Ibrohimov Abduqahhor


1069

Tug‘ilgan sana: 1939 Avgust 16
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar

Abduqahhor Ibrohimov yozuvchi, dramaturg va publitsist. Abduqahhorning ijodi 60-yillardan boshlangan. Muallif maqolalarida siyosat, iqtisod va ma'naviyatga oid davrning dolzarb muammolari ko‘tarilgan. Unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni berilgan.

Biografiya

Abduqahhor Ibrohimov yozuvchi, dramaturg va publitsist sifatida zamonaviy adabiy harakatda munosib o‘rinni egallaydi.

Toshkentning Ko‘kcha dahasida 1939 yilning 16 avgustida dunyoga kelgan.

Abduqahhor 1957 yilda o‘rta maktabni bitirgach, 1957-1962 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1975-1977 yillarda Moskvadagi Oliy adabiyot kursida o‘qigan. 1982-1986 yillarda «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida, so‘ng «Guliston» jurnalida ishlaydi.

Respublika Madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi San'at ishlari boshqarmasida bosh muharrir, 1990-1993 yillarda Respublika Prezidenti Devonida maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. 1994 yildan buyon esa Respublika «Ma'naviyat va ma'rifat» markazida xizmat qilmoqda.

Faoliyati

Abduqahhorning ijodi 60-yillardan boshlangan. Adibning «Qoya ostida», «Tusmol», «So‘nggi nur», «Osmon yaqin, yer yumshoq», «Birinchi bo‘sa», «Til - taqdir demak» kabi kitoblari chop etilgan. Ularda zamon va zamondoshlar taqdiri, til va qadriyat, adabiyot va madaniyat muammolari, istiqlol va kelajak haqidagi falsafiy mushohadalari bosh o‘rinni egallaydi.

Abduqahhor Ibrohimov ko‘proq dramaturg sifatida elga tanilgan. Uning «Arra», «Meni aytdi demang», «Zo‘ldir», «Bir o‘likka bir tirik», «Bu zamon o‘g‘loni», «Tusmol», «Sochqi», «Mayli, mayli», «Ofarin», «Puch», «Shayton yo‘li» komediyalari Toshkent va viloyat teatrlari sahnalarida qo‘yilgan. Shuningdek, ularning ayrimlari Rossiya, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Moldova, Ozarboyjon, Estoniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston teatrlari sahnalarida ham o‘ynalgan. Adibning publitsist sifatidagi faoliyati ham e'tiborga sazovordir.

Muallif maqolalarida siyosat, iqtisod va ma'naviyatga oid davrning dolzarb muammolari ko‘tarilgan. Yozuvchi «Turkiston yaproqlari» (1993) nomli hujjatli qissasi uchun «Turkiston - umumiy uyimiz» xalqaro tanlovining g‘olibi bo‘lgan.

Unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni berilgan. Abduqahhor Ibrohimovning ijodi istiqlol yillarida, ayniqsa, samarali bo‘lmoqda.

U keyingi paytda «Vatan tuyg‘usi» (hamkorlikda), «Bizkim, o‘zbeklar...», «Davlat tafakkuri nima?», «Millat ovozi» kabi yirik publitsistik kitoblarini va «Uyqu kelmas kechalar» romanining birinchi jildini o‘quvchilarga taqdim etdi. Bu asarlar kitobxonlar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit