Izmaylova Galiya Bayazitovna


1199

Tug‘ilgan sana: 1923 Fevral 12
Vafot etgan sana: 2010 yil
Tug‘ilgan joyi: Tomsk
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

O’zbek mumtoz raqs maktabining asoschilaridan biri, O’zbek balet va raqs san’atining yirik namoyandasi, Opera va balet teatrida ustoz san’atkor Galiya Izmaylova «O’zbekiston xalq artisti», «Xalq artisti» uivonlari, Davlat mukofoti va bir necha orden va medallar sohibasi.

Tarjimai hol

O’zbek balet va raqs san’atining yirik namoyandasi Galiya Izmaylova 1925 yilda Tomsk shahrida tug’ilgan. 1941 yilda Toshkent balet maktabini, 1961 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik fakultetini tugatgan. 1941 yildan A.Navoiy nomidagi Opera va balet teatrining solisti sifatida mehnat faoliyatini boshlab, 1977 yildan shu teatrda bosh baletmeyster sifatida ishlagan.

S.Vasilenkoning «Oq bilag»idagi Semurg’, B. Asafyevning «Boqchasaroy favvora»sidagi Mariya va Zarema kabi birinchi partiyalardayoq istiqboli porloq balerina sifatida nazarga tushdi. 60-yillarda yaratgan A. Xachaturyanning «Spartak»idagi Egina, L. Feyginning «Don Juan»idagi Xuanida obrazlari o’zining kuchli dramatizmi bilan alohida ajralib turdi.

U milliy baletlarda ham bir qator yorqin va jozibali obrazlar yaratdi.
L. Feyginning «Qirq qizi»dagi Guloyim, I. Akbarovning «Layli va Majnun»idagi Layli, M. Ashrafiyning «Sevgi tumori»dagi Chundri obrazlari tomoshabinlarni o’ziga maftun etdi.

G. Izmaylova balerina sifatida o’z o’rnini topib, madaniy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgandan keyingina baletmeyster sifatida qizg’in faoliyat ko’rsatib, P. I. Chaykovskiyning «Oqqush ko’li», I.Akbarovning «Orzu», M.Ravelning «Balero», G. Mushelning «Kashmir afsonasi», Rimskiy Korsakovning «Shahrizoda», M. Ashrafiyning «Sevgi tumori» va boshqa balet asarlarini muvaffaqiyatli ravishda sahnalashtirdi.

O’zbek mumtoz raqs maktabining asoschilaridan biri sifatida e’tirof etilgan iste’dodli raqqosa Xorazm, Buxoro, Farg’ona o’yinlari va Ovro’po raqs san’atiniig nodir namunalaridan ta’sirlanib, ularga ijodiy yondoshib, yangi o’zbek mumtoz raqsi miniatyuralarining yaratuvchisi va mohir ijrochisi sifatida shuhrat qozondi.

Bu yangi janrning asl namunalari qatorida M. Ravelning «Balero» va M. Ashrafiyning «Dilorom» operasi uchun G. Izmaylova yaratgan «Hind», «Arab», «So’gdiyona», «Farg’ona» kabi bir pardali mustaqil xoreografik miniatyuralarini sanab o’tish joizdir.

Raqqosa qaysi xorijiy mamlakatda safarda bo’lmasin, o’sha mamlakatning milliy raqslariii o’rganib, ularni o’zi mohirona ijro etib, san’at muxlislarining hurmat va e’tiboriga sazovor bo’ldi. Uning repertuarida Indoneziya, Birma, Suriya, Hindiston, Misr, Meksika, Kuba, Argentina kabi mamlakat xalqlarining raqslari mavjud. Shuningdek, u «Bahor», «Lazgi» raqs ansambllarida, Moskva, Sankt-Peterburg raqs jamoalarida qator raqslarni sahnalashtirdi.

Xitoy, Bolgariya, Vengriya, Jazoir, Chexoslovakiya, Ruminiya, Olmoniya, AQSH, Angliya, Fransiya, Finlandiya, Suriya, Shvetsiya, Hindiston, Misr va boshqa mamlakatlarda bo’lib, o’zbek milliy va jahon xalqlarining raqslarini mohirona ijro etdi.

Bugungi mustaqillik yillarida u A.Navoiy nomidagi Opera va balet teatrida ustoz san’atkor sifatida samarali mehnat qilib, iste’dodli yosh balerina va raqqosalarni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.

«Men ijodiy safardan, dam olish maskanlaridan qaytganimda ham to’g’ri Toshkent aeroportidan yuklarim bilan opera teatriga kelaman, ijodxonamga kiraman, shogirdlarim bilan suhbatlashaman, so’ngra uyimga ketaman.

Shuning uchun teatrni o’zimning birinchi uyim desam ham bo’ladi.
Men ijodsiz hayotimni tasavvur ham eta olmayman. Qisqasi, men san’atsiz yashay olmayman»-deydi G. Izmaylova.

Yetuk san’atkor Galiya Izmaylova «O’zbekiston xalq artisti», «Xalq artisti» uivonlari, Davlat mukofoti (1949, 1970) va bir necha orden va medallar sohibasidir.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit