Karimova Roziya Zarif qizi


2307

Tug‘ilgan sana: 1916 yil
Vafot etgan sana: 2011 Mart 15
Tug‘ilgan joyi: Qozon
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Roziya Karimova o’zbek balet aktrisasi, raqqosa, baletmeyster va xoreograf. U nafaqat talantli raqqosa, balki mohir pedagog va raqs san’atining nazariy, amaliy masalalari bilan jiddiy shug’ullangan yirik tadqiqotchi olima hamdir. Uning bu xizmatlari e’tiborga olinib, mustaqillik yillarida unga faxriy san’atshunoslik doktori ilmiy darajasi berildi. Roziya Karimova «O’zbekiston xalq artisti» O’zbekiston Davlat mukofoti Mukarrama Turg’unboeva nomidagi mukofot, «El-yurt hurmati» ordeni sohibidir.

Tarjimai hol

O’zbek balet aktrisasi, raqqosa, baletmeyster va xoreograf Roziya Karimova 1916 yilda Qozonda tug’ilgan.
Samarqanddagi O’zbek Davlat musiqali drama teatri studiyasida ta’lim olib, 1930 yildan shu teatrda o’z faoliyatini boshladi va lirik raqslar bilan bir qatorda dramatik rollarni ham ijro etdi.

Anorxon (Q. Yashin, «O’rtoqlar», 1932), Asal (K. Yashin «Gulsara» 1935), Osiyo (U, Hojibekov, «Arshin mol olon», 1936) kabi obrazlar aktrisa ijodining ilk mahsulidir.
Shundan so’ng, 1934—1949 yillarda Toshkentdagi musiqali teatrda, 1949—1953 yillarda A._Navoiy nomidagi Opera va balet teatrida Gulandom (Ye. Brusilovskiy, «Gulandom»), Oqbilak (S. Vasilenko, «Oqbilak»), Fraskita (J. Bize, «Karmen»), Kumush (M. Ashrafiy, S. Vasilenko, «Bo’ron») kabi partiyalarni ijro etib, «O’rtoqlar», «Bo’ron», «Gulsara», «Ulug’bek», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» kabi opera asarlaridagi raqslarni sahnalashtirdi va o’zi ulardagi yolg’iz o’yinlarni o’ynadi.

Shuningdek, K. Yashinning «O’rtoqlar» operasidagi raqslarni Olma ota teatrida sahnalashtirdi. Muqimiy nomidagi O’zbek Davlat musiqali drama va komediya teatrida baletmeyster, 1935—1960 yillarda shu teatrda solistka bo’lib, «Nurxon», «Farhod va Shirin», «Ravshan va Zulxumor», «Tohir va Zuhra», «Oftobxon», «Oq nilufar», «Zafar» va boshqa qator spektakllardagi raqslarni sahnalashtirdi va ulardagi yolg’iz raqslarni mohirona ijro etdi.

R. Karimova «Andijon samosi» (yalla), «Katta o’yin», «Gul o’yin», «Safti ufori» va boshqa milliy raqslarni ham nihoyatda nozik did va nafislik bilan o’ynagan katta iste’dod sohibidir.

U Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar ansambli safida 1942 yilda Eronda, 1943 yilda Shimoli-g’arbiy frontlarda bo’lib, madaniy xizmat qildi. U nafaqat talantli raqqosa, balki mohir pedagog va raqs san’atining nazariy, amaliy masalalari bilan jiddiy shug’ullangan yirik tadqiqotchi olima hamdir.

1932 yildan O’zbekiston Davlat xoreografiya bilim yurtida pedagog, 1964 yildan Hamza nomidagi San’atshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida o’zbek raqs san’atining muhim masalalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borib «Farg’ona raqslari», «Buxoro raqslari», «Robiya Otajonova raqslari», «Bahor» ansambli raqslari», «Doira zarblariga mashg’ulot», «O’zbekiston raqslari» kabi o’ndan ortiq kitoblar va qo’llanmalarni yaratdi, ko’plab maqolalar yozgan R. Karimova ko’plab raqqosalarni tarbiyalashdek sharafli ishga munosib hissa qo’shdi.

Bernora Qorieva, Ra’no Nizomova, Ibrohim Yusupov, Dilafro’z Jabborova, Shokir Ahmedov, Dilbar Abdullaeva, Karima Uzoqova, Sivilьya Tangurieva, Inna Kirkova, Muhabbat Abdullaeva, Qodir Mo’minov kabi raqqosa va raqqoslar uning shogirdlaridir.

Uniig bu xizmatlari e’tiborga olinib, mustaqillik yillarida unga faxriy san’atshunoslik doktori ilmiy darajasi berildi.
Roziya Karimova «O’zbekiston xalq artisti» (1950) unvoni, O’zbekiston Davlat mukofoti (1983), Mukarrama Turg’unboeva nomidagi mukofot (1994) sohibidir.
Shuningdek, 1998 yilda u «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit