Jo‘rayeva Gulchehra


871

Tug‘ilgan sana: 1938 yil
Tug‘ilgan joyi: Buxoro
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar

Gulchehra Jo‘rayeva faoliyatini gazetada boshlagan, so‘ngra «Yoshlik» jurnalida, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlagan. O‘nlab she’r va doston to‘plamlari kitobxonlar qo‘liga yetib borgan. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham taqdirlangan.

Biografiya

Buxoroning Shofirkon tumani Do‘rmon qishlog‘ida, ziyoli oilada tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1959). Mehnat faoliyatini esa gazetalardan boshlagan. «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida o‘n yillar davomida faoliyat ko‘rsatgan.

Ijodi ham xuddi shu yillarda qanot yozgan. So‘ngra «Yoshlik» jurnalida (1982), O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasida (1991), 1996-1997 yillarda esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlagan. Shoira ijodining boshlanishi 50-yillarga to‘g‘ri keladi.

Faoliyati

Birinchi she’ri «Tashakkur» nomi bilan 1954 yilda matbuotda e’lon qilingan. «Baxtim borki...» nomli birinchi kitobi 1961 yilda nashr bo‘lgan. So‘ngra «Gul shaydosi» (1969), «Bog‘imda bahor» (1968), «Hayajon» (1971), «Umr - daryo» (1974), «Salom, do‘stlar» (1975), «Eng yaqin yulduz» (1979), «Dostonlar» (1981), «Iqbol» (1983), «Mehrim sizniki» (1984) kabi o‘nlab to‘plamlari qatori «Chavandoz», «Imtihon», «Zuhro yulduzi» kabi dostonlarni ham e’lon qilgan. 1987 yilga kelib «Gulshan aro» nomi bilan she’r va dostonlardan iborat «Saylanma» asari chop etilgan. Qisqasi, shoiraning hozirgacha yigirmadan ortiq to‘plamlari kitobxonlar qo‘liga yetib borgan. Shoira she’rlarida ona Vatanga muhabbat, visol va xijron, sevgi va rashk kabi tuyg‘ular o‘zaro uyg‘unlashib she’riyat kamalagini yaratadi. Gulchehra Jo‘rayevaga 1992 yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham taqdirlangan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit