Hamroyev Ali Irgashalievich


943

Tug‘ilgan sana: 1937 May 19
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Rejissyorlar, Yozuvchilar

Kinorejissyor Ali Hamroyev 1937 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1961 yilda Moskva Davlat kinematografiya institutining rejissyorlik fakultetini tugatgan. Unda kino san’atiga qiziqish juda erta uyg‘ondi. «Otam Ergash Hamroyev kinorejissyor bo‘lganlar deydi Ali Hamroyev o‘zining yoshligi haqida to‘xtalib. U kishi meni uch yasharligimda Farg‘onaga olib borganlar.

Tarjimai hol

U yerda otamning ba’zi filmlarini suratga olish jarayonini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Keyinchalik Charli Chaplinning «Katta shaharning chiroqlari» filmini ko‘rib, juda hayajonlanganman.

Kino san’atining kuch qudratini ilk bor shu asar orqali his etganman. So‘ngra Nabi G‘aniyevning «Tohir va Zuhra», yaponiyalik kinorejissyor Akiro Kurasavaning filmlari, Vsevold Pudovkinning «Chingizxon avlodi» filmlaridan ko‘p ta’sirlanganman».

Ali Hamroyev Moskvadagi Davlat kinematografiya institutida o‘qib yurganida ustozlari-professor Grigoriy Roshal, dotsent Genikalardan ko‘p narsa o‘rgandi, kino san’atining o‘ziga xos va murakkab xususiyatlaridan xabardor bo‘ldi. Ijodiy faoliyati davomida 18 ta badiiy va 20 ta hujjatli film yaratdi. Ali Hamroyevning e’tiroficha, uning eng yaxshi filmlari sifatida «Turnalar uchganda» (1965), «Qo‘rquvsiz» (1971) va «Triptiv» (1980) kabi filmlarini ko‘rsatish mumkin.

Uning otasi Ergash Hamroyev iste’dodli kinorejissyor edi, onasi Aiastasiya Tarasich butun umri davomida «O‘zbekfilm» kinostudiyasida halol mehnat qildi. Oiladagi ana shunday ijodiy muhit, shubhasiz, Ali Hamroyevning kelajakda mashhur kinorejissyor bo‘lib yetishishida yetakchi omil bo‘ldi.

Ijodini boshlagach 1961 yildan beri postanovkachi rejissyor sifatida «Bolalar haqida kichik sarguzashtlar» (1961), «Sevadimi-sevmaydimi» («Tojik-film, 1962), «Laylak keldi, yoz bo‘ldi» (1966), Qizil kushlar» (Akmal Akbarxo‘jayev bilan hamkorlikda, 1967), «Dilorom» (birinchi film-operasi, 1968), «Favkulodda komissar» (1970), «Shiddat» (1971), «Ettinchi o‘k» (1972), «Muxlis» (1973) «Mevazorlik ayol», (1977), «Inson qushlar ortidan boradi» kabi ko‘plab hayotiy badiiy filmlarni suratga oldi.

Ularning ko‘pchiligi o‘zbek kino san’atida yaratilgan nodir asarlar qatoridan o‘rin olib, 60-70-yillar o‘zbek kinosi kamolotida yorqin sahifa bo‘ldi,matbuotda ijobiy baholandi va san’at muxlislarini o‘ziga maftun etdi.

O‘zbek kino san’ati tarixida deyarli har yili bitta sifatli badiiy filmni suratga olgan rejissyorni kamdan kam uchratish mumkin. Bu baxt har kimga ham nasib etavermaydi, O‘qish, o‘rganish, ijodiy izlanish Ali Hamroyev muvaffaqiyatlarining asosiy omilidir.

Uning nomi faqat respublikamizdagina emas, balki chet ellarga tanila bordi, filmlari Xalqaro kinofestivallarda yuksak sovrinlarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, «Inson qushlar ortidan boradi» (1975) badiiy filmi 1977 yili Dehlida bo‘lgan Xalqaro kinofestivalda yaxshi rejissyorlik ishi sifatida ikkinchi mukofotga va «Kumush tovus» sovriniga loyiq deb topildi.

Ijodkor shuningdek, qator hujjatli filmlar yaratdi. «Salom bahor», «Toshkent jasorati» va boshqa hujjatli filmlar shular jumlasidandir. Ular za-monamizning muhim muammolari, dolzarb masalalariga bag‘ishlanganligi hamda mazmunan va shaklan puxtaligi bilan diqqatni o‘ziga tortadi.

Iste’dodli kinorejissyor Ali Hamroyev o‘zbek kino san’ati ravnaqidagi xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit