Mahmud az-Zamaxshariy


4009

Tug‘ilgan sana: 1074 yil
Vafot etgan sana: 1143 yil
Tug‘ilgan joyi: Xorazm
Yo‘nalishlar: O`rta asr arboblari, Geograflar, Tarixchilar, Shoirlar, Adabiyotshunoslar

Ko‘hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul Qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan "Ustoz ul-arab va-l-ajam" ("Arablar va g‘ayri arablar ustozi"), "Faxru Xvarazm" ("Xorazm faxri") kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.

Tarjimai hol

Allomaning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo‘lib, u hijriy 467 yilning rajab oyining 27-kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi.

Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqida: "Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi" — deb yozganlar.

Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va xavasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini birqadar tuzatadi.

Az-Zamaxshariy Buxoroda o‘kishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi, matlabu-maqsadlarining ushalishiga umid bog‘laydi. 1118 yili az-Zamamiariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatiyu mansab va mol-dunyo ta’masidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi.

Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atatini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, bu mintaqa jug‘rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladi.

Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O‘z hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh ("Olloxning qo‘shnisi") degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi.

Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yilda arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) vafot etadi.

Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug‘rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid "Al-Mufassal" (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. "Al-Mufassal" arab tili nahvu sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi.

Bu az-Zamaxshariy asarining o‘sha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini ko‘rsatadi. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo‘yicha ham mukammal asarlar yaratgan. Olimning "Asos al-balora" ("Notiqlik asoslari") asari asosan lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak bo‘lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so‘z birikmalari, ularni amalda tadbiq etish yo‘llari chuqur tahlil qilingan.

"Atvoq uz-zadab fi-l-mavoi’z va-l-xutab" ("Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar") — nasihatomuz maqola har to‘plamidan iborat. Asar birinchi marta 1835 yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. O‘ttiz yilcha o‘tgach, frantsuzchaga tarjima qilinib, 1886 yili Parijda chop etilgan. 1873 yili esa usmonli turk tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashrdan chiqqan.

Az-Zamaxshariyning "Rabi’ ul-abror va nusus ul-axyar" ("Ezgular bahori va yaxshilar bayoni") asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qo‘lyozmalari mavjud.

Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan "Ustoz ul-arab va-l-ajam" ("Arablar va g‘ayri arablar ustozi"), "Faxru Xvarazm" ("Xorazm faxri") kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.

Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lib, QIZG‘IN ILMIY bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obru-e’tibor, ehtimol, daho uning o‘z asarlaridan birida "va in-niy fi Xvarazm kaabat ul-adab" ("Chindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir ka’baman") deb yozishga asos bo‘lgan bo‘lsa kerak!

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit