Ismoiliy Mirzakalon


2418

Tug‘ilgan sana: 1908 Oktyabr 15
Vafot etgan sana: 1986 May 5
Tug‘ilgan joyi: Qirg`iziston
Yo‘nalishlar: Adabiyotshunoslar

Taniqli adib va mohir tarjimon Mirzakalon Ismoiliy 1908 yil 15 oktyabrda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida dunyoga keldi. U dastlab qishloq maktabida o‘qidi, keyin shahar maktab-internatida tarbiya oldi. Toshkentga kelib, o‘zbek erlar bilim yurtida ta’lim oldi. 1928 - 1930 yillarda O‘rta Osiyo Davlat

universitetining Sharq fakultetida o‘qidi, o‘qituvchilik qildi.

Mirzakalon Ismoiliyning dastlabki ijodi “Sakkizinchi mart xotin-qizlar ozodligi” nomli kichik pesadan boshlangan. Ushbu pesa 1927 yilda nashr etildi.

U O‘zbekiston Davlat nashriyotida (1932 - 1937), Toshkent kinostudiyasida (1937 - 1938), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida (1939), “Qizil O‘zbekiston” gazetasida (1948 -1949) va “Sharq yulduzi” jurnalida (1949 - 1950) ishladi.

Adib ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. U 1942 yilda frontga jo‘nab, 1947 yilgacha harbiy xizmatda bo‘ldi. “Qizil Armiya” nomli front gazetasida mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari, harbiy muxbir bo‘lib ishladi. Yozuvchi va jangovar jurnalist sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Urushdan keyingi yillarda ham adib samarali ijod qildi. Jumladan, “Ozod inson haqida qo‘shiq” nomli novellalar to‘plami, odob-axloq bobida “Inson husni” nomli kitobchani nashr ettirdi. Shuningdek, u “Keng maydonlar” pesasining (1948), qator ocherklarning muallifi hamdir. Jumladan, “Vatanga muhabbat”, “Gvardiyachi”, “Gulxan yonida”, “Yorqin kunlar sari”, “Zifo”, “Ikki kecha-yu, ikki kunduz”, “Ozodlik gulini hidlagan kishi”, “Sening amring” kabi ocherklari diqqatga sazovor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mirzakalon Ismoiliy 1950 yil 30 noyabrda qatag‘onga uchrab hibsga olingan. 1955 yil noyabrda gunohsiz topilib ozodlikka chiqarilgan.

Mirzakalon Ismoiliy ozodlikdan mahrum chog‘ida ham tushkunlikka tushmay, qo‘liga qalam olib xalqi uchun mehnat qildi. Jumladan, “Farg‘ona tong otguncha” romanini yozdi va ozodlikka chiqqach, romanga sayqal berib, nashrga tayyorladi. Romanda Oktyabr to‘ntarishi arafasidagi o‘zbek mehnatkashlarining hayoti va ma’rifat sari intilishini tasvirlagan. Roman o‘zining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari bilan 60-yillar o‘zbek nasri ravnaqiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Mirzakalon Ismoiliy yoshlar hayotini aks ettiruvchi “Bizning roman” (1963), ma’naviyat yog‘dularini sharaflovchi “Odamiylik qissasi” (1965) kabi puxta, go‘zal nasriy asarlari bilan kitobxonlar e’tiborini qozondi.

“Odamiylik qissasi”da yozuvchi odob, axloq to‘g‘risida hikoya qiladi.

Mirzakalon Ismoiliy “Qizlar daftariga” (1980), “O‘zingdan ko‘r” (1986), “Inson husni” (1989) kabi asarlarida ham yoshlar axloqi, oilada totuvlik va o‘zaro hurmat masalalari haqida fikr yuritadi.

Mirzakalon Ismoiliy dastlab Lev Tolstoyning “Tirilish” romanini 1938 yilda, keyinchalik shu yozuvchining “Anna Karenina” romanini o‘zbekchaga o‘girdi.

U jahon adabiyotining 200 dan ortiq namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Mirzakalon Ismoiliy O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1983) unvoniga sazovor bo‘lgan. Jumladan, M.Sholoxovning “Inson taqdiri”, N.Ostrovskiyning “Bo‘ron bolalari”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”, Servantesning “Don Kixot” kabi asarlarini o‘zbek kitobxonlariga tuhfa etdi.

Taniqli adib, mohir tarjimon Mirzakalon Ismoiliy 1986 yil 5 mayda vafot etgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit