Ismatova Yulduz


1464

Tug‘ilgan sana: 1944 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Yulduz Ismatova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, yetuk raqqosa. U 1995 yilda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi mukofot bilan, 1998 yilda esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Tarjimai hol

Yulduz Ismatova 1944 yil Toshkentda tug‘ilgan. O‘zbek xoreografiya bilim yurtida o‘qib yurgan davrida, 1963 yili Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatrida raqqosa bo‘lib faoliyatini boshladi.

1963 yildan 1988 yilgacha barcha spektakllarda yakka raqslarni ijro etdi. Ayniqsa, u «Nurxon», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Paranji sirlari», «Sevgi xiyoboni», «Qalam qoshligim» spektakllarida ijro etgan raqslari va kontsert repertuariga kirgan «Munojot», «Tanovar», «Zavqim kelur», «Orazbon lazgi», «Gulnor», «Sayyora», «Raqqosa», «Gulchi qiz», «Raqiblar» arabcha, hindcha, afg‘oncha raqslari bilan tomoshabinlarni maftun etdi.

Yulduz Ismatova 1976 yilda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatdi.

Bu yillar davomida spektakllarda aktrisa sifatida rollar ham ijro etdi. «Qaynona»dagi Ofat, «Yolg‘onchi darkor»dagi Pitsakitsa, «Xotinimning eri»dagi Zarifa, «Nurxon»dagi Qumri, «Yarim tundagi o‘g‘rilik»dagi Sitsa, «Hijron»dagi Charlton, «Gulbahor qani»dagi Hadicha, «Toshbolta oshiq»dagi Saltanat, «Jonim fido»dagi Valya, «Mening jannatim»dagi Nodira, «Ona qizim» dagi Go‘zal, «Qiz buloq»dagi Ohu, «Oddiy mo‘’jizadagi Malika va boshqa obrazlar shular jumlasidandir.

Yulduz Ismatova baletmeyster sifatida ham ijod qilib, «Layli va Majnun», «Olifta», «Mangulik», «Gulsara», «Tohir va Zuhra», «Paranji sirlari», «Nurxon» spektakllarida raqslar sahnalashtirdi va qator kontsert dasturlarida yangi raqslar, yallalar, maqomlar yaratdi. «Dilafruzga to‘rt oshiq», «Oltin davrim», «Olifta», «Yulduzlar jamoli» kabi spektakllarni sahnalashtiruvchi rsjissyori ham bo‘ldi.

1988 yilda O‘zbekiston Teleradiokompaniyasida «Tanovar» milliy raqs ansamblini tashkil qilib, O‘zbekiston Respublikasida birinchi bor milliy raqs teatrini (ya’ni milliy baletini) yaratdi.

San’atkor spektakllar bilan bir qatorda kontsert dasturlarini ham sahnalashtirdi.

1988—1989 yillarda «Munojot» (Yakka raqs), «Tanovar», «Parvoz ayladi», «Xorazmcha», «Doira chorlaydi», «Soqinomai savti kalon» (maqom), «Ey sarvi ravon», «O‘xshar», «Suv parilari», «Sumbula», «Adolat tanovari» (ommaviy raqslar), «Afg‘on», «Anor-anori» (eroncha), «Raqqosa keldi», «Arab», «Indira Gandiga bag‘ishlov» kabi yakka raqslarni yaratdi.

1990—1991 yillarda «Mavrigi», «Shodiyona», «Tanovar-2», «Keltursa yuz balo» (maqom), «Bog‘lar sog‘indilar», «Na bo‘ldi», «O‘ynang qizlar»,«Ho-ho-yalli» ommaviy raqslari va «Tong shu’lasi», «Ey hamdam» («Bobur» telespektaklida arabcha raqs), «Gulchi qizi», «Dala qaldirg‘ochi», «Sarvi gul», «Qarab qo‘y», «Afg‘on qizlari», «Raqiblar», «Buxorocha raqs», «Uyg‘urcha nimparda», «Ayrilmasin» yakka va uch-to‘rt kishilik raqslarni 1993 yilda «Choyxona», «Hova-hova» (pokistoncha), «Dutorimni chertaman» (uyg‘urcha), «Sumbul soching», «Burama ko‘ylak» (ommaviy raqs), «Sarvinoz» kabi yakka raqslarni sahnalashtirdi.

Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Samarqand shahridagi Registon maydonida teatrlashgan kontsertda «Koinot», «Beshik», «Qurbon o‘lam», «Yulduzlar», «Abadiyat» raqslarini sahnaga qo‘ydi. Xo‘ja Ahror Valiyning 590 yillik yubileyining bosh baletmeysteri bo‘ldi.

U 1995 yilda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi mukofot bilan, 1998 yilda esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit