Giyenko Boris Fyodorovich


1984

Tug‘ilgan sana: 1917 Avgust 8
Vafot etgan sana: 2000 yil
Tug‘ilgan joyi: Ordjonikidze
Yo‘nalishlar: Bastakorlar

Giyenko Boris Fyodorovich (1917-2000) - Bastakor, pedagog. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1968). O’zbekiston Respublikasi Xalq artisti. Sobiq SSSR bastakorlar uyushmasi a’zosi. Professor. Boris Fyodorovich Giyenko ijodiy, pedagogik va musiqiy izlanishlari o’zbek professional musiqa san’atining rivojlanishiga o’z hissasini qo’shgan bastakorlar sirasiga kiradi.

Tarjimai hol

Boris Fyodorovich Giyenko 1917 yilning 8 avgustida Shimoliy Kavkaz (Osetiya)da tug’ilgan. Fortepьyano chalishni 6 yoshidan boshlab o’rgangan. 1935 yilda u Toshkentga ko’chib keladi. U shu yerda Bolalar san’at tarbiyasi markaziy maktabida orkestrlardan 6 oy saboq oladi. O’sha yillari u ilk musiqalarini yoza boshlaydi.

Gienko 1936 yilda ochilgan Toshkent Davlat konservatoriyasining ilk talabalaridan biri bo’lgan. Uning ijodiy qirralarini mohir pedagog B. B. Nadejdina o’z saboqlarida ochib bera oldi va talabalik yillarida Giyenko turli shoirlar ijodidan bir qancha qo’shiqlar va romanslar yozdi. Shu bilan birga, o’zbek do’mbira orkestri uchun uch o’zbek xalq musiqasini qayta ishlab chiqdi. Konservatoriyada o’qish bilan birga 1938 yilda u bolalar musiqa maktabida pedagoglik faoliyati bilan ham shug’ullana boshlaydi. 1941 yilda birinchi simfonik diplom ishi bilan konservatoriyani bitiradi.

Urush yillarida Giyenko Turkiston harbiy okrugi tomonidan madaniy-oqartuv ishlarida ham ishtirok etadi. Bastakor bu yerda qo’shiqlar, romanslar va orkestr pьesalarini yozishni boshlaydi. 1948 yildan boshlab Toshkent davlat konservatoriyasining o’zbek xalq cholg’u asboblari fakulьtetida partitur o’qish va asboblarni chalish bo’yicha dars beradi. 1967 yilda unga dotsent unvoni berilgan. 1972 yilda konservatoriyaning kompozitsiya kafedrasi mudiri lavozimiga tayinlandi. 1939 yilda Giyenko O’zbekiston bastakorlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan.

Bastakor o’zbek kamer musiqasining rivojlanishiga baholi-qudrat o’z hissasini qo’sha oldi. O’zbek musiqasi merosi asosida yaratilgan beshta kvartet va “Triptix” fortepyano kvinteti keng omma tomonidan tan olingan. Uning V.Lipko so’zi bilan “G’azal”, Zulfiya so’zi bilan “Yulduz”, T.To’la so’zi bilan “Muloyim”, T.Fattoh so’zi bilan “Kuz oqshomlari”, H.Olimjon so’zi bilan uch va Navoiy so’zlari bilan yozilgan ikkita romanslari alohida e’tirofga loyiqdir.

Ko’p sonli simfonik ishlari orasida eng mashhurlari quyidagilardir: “So’zana” simfonik raqsi, “O’zbekiston” ikkinchi dasturiy simfoniyasi, “O’zbekiston lirik kartinasi”.

Doni Zokirov bilan hamkorlikda “So’nmas chiroqlar” musiqali dramasini yaratdi (1953y.). Undan tashqari “Ota o’g’li”, “Maxtumquli” kabi dramalarni ham yozdi.

7 ta musiqali drama, «Oynisa» baleti (D.Zokirov bilan, 1956), spektakl va kino-filmlarga musika, 8 ta simfoniya, 5 ta kontsert, ovoz va simfonik orkestr uchun kontsert, 9 ta torli kvartet, fortepiano uchun «24 prelyudiya», «12 ruboiy» va boshqa pьesalar, fortepiano va simfonik orkestr uchun «Masharabozlar» asari, romans va qo’shiqlar muallifi. O’zbek xalq cholg’ulari va orkestri uchun yozgan asarlari (masalan, «Guldasta» syuitasi)da O’rta Osiyo, Ozarbayjon, Ukrain va boshqa xalqlar musiqa folkloridan foydalangan.

Giyenko ijodida o’zbek xalq musiqa asboblarining o’rni beqiyos.
Bastakor ko’p vaqtini pedagoglik faoliyatiga bag’ishladi. Pedagoglik va ijodiy ishlarini ulkan ijtimoiy faoliyat bilan birga olib bordi. O’zbek musiqa san’atining rivojiga ulkan hissa qo’shganligi sababli Gienko “Faxriy belgi”, “Mehnat shuhrati” kabi bir qancha orden va medallar bilan taqdirlangan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit