Jaloliddin Davoniy


1635

Tug‘ilgan sana: 1427 yil
Vafot etgan sana: 1502 yil
Tug‘ilgan joyi: Eron
Yo‘nalishlar: O`rta asr arboblari, Faylasuflar, Shoirlar, O‘qituvchilar

Davoniyning to’la nomi Jaloliddin Muhammad Asad as-Siddiqiy ad-Davoniy bo’lib, 1427 yilda Eronning Kazarun viloyatiga qarashli Davon qishlog’ida tug’ilgan. U yoshligidanoq ilm-fanga, ayniqsa, musulmon fiqhshunosligiga qiziqadi va boshlang’ich maktabni bitirgandan so’ng Sherozga kelib, madrasada yirik olimlar qo’lida tahsil oladi.

Tarjimai hol

Keyinchalik u Sheroz shahrining qozisi etib tayinlanadi. Qozilikdan iste’foga chiqqandan so’ng madrasada mudarrislik qiladi. Keyinchalik yana o’z qishlog’iga qaytib, umrining oxirigacha (1502) ilmiy ish bilan shug’ullanadi. U Davon qishlog’ida dafn etilgan.

Manbalardan ma’lumki, Jaloliddin Davoniy Markaziy Osiyo olimlari va shoirlarining ijodi va dunyoqarashi bilan yaxshi tanish bo’lgan. U Forobiy, ibn Sino, Nasiriddin Tusiyning ilmiy merosi, asarlarini qunt bilan o’rgangan, ularning ilmiy va insonparvarlik g’oyalaridan xabardor bo’lgan. Xususan, u Xirot, Vi¬zantiya (Rum), Ozarbayjon, Kermon, Xurmuz, Tabariston, Xuroson, Jurjon mutafakkirlari bilan aloqa qilgan.

Muhammad Ali Tabriziyning ta’kidlashicha, Davoniy o’z risolalarini bitishda "Vizantiya, Xuroson, Turkiston olimlari hamda Sulton Abu Sayd Temuriy davrida yashagan mashhur mutafakkirlarning asarlaridan foydalangan". (Muhammad Ali Tabriziy. Rayxonat ul-adab. Tehron, 1949, 3-tom). Davoniy Xirotda uzoq vaqt bo’lib, u yerdagi olimlar bilan yaqindan muloqotda bo’lib, Abdurahmon Jomiy va boshqa olim, fozillar bilan uchrashadi. Sherozga qaytib kelgandan so’ng esa Jomiy bilan muttasil yozishib turadi. Shuningdek, Davoniy Ali Qushchi va uning risolalari bilan ham tanish bo’lganligini hisobga olsak, Davoniyning falsafiy va ijtimoiy qarashining shakllanishida Yaqin va O’rta Sharqning ilmiy, madaniy merosini o’rganishi hamda qo’shni mamlakatlar, ayniqsa, Movarounnahrning mashhur olimlari bilan aloqa qilishi muhim rolь o’ynadi.

U salaflarining asarlarini targ'ib qilish bilan cheklanib qolmasdan, Markaziy Osiyo mutafakkirlarining madaniy, ilmiy va falsafiy an’analarini davom ettirdi. Bulardan tashqari, u qadimgi Yunon va Markaziy Osiyo mutafakkirlari Arastu, Aflotun, Farobiy, ibn Sino, Nasiriddin Tusiy va boshqalarning asarlarini yaxshi bilar, hatto ularning ba’zi risolalariga sharhlar ham bitgan. U qadimgi olimlar risolalaridagi murakkab va tushunilishi qiyin bo’lgan muammolarni sharhlash bilan birga ular hal qila olmagan botiniy va zohiriy ilmlar va mushkul masalalarni yecha olar edi.

Davoniyning ilmiy merosi boydir. U falsafa, mantiq, fiqh, axloqshunoslik, riyoziyot va geometriya sohalari bo’yicha risolalar yozgan. O’sha davrda uning asarlari olimlar orasida keng tarqalgan bo’lib, ular ko’p fanlar bo’yicha rasmiy qo’llanma vazifasini o’tagan. Uning "Risolayi isboti vojib" ("Zaruriyatning isboti haqidagi risola"), "Risolat ul-xuruf" ("Harflar haqida risola"), "Risolayi fi tavjix ul-tashbix" ("Majoz talqini haqida risola") , "Risola dar ilm ul-nafs" ("Ruhshunoslik haqida risola"), "Tariqati tarbiyat ul-avlod" ("Bolalarni tarbiyalash usuli"), "Arznoma" ("Armiyani boshqarish printsipi") va boshqa asarlari ma’lum. Davoniy ilmiy ishlardan tashqari Navoiy singari "Foniy" taxallusi bilan she’rlar yozgan. Uning she’rlari Eron va Iroqda chop etilgan. Davoniy Movarounnahr va Xurosondagi madaniy yutuqlardan o’z ijodida keng foydalanishga harakat qilganligi bois, uning asarlari Xuroson va Movarounnahrda ham tarqalib, bu yerdagi turli ilmiy yo’nalishga, ma’naviy hayotga ta’sir ko’rsatdi.

Davoniyning eng yirik risolasi - "Axloqi jaloliy"dir. U 1470-1478 yillar orasida yozilgan va G’arbiy Eron hokimi, Oq quyinlilar sulolasi vakili Uzun Hasanga bag’ishlangan. Ushbu kitob 1839 yidda V. F. Tompson tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Davoniyning "Axloqi jaloliy" risolasi fors tilida yozilgan bo’lib, qo’lyozmasi dunyoning juda ko’p muzeylari va kutubxonalarida mavjud. U 1911 yil Kalkuttada chop etilgan. O’zbekistan Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ushbu risolaning qo’lyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Mazkur asar 1948 yilda Eshonjon Muhammadxo’ja tomonidan o’zbek tilidagi qisqartma tarjimasi amalga oshirilgan. Rus sharqshunosi A.A Semyonov Rьe va Braunlarga asoslanib, Davonining ushbu risolasini musulmon Sharqida mashhur kitoblar sirasiga qo’shadi.

Kitobda muhim ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-hayotiy va axloqiy g’oyalar ilgari surilgan. Unda jamiyatning paydo bo’lishi, ijtimoiy tabaqalar, davlat va uni boshqarish yo’llari, adolatli va adolatsiz podshohlar, ularning fuqarolarga munosabati, axloq va ta’lim-tarbiya masalalari batafsil tahlil etilgan.

"Axloqi jaloliy"da XV asrning ilg’or axloqiy qarashlari o’z ifodasini topganki, kitobda o’rta asr Sharqining axloqiy ta’limotlari, uning yutuq va kamchiliklari aks ettirilgan. Asar uch qismdan iborat bo’lib, o’z navbatida ular yana mayda bo’lim - "lavom"-larga bo’linadi. Birinchi qism axloq faniga bag’ishlangan bo’lib, muallif axloqning asosiy tushunchalari: adolat, shijoatkorlik, donolik, iffat va boshqalarga to’xtaladi. Ikkinchi qismi - "Odamning ichki holati" deb atalib, oilaviy hayotga bag’ishlangan. Bunda bolalarni tarbiyalash va kamolga yetkazish, kasb-hunarni egallash, xulq-odob qoidalari, nutq madaniyati, ota-onalarning o’z bolalariga munosabatlari va boshqa shunga o’xshash muammolar ko’tariladi.

Oxirgi uchinchi qism - "Shahar (davlat)ni boshqarish va pod¬shohlar siyosati" deb ataladi. Bu yerda muallif shaharlarda yashovchi xalqlar baxtli bo’lishi uchun qanday tadbiru choralar ko’rish kerakligi, davlat boshliqlari bilan fuqarolarning o’zaro munosabati, jamiyat haqida fikr-mulohazalar ilgari suriladi. Eng so’ngida Nasiriddin Tusiyning "Axloqi nosiriy" risolasida keltirilgan Aflotunning o’z shogirdi Arastuga qilgan vasiyati beriladi.

Davoniyning ijtimoiy qarashlarida Forobiyning ta’siri yaqqol sezilib turadi. Inson bir o’zi mehnat qilib, yashash uchun va har kuni zarur bo’ladigan narsalarni qo’lga kiritishi qiyin. U yakka holda hayot kechirishi uchun bir o’zi ovqat pishirishi, kiyim-kechak tikishi, mehnat qurollari yasashi va shunga o’hshash ko’p ishlarni bajarishi, bir necha kasb-hunar egallashga majbur bo’lar edi. "Odamlar birlashib, bir-biriga yordamlashganda boshqalar to’g’risida chinakamiga qayg’uradi, o’zaro yordam va aloqa-o’rnatilganda adolatning sinalgan yo’llari paydo bo’ladi, yashash vositalari tartibga tushadi, kishilarning ahvoli mustahkamlanadi va inson zoti saqlanadi" (Davoniy. Axloqi jaloliy. 135-varaq.)

Davoniy o’zining "Axloqi jaloliy" asarida davlat to’g’risida o’zining utopik - xayoliy orzusini tasvirlaydi. U ibn Miskavayh, Forobig va Nasiriddin Tusiy singari shaharni (davlatni) fozil va johilga bo’ladi. Fozil shaharni tasvirlar ekan, Davoniy "bu shunday shaharki, uning qoidasi baxt-saodatga erishuvdan va baxtsizlikka olib boradigan hodisalarni bartaraf qilishdan iborat", - deydi (O’sha joy, 152-varaq). Fozil shaharni aqlli, adolatli va jasur kishilar boshqarishi lozim. Shahar aholisi, qaysi ijtimoiy tabaqadan bo’lmasin, qonun-qoidalarga so’zsiz bo’ysunadilar. Johil shahar aholisi esa baxtsizlik va falokat yo’liga kirgan bo’lib, bunday shahar hokimlari ta’magir, johil bo’ladilar, o’z xohish-istaklari va hissayotlarini qondirishga ruju qo’yadilar.

Jaloliddin Davoniy axloq va ta’lim-tarbiya masalalariga ham katta e’tibor beradi. Mutafakkirning talqinida, axloq fani kishilarning amaliy faoliyati, tafakkuri bilan chambarchas bog’langan. Axloq muammolari falsafiy, ijtimoiy-siyoeiy masalalar bilan bir qatorda ko’riladi.

Davoniy o’z risolalarida ilm-fanni jamiyatda tutgan o’rniga katta baho berib, kishilarni ma’rifatli bo’lishga, kasb-hunarni egallashga chaqirdi. Uning insonparvarlik ruhi bilan sug’orilgan ijtimoiy g’oyalari umuminsoniy harakterga ega bo’lib, keyingi davrlarda muhim rol o’ynadi va hozir ham o’z tarbiyaviy ahamiyatini yo’qotgani yo’q.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit