Jumaniyoz Jabborov


1076

Tug‘ilgan sana: 1930 Noyabr 25
Vafot etgan sana: 2010 Dekabr 13
Tug‘ilgan joyi: Qashqadaryo viloyati
Yo‘nalishlar: Shoirlar

Shoir va dramaturg Jumaniyoz Jabborov 1930 yili Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Po‘loti qishlog‘ida dunyoga kelgan.

O‘rta maktabni tugatib, O‘rta Osiyo Davlat universitetida tahsil olgan. 1952-1953 yillarda Moskvadagi Oliy аdabiyot kursida o‘qigan.

Shundan so‘ng «Sharq yulduzi» jurnalida avval bo‘lim boshlig‘i, so‘ng mas’ul kotiblik qilgan, 1962-1964 yillarda «Gulxan» jurnaliga muharrir bo‘lgan, 1964-1976 yillarda «Sovet O‘zbekistoni» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasida bo‘lim boshlig‘i, bosh muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishlagan.

1981-1985 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Abadiyot va san’at nashriyotida direktor, 1985-1990 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, 1990 yillardan to hozirgi kungacha O‘zbekiston Davlat mukofotlari qo‘mitasida mas’ul kotib bo‘lib ishlab kelgan.

Jumaniyoz Jabborovning adabiy faoliyati 50-yillardan boshlangan. Hozirgacha o‘ttizdan ortiq she’riy, nasriy to‘plamlar, o‘nlab doston va dramalar yaratgan. Bolalar shoiri sifatida «Tog‘dagi uchrashuv» (1986), «Guljahon va Hasanjon» (1988) to‘plamlarini nashr ettirgan.

Faoliyati

Shoirning birinchi she’riy to‘plami 1953 yilda «Vatanimni kuylayman» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng «Bahor nafasi» (1956), «Gulshan» (1957), «Maqsad yo‘lida» (1958), «Tog‘lar sadosi» (1961), «Ona yer qo‘shig‘i» (1962), «Subhidam xayollari» (1964), «She’rlar» (1966), «Sahro sanami» (1967), «Yo‘ldagi o‘ylar» (1968), «Qishloqdagi haykal» (1970), «Lirika» (1970), «Ilhom daqiqalari» (1971), «E’tiqod» (1978), «Muhabbat naqqoshi» (1980), ikki jildlik «Saylanma» (1980-1981), «Dostonlar» (1974), «Quyosh yurti» (1983), «Xayolimda o‘zing» (1985), «Ko‘nglim go‘zali» (1991) kabi she’r va dostonlardan iborat to‘plamlari, «20 kun daftari» (1967), «Sohillar hikoyasi» (1974) kabi nasriy asarlari nashr bo‘lgan. J.Jabborov iste’dodli shoirgina emas, dramaturg sifatida ham barakali ijod qilib keladi. Ayniqsa, u yaratgan «O‘jarlar» (1971), «Yillar o‘tib» (1975), «To‘ydan oldin tomosha» (1979), «Mening oppoq kabutarlarim» kabi dramalari Toshkentda, qator viloyat teatrlarida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari sahnalarida qo‘yilgan. So‘nggi yillarda shoirning «Ajab dunyo, sevgi dunyo» nomli saylanmasi nashr etildi. Shuningdek, u Firdavsiyning «Shohnoma»si hamda A. Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romani asosida musiqali dramalar yaratdi.

Jumaniyoz Jabborov tarjimon sifatida Lermontov, Bayron va Firdavsiy asarlarini ona tiliga o‘girgan.

Shoir va dramaturg Jumaniyoz Jabborov adabiyot va xalq oldidagi xizmatlari uchun 1980 yilda «Uzbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoni bilan taqdirlangan.

Istiqlol davrida esa «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni va «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit