Hidoyatov Abror


1745

Tug‘ilgan sana: 1900 Avgust 14
Vafot etgan sana: 1958 Oktyabr 3
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Aktyorlar

Buyuk o‘zbek aktyori  Hidoyatov Abror 1900 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Yoshligidan san'atga mehr qo‘ygan Abror Hidoyatov eski maktabda savodini chiqazdi. 1918 yilda Mannon Uyg‘ur O‘zbek Davlat drama teatrini tashkil qiladi va unga Obid Jalilov, Sayfi qori Alimov, Abror Hidoyatov kabi yoshlarni jalb etadi.

G‘. Zafariyning «Halima»sidagi Ne'mat, U.Hojibekovning «Arshin mololon»idagi Asker, Shillerning «Makr va muhabbat»idagi Vurmlar A. Hidoyatovning teatr sahnasida yaratgan ilk obrazlari bo‘ldi.

O‘ziga ham, o‘zgalarga ham talabchan bo‘lgan Abror Hidoyatov bu yaratgan obrazlaridan har doim ham ko‘ngli to‘la-vermas, haqiqiy aktyor bo‘lish uchun mukammal bilim va katta malaka zarurligini chuqur his etib, Moskavadagi o‘zbek teatr studiyasiga o‘qishga kirib, V.Kansel, R.Simonov, I.Tolchanov, O.Basov, M.Sverdlin kabi san'atkorlardan ta'lim olib, realistik sahna san'ati sirlari haqida chuqur nazariy va amaliy bilimga ega bo‘ladi.

O‘zbek teatr studiyasida sahnalashtirilgan Molyerning «Xasis»ida Gorgagon, Gogolning «Revizor»ida Skvoznik Dmuxanovskiy obrazlarini yaratadi. Umuman, Moskva studiyasida o‘qish A. Hidoyatovning kelgusidagi ijodiy parvozida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

1927-1935 yillarda A.Hidoyatov K.Yashinning «Yondiramiz»idagi Sarimsoq, U.Ismoilovning «Rustam» idagi Rustam, Xurshidning «Farhod va Shirin»idagi Shopur, Lope de Veganing «Qo‘zibuloq qishlog‘i»dagi Frandosa kabi rollarni ijro etib, ijod pillapoyasi sari asta-sekin ko‘tarila bordi va yetuk obrazlarini yaratish yo‘lida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi.

1935 yilda Hamza teatrida V. Shekspirning «Hamlet» tragediyasining premyerasi bo‘ldi. Rejissyor Mannon Uyg‘ur sahnalashtirgan bu asarda aktyor Hamlet rolini ijro etdiki, bu spektakl xalq orasida katta muvaffaqiyat qozondi. «Hamlet» spektakli, ayniqsa, Hamlet obrazi o‘zbek teatr san'ati tarixida katta voqyea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Asar tomoshabinlarning muhabbatini qozonganligi sababli, ketma-ket 21 kun ko‘rsatildi. Teatr jamoatchiligi, chet ellik san'at muxlislari spektaklga va Hamlet obraziga qoyil qoldilar. Chindan ham A. Hidoyatov yaratgan Hamlet obrazi nafaqat o‘zbek teatri sahnasida, balki jahon teatr san'atida ham erishilgan katta yutuq bo‘ldi.

1939 yilda rejissyor Ya.Bobojonov Hamzaning «Boy ila xizmatchi» asarini sahnalashtirdi va asardagi G‘ofur roli A. Hidoyatovga topshirildi. G‘ofur Hamletdan keyin aktyor yaratgan eng yorqin xarakterli obraz bo‘lib qoldi. San'atkorning Hamza teatri sahnasida yaratgan eng yorqin obrazlaridan yana biri va aktyorga katta shuhrat keltirgani, 1941 yilda N. V. Ladigin va M. Uyg‘ur sahnalashtirgan V. Shekspirning «Otello» tragediyasidagi Otello obrazi bo‘ldi.

Vatanimiz va chet ellardan kelgan san'at muxlislari spektaklga aktyorlar talantiga, ularning ijrosiga yuksak baho berdilar. 1945 yilda ingliz Parlamenti delegatsiyasi teatrning taassurotlar daftariga shunday deb yozgan edi: «Biz pyesaning bunday yaxshi qo‘yilganini hech qachon, hech qayerda, hatto Londonda ham ko‘rmagan edik.

Biz, ayniqsa, Otello bilan Dezdemona rolini o‘ynagan artistlar mahoratiga qoyil qoldik». Otello rolini aktyor 18 yil davomida 500 marta o‘ynadi. Umuman, V. Shekspir ijodini o‘zbek xalqiga manzur qilishda Abror Hidoyatovning xizmatlari benihoyat katta bo‘ldi. Keyinchalik Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrida va A. Hidoyatov nomli drama teatrida Shekspirniing «Otello» tragediyasi sahnalashtirildi.

Ushbu spektakllarni kamsitmagan holda aytish kerakki, ulardagi Otello bilan A.Hidoyatov Otellosini tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki A. Hidoyatov Otellosi betakror san'atning o‘lmas namunasidir.

A. Hidoyatovning o‘zbek tarixiy dramalarida yaratgan. H. Olimjonning «Muqanna»sidagi (1943) Muqanna, M. Shayxzodaning «Jaloliddin»nidagi (1943) Temur Malik, Uyg‘un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy»sidagi (1945) Alisher. Navoiy obrazlari ham katta e'tiborga sazovor obrazlar sirasiga kiradi.

«Abror Hidoyatov o‘z tomoshabiniga ega zabardast aktyor edi,-deb hikoya qiladi O‘zbekiston xalq artisti Mah.mudjon G‘ofurov,-Abror akani G‘ofur, Hamlet, Alisher Navoiy, Otello rollarida ko‘rganman. Keyinchalik u Hamlet va Alisher Navoiy rollarini Olim Xo‘jayevga, G‘ofurni Shukur Burxonovga berib, o‘zi faqat Otelloni o‘ynadi.

Abror, aka haqiqiy Otello edi. Men Abror akadan boshqa aktyorni Otello rolida qabul qila olmayman. Abror Hidoyatov vafotidan keyin Otello rolini Shukur Burhonov o‘ynashi mumkin edi. Ammo, u o‘ynamadi. Chunki Otello Abror Hidoyatov ijrosida tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan edi. Abror Hidoyatov fojiaviy rollarning mohir ustasi edi».

Abror Hidoyatovning o‘zbek kino san'atida yaratgan yorqin obrazlaridan biri 1945 yilda suratga olingan «Tohir va 3uhra» filmidagi Sardor obrazi bo‘ldi.

Abror Hidoyatov umr yo‘ldoshi, taniqli San'at ustasi Sora Eshonto‘rayeva bilan ko‘p yillar birga yashashdi, birga ijod etishdi, o‘lmas obrazlar yaratishdi, havas qilsa arziydigan oqil.va fozil farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishdi, munosib shogirdlar yetishtirishdi.

Xalqmizning sevimli farzandi Abror Hidoyatoz 1958 yilda Toshkentda vafot etdi. Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning biri uning nomi bilan ataladi. Poytaxtimizda A. Hidoyatov nomli drama teatri ishlab to‘ribdi. Rejissyor Bobo Xo‘jayev Abror Hidoyatov to‘g‘risida film yaratgan.

Mashhur o‘zbek san'atkorining o‘lmas xotirasi xalqimiz qalbida abadiy yashamoqda. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan o‘zbek milliy madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Abror Hidoyatov «Buyuk xizmatlar uchun» ordeni bilan mukofotlandi. Respublikamiz madaniy jamoatchiligi 2000 yilda san'atkorning 100 yillik tavallud sanasini nishonladi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit