Komilov Usta Olim


1714

Tug‘ilgan sana: 1875 yil
Vafot etgan sana: 1953 yil
Tug‘ilgan joyi: Marg‘ilon
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Usta Olim Komilov sozanda, o’zbek raqs san’atining asoschilaridan biri. San’atkor Rahim Isaxo’jaev, To’ychi Inog’omov, G’ofur Solihov, Dadaxo’ja Sottixo’jaev, Ubay Xo’jaev, G’ofur Inog’omov, Muhammadjon Mullajonov kabi doirachilarni tarbiyalab voyaga yetkazgan mehribon ustoz hamdir. Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboeva, Roziya Qarimova, Gavhar Rahimova kabi yetuk raqqosalar uni o’zlariga ustoz deb bildilar va faxrlandilar. Taniqli sozanda, Ustoz san’atkor Usta Olim Komilov «Mehnat Qahramoni», «O’zbekiston xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlangan.

Tarjimai hol

Sozanda, o’zbek raqs san’atining asoschilaridan biri Usta Olim Komilov 1875 yilda Marg’ilonda tug’ilgan. San’atga havas uyg’ongach, shu yerda Majid aka va Masaid otalardan doira chalishni o’rgandi. Yillar o’tib Marg’ilon va uning atrofida doirachi sifatida tanilarkan, xalq uni hurmat qilib, Usta Olim deb atay boshladi. 1918 yilda Marg’ilondagi korxonalarda to’garaklar tashkil etib, choyxonalardagi va atrof qishloqlardagi kontsertlarda ishtirok etdi.
1926 yilda M. Qoriyoqubov tashkil etgan etnografik kontsert truppasida, Tamaraxonim bilan ijodiy hamkorlikda «Katta o’yin», «Pilla», «Gul o’yin», «Sadr», «Zatsg» kabi qadimiy o’zbek raqslarini sahnalashtirib, ularning ayrimlarini raqqosalar dastasi ijrosiga moslashtirdi. Shu truppa bilan birinchi bor Moskva, Sankt-Peterburg, Boku, Volga bo’yi shaharlarida gastrol safarlarda bo’lib, o’zbek san’atining asl namunalarini katta muvaffaqiyat bilan namoyish etdi.
1930 yilda Moskvada o’tgan san’at olimpiadasida Usta Olim Qomilov va Tamaraxonim ijro etgan laparlar tomoshabinlarni lol qoldirdi. 1935 yilda bu ikki san’atkor dunyoning turli burchaklaridan 2 mingdan ortiq raqs ustalari ishtirok etgan Londonda o’tgan jahon xalqlari festivalida ham qatnashdilar va festivalning Oltin medali bilan taqdirlandilar. Angliya qirolichasi Usta Olim Komilov san’atiga qoyil qolib, uning panja izlarini ganchga oldirib, Albert Xol san’at muzeyiga qo’ydirdi.
Usta Olim Komilov 1939 yildan O’zbek Davlat Opera va balet teatrida doirachi, raqs studiyasida muallim bo’lish bilan birga «Farhod va Shirin», «Gulsara» spektakllariga raqslar sahnalashtirdi. Moskvada bo’lgan o’zbek san’ati Dekadasida (1937) ijro etilgan «Sayil va kolxoz to’yi» instsenirovkasini yaratdi va N. Roslavetsning «Paxta», F. Talning «Shohida» baletlarini sahnalashtirishda faol ishtirok etdi.
Uning ijrosidagi xalq doira usullari I. A. Akbarov, V. Uspenskiy, ye. Romanovskayalar tomonidan yozib olinganki, uning ijro uslubi, zarblar jilvadorligi hamda tembr vositalarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
San’atkor Rahim Isaxo’jaev, To’ychi Inog’omov, G’ofur Solihov, Dadaxo’ja Sottixo’jaev, Ubay Xo’jaev, G’ofur Inog’omov, Muhammadjon Mullajonov kabi doirachilarni tarbiyalab voyaga yetkazgan mehribon ustoz hamdir. Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboeva, Roziya Qarimova, Gavhar Rahimova kabi yetuk raqqosalar uni o’zlariga ustoz deb bildilar va faxrlandilar.
Chunki Usta Olim bu san’atkorlarga milliy o’zbek raqsi asoslarini o’rgatib, zamvnaviy raqs maktabini yaratishlariga zamin hozirlagan edi. Taniqli sozanda, Ustoz san’atkor Usta Olim Komilovning o’zbek raqs san’atidagi xizmatlari 1932 yilda «Mehnat Qahramoni», 1937 yilda «O’zbekiston xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlandi.
Usta Olim Komilov 1953 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

Sahnalashtirgan raqslari
• «Katta o’yin»
• «Pilla»
• «Gul o’yin»
• «Sadr»
• «Zatsg»
• «Farhod va Shirin»
• «Gulsara»

Unvonlari
• «Mehnat Qahramoni»(1932)
• «O’zbekiston xalq artisti»(1937)

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit