G'ayratiy


2024

Tug‘ilgan sana: 1902 yil
Vafot etgan sana: 1976 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Shoirlar

O’zbek adabiyoti ravnaqiga o’z ulushini qo’shgan, o’zbek bolalar adabiyotining hozirgi kamolot bosqichiga erishishida beminnat xizmat qilgan, E.Vohidov, Sayyor, Yu.Shomansur, X.Saloh, To’lqin, A.Eshonov kabi iste’dodli shoirlarga murabbiylik qilgan - adiblardan biri G’ayratiy - Abdurahim Abdulla o’g’lidir. «O’zbekiston xalq shoiri» yuksak unvon sohibi.

Tarjimai hol

U 1902 yilda Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi. Uning otasi o’qimishli, adabiyotga qiziqqan kishi bo’lgan. Onasidan erta judo bo’lgan Abdurahim mahalladagi Oyimxon aya qo’lida tarbiya topgan. Uning adabiyotga qiziqishida ham aya aytgan ertaklar muayyan rolь o’ynagan.

1912-1915 yillarda u eski maktabda, so’ng madrasalarda tahsil oladi. Shu yillarda Navoiy, Muqimiy, Furqat asarlari bilan tanishadi. Oktyabrь to’ntarishidan so’ng Toshkent (Xadra)dagi «Namuna» maktabi qoshidagi o’qituvchilar tayyorlash kursini tugatib, so’ng xalq maorifi sohasida ishlaydi. Bo’lg’usi adibning ilk she’ri 1921 yilda «Bolalar haftasi» nomi bilan «Qizil bayroq» gazetasida bosilib chiqadi.

1926 yilga kelib, G’ayratiy Ozarboyjonga borib, Bokudagi bilim yurtida o’qiydi. U yerda M.O’rdubodiy, M.Mushfiq, S.Rustam, J.Jabarli kabi taniqli adiblar bilan tanishadi va muloqotda bo’ladi. Bokudan qaytgach, Toshkentdagi musiqali drama teatrida adabiy emakdosh bo’lib xizmat qiladi.

Adabiyotni o’z mohiyatiga ko’ra jo’shqin daryoga qiyos qilsa bo’ladi. Daryo suvlaridan dalalar, dov-daraxtlar gullab-yashnasa, adabiyot inson qalbiga ezgulik urug’ini sepadi, uni hayotda to’g’ri yashashga, ulug’ maqsadlar yo’lida kurashishga o’rgatadi. Daryo irmoqlardan vujudga keladi. Adabiyotimiz irmoqlari esa adiblarimiz yaratgan asarlardan iborat. Daryolarning sesuvligi, hayqirib oqishi irmoqlar suviga bog’liq bo’lgani singari, adabiyotning jo’shqinligi, kurashchanligi – hayotda tutgan o’rni undagi asarlarning sifatiga qarab belgilanadi.

O’zbek bolalar adabiyotining hozirgi kamolot bosqichiga erishishida uning irmoqlaridan biri – G’ayratiy ijodining ham salmoqli hissasi bor. Adabiyotga Hamid Olimjon, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Uyg’un, Komil Yashin, Mirtemirlar bilan baravar kirib kelganlardan biri G’ayratiydir.

Yosh Abdurahim oldin eski maktabda, bir necha muddat madrasada, keyin esa, qisqa muddatli ta’lim-tarbiya kurslarida o’qiydi. Maktablarda dars beradi.

G’ayratiy ijodining shakllanishida Hamzaning ta’siri kattadir. Bu haqda yozuvchining o’zi keyinchalik quyidagilarni yozadi: «Men Hamza bilan teatr truppasida tanishdim... Hamza bilan adabiy suhbatlar o’tkazib ko’p narsa o’rganar edik, Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan muntazam suratda suhbatlashib turish menga o’xshagan adabiyot havaskorlari uchun katta adabiy maktab bo’ldi».

Hayotga va mehnatga, kelajakka ishonch va sobit e’tiqod G’ayratiy she’riyatining g’oyaviy mazmunini tashkil etadi. Shu jihatdan uning «Vatan», «Shoir», «Suhbat», «Yoshlik» kabi she’rlari xarakterlidir.

U davr bilan hamnafas bo’lishni, xalq baxt-saodatini kuylashni ijodining asl maqsadi deb bildi. Buni u «Shoir» she’rida quyidagicha ifodalaydi:

Yo’qlik dostonin har damda o’qib,
Afsonalardan ma’nolar to’qib,
Yashash yo’lidan ketmakka qo’rqib,
Ommadan uzoq bo’lmasin shoir...

Shoir ijodining dastlabki davrlarida yaratilgan bu she’r badiiy jihatdan birmuncha zaif. Ammo u yozuvchining butun ijodiy faoliyati uchun programm xarakterga ega ekanligi tufayli ahamiyatlidir.

G’ayratiy she’riy asarlar bilan birga, «Yosh partizanlar», «Otamning xotira daftari», «Siz – mening yoshligimsiz» kabi ko’plab hikoya va qissalar ham yaratdiki, ular davr bilan, yozuvchining ko’rgan-kechirganlari bilan chambarchas bog’liq.
Syujet voqealarining tarangligi hamda ularning qiziqarli tarzda qurilishi «Rustamjonning sarguzashtlari» qissasining muhim fazilatidir. Qissaning qiziqarliligi unda urush davridagi shiddatli voqealarning hikoya qilinishi bilangina vujudga kelgan emas. Balki tasvirda sarguzasht uslubining ustunligi ham muhim rolь o’ynagan.

Umuman, «Unutilmas kunlar» kabi «Rustamjonning sarguzashtlari» qissasi ham urush davri o’zbek bolalar nasrining yaxshi namunasidir.

Bulardan tashqari, G’ayratiy dramatik asarlar ham yaratgan. Uning «Omon», «Yo’ldosh», «Qanotli do’stlar», «O’rmonda» kabi dramalari uzoq yillar respublika qo’g’irchoq teatri va yosh tomoshabinlar teatri repertuaridan mustahkam o’rin olib keldi.

1972 yilda G’ayratiyga «O’zbekiston xalq shoiri» unvoni berilgan.

U 1976 yil 22 yanvarda vafot etgan.
Ijodiy faoliyati

1929-1931 yillarda O’zbekiston Davlat nashriyotida muharrir va bo’lim boshlig’i
«Erk tovushi» birinchi she’riy to’plami
1927 yilda 1928 yilda «Yashash taronalari» she’riy to’plami,
«Qutulish» nomli hikoyalar to’plami,
«Hashar» (1929)
«Qora yuraklar» (1931)
«Oshiqhukmi» (1932)
«Onamga xat» (1933)
«Tanlangan asarlar» (1934)
«Shikasta» (1935)
«Mahkam» (1935)
«Sevgi» (1939)
«Oltin yoshlik» (1940)
«Hikoyalar» (1957)
«Tanlangan asarlar» (1958) kabi qator to’plam va dostonlari nashrdan chiqdi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda Furqat va Hamza kabi ustozlari haqidagi «G’urbatda Furqat», «Shoir», «O’lmas qo’shiq» kabi kitoblarini chop etdi.
«Tepalik mozor» (1956)
«Hilola»
«Sababi - tiriklik» (1958)
«Yo’ldosh»
«Qanotli do’stlar»
«O’rmonda»
«Omon»
«Maxsum qochdi» (1960) kabi hajviy hikoyalar ham yaratdi.
«Dovdirash» nomli hajviy hikoyalar to’plamini nashr ettirdi.
1973 yilda esa ikki jildlik tanlangan asarlari nashr etildi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit