Jaloliddin Rumiy


2841

Tug‘ilgan sana: 1207 Sentyabr 30
Vafot etgan sana: 1273 Dekabr 17
Tug‘ilgan joyi: Балх, Ҳуросон
Yo‘nalishlar: O`rta asr arboblari, Faylasuflar, Yozuvchilar, Shoirlar

Jaloliddin Rumiy Muhammad ibn Bahouddin Muhammad al-Balxiy (1207-1273) shoir, mutafakkir, mavlaviylar (Mavlaviya) tariqatining norasmiy shayxi. Jaloliddin Rumiy hozirgi Afg‘onistonning Balx shahrida, sultonal ulamo laqabini olgan ulug‘ shayx Muhammad Bahouddin Valad xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Bahouddin Valad so‘fiylar va fiqh donishmandi bo‘lgan.


Tarjimai hol

Jaloliddinning onasi esa xorazmlik sayyidalaridan, ya’ni shajarada, u Muhammad Payg‘ambarga bog‘lanar, yana kimsan – xorazmshohning qizi edi. Xorazmshoh bilan kelisholmagan Valad, oilasi, muridlarini olib, Balxdan chiqib ketadi va Makka safaridan so‘ng Iroqu Ajam shaharlarini kezib, Turkiyaning Kunya (Konya) shahrida qo‘nim topadi. Saljuq sultonlari tarafidan izzat-ikrom bilan qabul qilingan Bahouddin Valad shu yerda muqim turib qoladi. Rumiy otasining vafotidan so‘ng, uning o‘rniga Kunya madrasasining bosh mudarrisi bo‘ladi.

Jaloliddin Rumiyning tasavvuf olamiga kirib kelishi Shayx Farididdin Attorning bashorati bilan bo‘lganini uning ilk tafsirchilaridan Husomiddin Chalabiydan tortib, Davlatshoh Samarqandiygacha bir ovozdan tasdiqlaydilar: Ka’ba ziyoratiga yo‘l olgan Bahouddin Valad va uning o‘g‘li Nishopurga yetganidan xabar topib, Shayx Attor ziyoratchilarning qarshisiga chiqadi.

O‘spirinning suhbatidan mamnun bo‘lib, unga o‘zining “Asrornoma” kitobini taqdim etadi va otasiga qarata:
“O‘g‘lingiz tez orada olamdagi barcha kuyganlar qalbiga otash soladi”, - deb bashorat qiladi. Rumiy tariqat yo‘lini tutib, shoir Said Burhoniddinga shogird tushadi, so‘ng qalandar so‘fiy Shamsiddin Muhammad Tabriziy bilan do‘stlashib, uni o‘z piri deb e’lon qiladi. Tabriziy uch yil Rumiyga dars beradi: falsafa, xususan, so‘fiylik ta’limotini o‘rgatadi.

Rumiyning o‘zi ham bir baytida: “Agar Attor menga ruh baxsh etgan bo‘lsa, Shamsi Tabriziy tilsim kalitini tutqazdi,-degan. Tabriziy ta’sirida Rumiy aqliy izlanishlaridan voz kechadi. Bu Rumiy muridlari, ulamolar noroziligiga sabab bo‘ladi va ular fatvosi bilan Tabriziy o‘ldiriladi. U bu fojiadan qattiq ta’sirlanib, pirining ismi sharifini taxallus qilib, g‘azallar yoza boshlaydi. Uning “Shamsi Tabriziy devon” nomi bilan shuhrat qozonishining boisi, u “Shamsi Tabriziy”, “Shamsi” taxalluslarini qo‘llashidadir. [42 ming baytli “Devoni Kabir” (“Ulug‘ devon”)ning ikkinchi nomi “Devoni Shamsi Tabriziy”].

Jaloliddin Rumiyning ilmiy va adabiy merosi g‘oyat katta. G‘azal, masnaviy va ruboiylarni o‘z ichiga oladigan “Devoni kabir” (“Ulug‘ devon”)da uch mingdan ortiq she’r bor. Falsafiy- so‘fiyona mushohadalar, ruhiyat dialektikasini kashf etib, inson aqlini lol qoldiradigan teranlik bilan yozilgan “Masnaviy-ma’naviy” ham bir necha ming baytdan iborat. Bundan tashqari “Maktubot”, “Fihi mo fixiy” (“Ichindagi ichindadir”) nomli asarlari ham mavjud.

“Ichindagi ichindadir” nasriy asar bo‘lib, unda Jaloliddin Rumiyning ilohiyot, tasavvuf, hayot va borliq haqidagi qaydlari, do‘stlari va suhbatdoshlari davrasida aytgan fikrlari, bahs-munozaralarda paydo bo‘lgan mulohaza-muqoyasalari to‘plamidan tashkil topgan. Bu kitobni “Muiniddin Parvona” kitobi ham deyishadi. Sababi: unda Amir Parvona nomi ko‘p marta tilga olib o‘tilganidir. Chunki Muiniddin Parvona Mavlono Jaloliddin Rumiyning muxlislaridan bo‘lib, Mavlono bilan qilgan suhbatlarini yozib jamlagan.

Bundan tashqari, kitobga Rumiyning do‘stlari va shogirdlari Hisomiddin Chalabiy, Sohib Faxriddin, Amir Badriddin Guhartosh, Otabek sulton Aloidin, Tojiddin Mo‘’taz Xurosoniy, o‘g‘li Sulton Valad bilan bo‘lgan suhbatlarda aytgan gaplari ham kiritilgan.

“Ichindagi-ichindadir” – sodda fors tilida yozilgan asar, ulug‘ muallif “Masnaviy ma’naviy”dagi hadis va oyatlar, hikoyat va tamsillarga o‘ralgan, o‘ta murakkab bir falsafiy muhokamalar asosiga qurilgan fikrlarini bu yerda ravshan va sodda qilib tushuntirib bergan. Asarni o‘qir ekansiz, ulug‘ va noyob bir tafakkur xazinasi ustidan chiqqanday bo‘lasiz.

Saratonda sahroda toliqib, tashna qolgan odam sharqiragan buloqni ko‘rganda qanday xursand bo‘lsa, musaffo chashma suvidan ichib qanchalik rohatlansa, ma’naviyatga tashna odam ham Rumiy asarini o‘qib shunday tuganmas huzur topadi. Bunda juda ko‘p masalalar ustida bahs boradi: tajrid va tavhid, surat va ma’no, tavakkul va idtihod, g‘ayb asrori va laduniy ilmlari mohiyati va yana qanchadan qancha muammolar yoritiladi.

Eng muhimi shuki, Rumiy murakkab so‘fiyona mulohazalarni oddiy turmush tafsilotlari bilan tushuntirib beradi, intihosiz qudratga ega inson aqlining, ruhiyatining mo‘’jizalarini hayratomuz bir tarzda namoyish etadi. Rumiy ming yillar davomida to‘planib kelgan Sharq falsafasi va hikmati, islomiy haqiqatlarini omuxta etolgan, tasavvuf va falsafani qo‘shib, inson ruhi dialektikasini ochgan ulug‘ mutafakkirdir. Uning qarashlarida biror bir mutaassiblik, ko‘r-ko‘rona aqidaparastlik namunasini ko‘rmaymiz.

U tiyrak va hushyor ko‘z bilan dunyoga nazar soladi, insonni qanday bo‘lsa, shunday olib o‘rganadi, inson qalbi to‘ridagi eng nozik, eng inja, eng yashirin sirlarni oshkor etadi, ruhimiz iqlimlaridagi o‘zimiz sezmagan qonuniyatlar, zaruriyatlarni ko‘rsatib beradi. Shu bois “Ichindagi ichindadir”ni (“Fihi mo fihiy”) botiniy ilmlar bayonnomasi, o‘zlikni va ilohni tanish kitobi deb ayta olamiz.

“Ichindagi ichindadir”da ruh dialektikasi, inson mayllari, tushuncha-tasavvurlari, ehtiyoj va talablari, iztirob va qiynoqlari, ziddiyatlar va muvofiqliklar, kurash va g‘alaba, yo‘qlik va borliq, ro‘yo va haqiqat, jism va jon va hokazolar ustida bildirilgan fikrlar shunchalik chuqur va shu qadar yorqinki, bu fikrlarni bundan yetti yuz ilgari aytilganiga ishonqiramay qolasiz, go‘yo ular bugun aytilganday.

Bu asar insonni fikrlashga, fikrlash orqali o‘zligini, o‘zligi orqali haqni - Yaratganni tushunishga undaydi. Shuning uchun ham “Ichindagi ichindadir”ga bir marta oshno bo‘lgan ko‘zi ochiq insonki bor umrbod undan ayrilmasa, deydi. Chunki asar, avvalo, o‘sha inson haqida – siz haqingizda, men haqimda, umuman, hammamiz haqimizda. Mashoyixlar “O‘zini bilgan avliyo bo‘ladi” deya bejiz aytishmagan.

Jaloliddin Rumiyning mashhur asari “Masnaviy ma’naviy”dir. Asarda Qur’oni karim va Hadisi sharif ma’nolarini o‘ziga singdirgan, inson hayoti bilan bog‘liq barcha masalalar badiiy yo‘sinda bayon etilgan 6 jild (daftar)dan iborat asarning dastlabki qismlarini adibning shogirdi Hisomiddin Chalabiy ustozi og‘zidan yozib olib, tahlildan o‘tkazgan. Chalabiy vafotidan so‘ng muallif asarning davomini 10 yilda yozib tugatadi.

Qur’oni karim oyatlarining 70 foizi mohiyatini o‘zida mujassamlashtirgan, 270 dan ziyod hikoyalarni, yuzlab pandu hikmatlarni o‘z ichiga olgan bu kitob o‘z vaqtida va keyinchalik ham yozuvchi nomining dunyoga keng tarqalishiga sabab bo‘lgan. Chunki Rumiy masnaviyda o‘zigacha bo‘lgan Sharqu G‘arb donishmandlarining falsafiy qarashlarini, islomiy farzlarini sodda bir uslubda, she’riy yo‘l bilan badiiy ifodalagan.

Rumiy buyuk mutafakkir inson sifatida dunyo ziddiyatlari, ziddiyatlarning o‘zaro vobastaligi (“qarama-qarshiliklar birligi”), dunyoda milliard shaklu shamoyilda mavjud bo‘lgan ashyolarning o‘zaro aloqasi, bir-biriga bo‘lgan o‘tish – evrilishlari, modda almashinishining zarradan koinot qadar amal qilishi, hayot va o‘lim sabablari (hayot-ziddiyatlar “kelishuvi”, “yarashish”, o‘lim-ziddiyatlar “jangi”), jism va ruh, odam va iloh haqida yozadi, tahlil va tadqiq etadi. “Masnaviy”da 690 hadisga rumiyona sharh berilgan.

Ko‘z oldimizda ham Kalom ilmining ulug‘ bilimdoni ham tasavvuf ta’limotini sarbaland cho‘qqiga olib chiqqan orif inson ham muqtadir daho shoir gavdalanadi. Oddiy latifalar, hikoyatlardan Rumiy favqulodda falsafiy-so‘fiyona ma’nolar chiqaradi, teran tafakkuri doiradan doiraga, darajadan darajaga ko‘tarilib boradi. “Qur’onning uch qabat botiniy ma’nosi bor”, deb qayd etadi va u anna shu ma’nolarni izchil tushuntiradi.

Jaloliddin Rumiyning buyukligi yana shundaki, u islomning ulug‘ shoiri va mutafakkiri bo‘lgani holda barcha mazxablar va dinlardan yuqori ko‘tarila oldi, bani basharni birlashtiruvchi yagona ilohiy g‘oyalarni olg‘a surib, kishilarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi e’tiqod va iymon, ishq va sig‘inish, poklik va tavbadan so‘z ochdi. “Cho‘llar muxtalif, ammo maqsad bir, ya’ni Olloh huzuri”, deya Ulug‘ Tangri haqiqati Olloh jami maxluhot barobarligini isbotladi.

Rumiy ijodi yuksak badiyati bilangina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta ta’sir kuchiga ega. Uning tabiati va jamiyat hodisalarining doimiy o‘sishi, o‘zgarishda ekani, eskini yo‘qotib, yangining paydo bo‘lishi – “dunyoning ziddiyatlar birligidan jangi”dan iboratligi to‘g‘risidagi qarashlari, nemis faylasufi Hegelning e’tiroficha, uning dialektik metodni yaratishga yordam bergan. Falsafani Hegel va Marksdan, Shopengauer va Kantdan, Niyliche va Freyddan o‘rgangan kishilar Rumiyni o‘qib, hammasi o‘zimizda allaqachon bor ekan, hammasi aytilgan ekanu deyishlari tabiiy.

Odamning buyuklik darajasini uning qanchalar asl xonadonida tavallud topganiga qarab aniqlab bo‘lmaydi. Ammo insonni oxirgi manzilga kuzatish darajasiga ko‘ra, uning kimligini tasavvur etish mumkin. Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romanidagi alloma vafoti bilan bog‘liq lavhada shunday so‘zlar bitilgan: “Turklar va xurosoniylar, yunonlar va armanlar, pravoslavlar va yahudiylar – hamma shoir bilan vidolashishga kelgan, har kim o‘z rusumida alvido aytardi”.

Orada faqihlardan biri “amir ul-umaro” Muniniddin Parvonaga: “O‘z shayxini dafn etayotgan mo‘minlar ichra nasroniy va yahudiylar ne qilur?”, -deb ularni haydashni so‘radi.

Biroq bu befoyda edi. “Quyosh Yer yuzini yoritganidek, Mavlono haqiqat nuri ila butun bashariyatni munavvar etmish. Quyosh – hammaning mulki!”-dedi nasroniylar ruhoniysi. “Mavlono – non kabidirlar. Non hammaga zarur. Amirim, ochlarning nondan yuz o‘girib ketganini qayda ko‘rgansiz?”-dedi yahudiylar ravvini.

Mavlono Rumiy - ana shunday umumbashariy zot. Rumiy asarlari ko‘pchilik forsigo‘y va turkiygo‘y shoirlar ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan, masnaviyxonlik xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan. O‘zbekiston FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” asari saqlanadi. Istiqlol yillarida Rumiy hayoti va ijodiga qiziqish yanada kuchaydi. Sh.Shomuhamedov, A.Mahkam va boshqalar shoirning turli janrdagi she’rlaridan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qildilar.

Shoir Jamol Kamol “Masnaviy ma’naviy” tarjimasini nihoyasiga yetkazdi. Turkiyaning Kunya shahrida 2006 yil dekabr oyida Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlari vafotining 733 yilligiga bag‘ishlangan xotira marosimlari o‘tkazildi. Marosimda Mavlaviya tariqati vakillarining samo raqslari, tasavvuf mavzusidagi fotoko‘rgazmalar, olimlarning Rumiy hayoti va ijodi haqidagi sermazmun ma’ruzalari, qolaversa, tasavvuf musiqasi 3-Xalqaro festivali va boshqa muhim tadbirlar o‘tkazildi.

Bu marosimlar Kunya shahrida dunyoning turli davlatlaridan kelgan mehmonlar, adabiyotshunoslar, olimlar ishtirokida Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi, Kunya viloyati va shahar hokimiyati tomonidan har yili dekabr oyining birinchi yarmida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Ayniqsa, Tasavvuf musiqasi 3-Xalqaro festivali mehmonlarda, Kunyaliklarda katta taassurot qoldirdi.

Festivalda O‘zbekistondan taniqli hofiz Sherali Jo‘rayev, Ozarbayjondan Olim Qosimov, Dog‘istondan Ahmad Ahmedov hamda Erondan Shahrom Naziriy kabi mashhur san’atkorlar ishtirok etishdi. 17 kun davom etgan marosimlarda Mavlaviya tariqati vakillari ijrosida 23 samo raqslari namoyish etildi. Musiqa jo‘rligida ijro etiladigan samo raqslarini taxminan 70 ming kishi bevosita tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Ma’lumki, 2007 yil hazrat Jaloliddin Rumiyning tavalludiga 800 yil to‘lishi munosabati bilan YuNESKO tomonidan “Xalqaro Mavlono Rumiy yili” deb e’lon qilingan.

Bu o‘z navbatida butun islom olami, tasavvuf adabiyoti, qolaversa, Jaloliddin Rumiy ixlosmandlari uchun quvonchli hodisa bo‘ldi. Hazrat Rumiyning 800 yillik yubileyi keng nishonlanishi ko‘zda tutilmoqda. Masalan, 2007 yilning 8-9 may kunlari Istanbulda xalqaro Mavlono Jaloliddin Rumiy simpoziumi o‘ztkazildi. Unda dunyoning turli davlatlaridan 300 ga yaqin tasavvuf adabiyotshunoslari, madaniyat va san’at ahli ishtirok etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit