Changalzor qonuni» kabi badiiy filmlarni va «Festival-76» hujjatli filmini yaratib, kino muxlislarining hurmat va ehtiromiga sazovor bo’ldi.

O’zbekiston kino xodimlari uyushmasining birinchi kotibi bo’lgan kinorejissyor Latif Fayziev ekranlashtirgan o’nlab badiiy va hujjatli filmlar o’zbek kinosan’atida yaratilgan nodir asarlar qatoridan o’rin oldi va san’atkorning serqirra va sermazmun ijodi 50-80-yillar o’zbek kino madaniyati ravnaqida muhim ahamiyat kasb etdi.

O’zbek kino san’atining ulkan arbobi Latif Fayzievning ijodiy faoliyati 1964 yilda «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi» unvoni bilan munosib taqdirlandi.

Serqirra ijodkor Latif Fayziev 1994 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit