Hidoyatova Zamira


1863

Tug‘ilgan sana: 1909 yil
Vafot etgan sana: 1998 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Aktyorlar

O‘zbek teatri jonkuyarlaridan biri, taniqli aktrisa. U yaratgan onalar obrazlari sodda va kamtar, mehribon va g‘amxo‘r, samimiy va yoqimtoylik fazilatlari bilan tomoshabinni lol qoldirardi. Agar u sahnada ona obrazini ijro etayotganda tomoshabinlarda shunday tuyg‘u paydo bo‘ladiki, go‘yo sahnada Zamira Xidoyatova emas, balki tipik o‘zbek onasining samimiy siymosi gavdalanib turganday bo‘lardi.

O‘zbek teatri jonkuyarlaridan biri, taniqli aktrisa Zamira Hidoyatova 1909 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U 1924-1927 yillar mobaynida Moskva o‘zbek drama studiyasida ta'lim olib, san'atning nozik qirralaridan xabardor bo‘lgach, 1927 yildan «Ishchi sayyor» truppacida, 1932 yildan to 80-yillargacha Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatrida yetakchi aktrisa sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

30-yillardan teatr san'atiga oshno bo‘lgan Zamira Hidoyatova yarim asrdan ziyod davrda yuzdan ortiq hayotiy, tabiiy va betakror obrazlar yaratib, o‘zbek teatr san'ati rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Uning talqinida muxlislar nigohida muhrlangan F. Shillerning «Makr va muhabbat»idagi Milfordxonim, A. Ostrovskiyning «Momaqaldirog‘»idagi Kabanixa, Oybekning «Qutlug‘ qon»idagi Gulsum, Abdulla Qahhorning «Shohi so‘zana»sidagi Hamrobibi kabi rang-barang va turli xarakterga ega bo‘lgan obrazlar aktrisaning ko‘p yillik ijodiy mehnati va izlanishlarining samarasi bo‘ldi.

O‘zbek teatr san'atida ona obrazini gavdalantirishda Zamira Hidoyatovaga teng keladigan aktrisani topish qiyin, albatta. U yaratgan onalar obrazlari sodda va kamtar, mehribon va g‘amxo‘r, samimiy va yoqimtoylik fazilatlari bilan tomoshabinni lol qoldiradi. Agar u sahnada ona obrazini ijro etayotganda tomoshabinlarda shunday tuyg‘u paydo bo‘ladiki, go‘yo sahnada Zamira Xidoyatova emas, balki tipik o‘zbek onasining samimiy siymosi gavdalanib turganday bo‘lardi.

Spektaklni tomosha qilayotgan har bir tomoshabinning xayolidan beixtiyor «Qani endi, barcha onalar ham shunday g‘amxo‘r va mehribon bo‘lsa», degan fikr o‘tardi. Aktrisa ijrosidagi Xamzaning «Boy ila xizmatchi» dramasidagi Hoji ona, K. Yashin va A. Umariyning «Hamza» asaridagi Xosiyat, Izzat Sultonving «Imon» dramasidagi Risolat obrazlari turli dunyoqarashga, turli xarakterga va kiyofaga ega bo‘lgan onalarning tipik obrazlaridir.

Lekin aktrisa ularda bir umumiylikni - onalarning o‘z farzandiga bo‘lgan beg‘ubor va buyuk g‘amxo‘rligini, tog‘day mehrini, bag‘ri kengligini juda ishonchli, xayotiy tarzda ko‘rsata olgan. Aktrisaning katta mahorati xam, o‘ziga xos individual, betakror xususiyati ham, avvalo shular bilan belgilanadi va qadrlanadi.

Zabardast san'atkor Zamira Hidoyatovaning fidoiy mehnati, mazmunli va ibratli ijodiy faoliyati 1944 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni bilan munosib taqdirlangan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit