Mahmud Chag‘miniy


1361

Vafot etgan sana: 1221 yil
Tug‘ilgan joyi: Xorazm
Yo‘nalishlar: O`rta asr arboblari, Matematiklar, Geograflar, Shifokorlar, Astronomlar

Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniyning ilmiy an’anlarini davom ettirgan yirik faylasuflardan biri XII—XIII asrlarda ijod etgan xorazmlik olim Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chag‘miniydir. Al-Chag‘miniyning ilmiy asarlari Sharqda juda mashhur bo‘lsa ham, uning hayoti va ijodiy faoliyati hozirgacha yaxshi yoritilmagan.

Tarjimai hol

Uning tug‘ilgan yili ma’lum emas, ammo adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, vafoti 1221 yil deb taxmin qilinadi. Chag‘min o‘sha vaqtdagi Xorazmshohlarning poytaxti bo‘lgan Ko‘hna Urganchdan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan. Ma’lumki, XI—XII asrlardagi Xorazm jahon miqyosidagi yirik ilmiy markazlardan biri bo‘lgan va shubhasizki, bu narsa al-Chag‘miniyning ilmiy dunyoqarashining shakllanishida hal qiluvchi rol o‘ynagan.

Boshlang‘ich ma’lumotni Xorazmda olgan Mahmud al-Chag‘miniy o‘qishni davom ettirish uchun Samarqandga kelgan. Uning ilmiy asarlarida Beruniyning ustozi bo‘lgan Abu Nasr ibn Iroq bir necha marta tilga olinadi. Al-Chag‘miniyning "Mulaxxas fi-l-xay’a" asaridan tashqari "Saylanma", "To‘qqiz sonining riyoziyotdagi o‘rni haqida risola", "Merosni bo‘lish masalalarida riyoziyot usullariga sharh" va boshqa qator risolalari mavjud.

Mahmud al-Chag‘miniy o‘sha vaqtdagi yirik olimlar kabi fanning biror sohasi bilan emas, balki astronomiya, riyoziyot, tabobat, jug‘rofiya va boshqa sohalarda ham juda sermaxsul ijod kildi. Bu fanlar rivojining har biriga shunchalik hissa qo‘sha oldiki, natijada uni Abu Rayhon Beruniydan keyingi Xorazm ilmiy maktabining eng ko‘zga ko‘ringan olimi, deb hisoblash mumkin. Bundan tashqari al-Chag‘miniy o‘z davrining barcha fanlari erishgan yutuqlarni jamlab, o‘ziga hos qomus tuzgan allomadir.

Al-Chag‘miniyning astronomiya sohasidagi ilmiy yutuqlari haqida gap borganda, shu narsani alohida ta’kidlash mumkinki, uning fikricha, "Kuyoshni o‘zidan nur tarqatuvchi sayyoralarning markazi deb hisoblash mumkin". Darhakikat, uning qayd etishicha, ba’zi bir osmon yoritgichlari, jumladan oy "o‘z nuriga" ega bo‘lmasdan, uni Quyoshdan oladi. Shunga asoslanib al-Chag‘miniy Quyoshni ba’zi osmoniy jismlarning "markazi" deb ataydi.

Al-Chag‘miniy astronomiya muammolarini ishlab chiqishga bog‘liq bo‘lgan riyoziyotga oid masalalar bilan juda ko‘p shug‘ullandi. Uning samarali izlanishlari tufayli doiraviy trigonometriya asoslari ishlab chiqildi va uning asosiy qoidalari "Mulaxxas fi-l-xay’a" asarida o‘z intiqosini topdi. Unda to‘rt tomonli doiraviy uchburchak va uning xilma-xil turlarining to‘la ta’rifi beriladi. Muallif birinchi marta ufqiy tekislikdagi kuzatish joyining asosi bo‘lgan koordinatlar sistemasini mufassal ishlab chiqishga muvaffaf bo‘ldi.

Tabiatshunoslik sohasidagi ilmlarda u tajribaga tayanib, tabiat hodisalarini o‘rganishni targ‘ib etar ekan, har xil fanlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlarga tanqidiy yondashib, xolisona xulosa chiqarishga amal kildi. "Astronomiyaga oid qisqa to‘plam" kitobining muqaddimasida bu haqda shunday deb yozadi: "Garchi mengacha xam samoviy jismlar haqida ko‘plab kitoblar yozishgan bo‘lsalar ham, ulardagi asosiy masalalar chuqur yoritilmagan edi".

Ma’lumki, mashoiyunlar falsafasida modda bilan shakl qanchalik bir-biriga bog‘liq bo‘lmasin, ularning birini ikkinchisidan ajratish imkoniyati mavjud edi. Bunday imkoniyat ma’lum darajada al-Chag‘miniy kiritgan "bo‘linmas zarracha", "unsuriy zarracha" — ya’ni atom tushunchasi vositasida bartaraf qilindi.

Al-Chag‘miniy fikricha, modda kichik zarrachalar ko‘rinishida mavjud, ammo ularning xususiyati shundan iboratki, ularda modda va shakl bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan darajada birikib ketgan. "Kichik zarrachalarni har xil shakl va tabiatga ega bo‘lgan qolipni kabul kiluvchi, undan ham kichikroq zarrachalarga bo‘lib bo‘lmaydi: ya’ni har bir zarracha o‘zining muayyan shakl va tabiiy o‘zligiga ega. U sodda zarracha bo‘lib, o‘ziga xos shakl, o‘ziga muvofiq keladigan tabiatga egadir" ("Mulaxxas fil-xay’a", 380-bet).

Mahmud al-Chag‘miniynint qarashlarida o‘rta asr mutafakkirlarining ko‘pchiligi taxmin qilgan ikki xil zarrachaning, ya’ni atomlar va o‘ziga xos molekulalarning mavjudligi haqidagi nazariya o‘zining yorqin ifodasini topdi. Al-Chag‘miniy ularni "birlamchi" va "ikkilamchi" kichik zarrachalar deb, so‘ngra — "birlamchi zarrachani" aniqlab, uni "unsur", "ibtido", "asosiy ashyo", "modda" deb ataydi.

O‘rta asrlarda astronomiya kundalik turmushda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, doimo rivojlanib borishi zarur bo‘lgan fan hisoblangdn. Barcha qishloq xo‘jalik ishlari, bepoyon cho‘llardan kompassiz savdo karvonlariga yo‘l ko‘rsatish samoviy yoritgichlar orqali amalga oshirilganini hisobga olsak, nima uchun al-Chag‘miniyga o‘xshash olimlarimiz tinimsiz tadqiqotlar bilan shug‘ullanganliklari ma’lum bo‘ladi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit