Mamadaliev Fattoxon


1490

Tug‘ilgan sana: 1923 yil
Vafot etgan sana: 1999 yil
Tug‘ilgan joyi: Andijon
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar

Bastakor, hofiz va pedagog,Toshkent Davlat konservatoriyasida ustoz-murabbiy sifatida qizg’in faoliyat ko’rsatgan. Ilmiy-uslubiy asarlar yaratib, «Sharq, o’zbek sozlarining sozlanishi», «Aruz, zarb va musiqa mutanosibligi» kabi o’nlab maqolalar yozdi. O’zbekiston Teleradiokompaniyasi qoshidagi maqomchilar ansamblida maslahatchi sifatida ishlagan faoliyat ko’rsatgan.

Tarjimai hol

Bastakor, hofiz va pedagog Fattoxon Mamadaliev 1923 yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tug’ilgan. Yosh Fattoxon o’rta maktabda o’qib yurgan kezlarida sozanda Zokirjon To’raev sinfdan olib chiqib, uning qo’liga dutor tutqazib, san’atga mehr uyg’otdi. Skripka, kamon chalishni esa mashhur skripkachi Mo’minjon Karimovdan o’rgandi.

Namanganlik usta Ro’zimatxon Isaboev o’zi yasagan tamburini unga taqdim qilib: «Hofiz tanbur bilan o’qishi kerak», deb maslahat berdi. Birinchi ustozlarining bergan o’gitlari uning kelajakda, hayotda va san’atda o’z o’rnini topishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi.

1963 yilda Andijon Davlat institutining tarix fakulьtetini tamomlaydi. Talabalik kezlaridayoq Andijondagi Y. Oxunboboev nomidagi teatrda va o’zi o’qiyotgan institutda mehnat faoliyatini boshlaydi. Respublikada 2-maqomchilar ansamblini tuzib, endi elga tanila borayotgan bir paytda, uni Toshkent Davlat konservatoriyasiga ishga taklif qilishdi.

«Sharq darvozasi» deb atalmish Toshkentdek azim Shahar ulkan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazda yashash, ishlash hamda taniqli fan, madanyyat, san’at arboblari bilan ijodiy muloqotda bo’lish, F. Mamadalievning katta ijodiy balog’atga erishishida, san’atda yuksak cho’qqilarga parvoz etishida, keng madaniy jamoatchilikka tanilishida asosiy omil bo’ldi.

U 1985-1999 yillarda Toshkent Davlat konservatoriyasida ustoz-murabbiy sifatida qizg’in faoliyat ko’rsatib, Hurriyat Isroilova, Mashrab Ermatov, Erkin Ro’zmatov; Maryam Sattorova, Nasiba Sattorova, Maysara Imomova, Azamat Otajonov, Bobir Yo’ldoshev va boshqa iste’dodlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ilmiy-uslubiy asarlar yaratib, «Sharq, o’zbek sozlarining sozlanishi», «Aruz, zarb va musiqa mutanosibligi» kabi o’nlab maqolalar yozdi.

O’zbekiston Teleradiokompaniyasi qoshidagi maqomchilar ansamblida maslahatchi sifatida ishlab, O’zbekistonda birinchi bo’lib, 7 qismli “Miskin” turkumli maqomini, Toshkent Davlat konservatoriyasidagi shogirdlari bilan 5 qismli «Munojot» turkumini, Teleradio maqomchilar ansambli bilan esa birinchi marta 8 qismli «Ushshoq», 4 qismli «Nasrulloi» turkumlarini yaratib, ularni magnit tasmalariga tushirdi.

Bu musiqa asarlari asosida respublikamiz televideniyasida maxsus ko’rsatuvlar qilindi.
F. Mamadalievning dilga orom beruvchi mumtoz qo’shiqlarini tinglab lol qolmagan, ulardan zavq olmagan san’at muxlislari kamdan-kam topiladi. Mang’it lentalariga muhrlaigan dilbar ashulalari esa Toshkent radiosi orqali shinavandalarga yetib bormoqda.

Ko’pqirrali ijod sohibi F. Mamadaliev Navoiy, Muqimiy. Nodira, Furqat, Ogahiy, Ulfatiy, Vohid Abdulla, Vosit Sa’dulla, Olimjon Xoldor kabi shoir-larning yetmishga yaqin g’azallariga musiqa bastaladi. U tolei baland ijodkor sifatida Habibiy, Sobir Abdulla, Anisiy, Ulfatiy, Vohid Abdulla, Vosit Sa’dul-la va boshqa olimu shoirlar davrasida bo’lib, g’azal sirlarini o’rgandi.

Yunus Rajabiy, Muhitdin hoji Najmitdinov, Qomiljon Jabborov; G’anijon Toshmatov, Jo’raxon Sultonov, Qodirjon Oxunov kabi ustoz san’atkorlardan ta’lim oldi. Bularning barchasi uning shaxs, ijodkor va ustoz-murabbiy sifatida komillikka erishishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi.

F. Mamadaliev dunyo ko’rgan, jahongashta ijodkor hamdir. U AQSH, Hindiston, Italiya.Bolgariya, Malayziya kabi mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo’ldi.
Taniqli bastakor, hofiz, g’azalnavis va ustoz-murabbiy F. Mamadalievning o’zbek maqomi va qo’shiq san’atining ravnaqidagi xizmatlari munosib taqdirlandi.

U «O’zbekiston xalq hofizi» unvoniga sazovor bo’ldi. Uzbekiston Respublikasi mustaqilligining 7 yilligi munosabati bilan «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.F.Mamadaliev 1999 yilda Toshkent shahrida vafot etdi

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit