Masson Mixail Yevgenevich


750

Tug‘ilgan sana: 1897 Noyabr 21
Vafot etgan sana: 1986 Oktyabr 2
Tug‘ilgan joyi: Sankt - Peterburg
Yo‘nalishlar: Tarixchilar, Arxeologlar

1936-1938 yillarda Termiz shahri va uning atroflarida O‘rta Osiyo hududidagi dastlabki yirik arxeologik ilmiy ekspeditsiya - Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi (TAKE) ish olib borgan edi. Professor Mixail Yevgenevich Masson rahbarligida ko‘hna shahar tarixini har tomonlama, chuqur o‘rganish uchun Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburgning yuqori malakali mutaxassislari - arxeolog, san’atshunos, arxitektor, geolog, irrigator va boshqalar jalb etildi.

Tarjimai hol

Tadqiqotlar natijasida Termiz shahrining yuzaga kelishidan boshlab toki XIV asrning boshlarigacha bo‘lgan tarixi ilk bor davrlashtirib chiqildi, tarixiy topografiyasi tuzildi. Kushonlar davriga tegishli Chingiztepa, Ayritom va Qoratepa kabi yodgorliklar tadqiq qilinib, Kushon davlati tarixini o‘rganishga jiddiy qadamlar qo‘yildi. Ayritomdan dunyoga mashhur mashshoqlar tasviri solingan friz bo‘laklari topildi. Termiz hukmdorlari saroyida keng ko‘lamli qazishma ishlari olib borildi. Boshqa me’moriy yodgorliklar, shahar va uning atrofi sug‘orish inshootlari tarixi tadqiq qilindi. Ekspeditsiya yakunlari 1940 va 1945 yillarda ikki jildli kitobda, ko‘plab maqolalarda e’lon qilingan.

TAKE tomonidan Ko‘hna Termizda olib borilgan tadqiqotlar mintaqamizdagi boshqa qadimiy shaharlar tarixi uchun ham kompleks o‘rganishning ahamiyatini ko‘rsatib berdi. M.E. Masson rahbarligida keyingi yillarda olib borilgan keng ko‘lamli arxeologik tadqiqot ishlari (masalan, YuTAKE - Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, Katta Farg‘ona kanalida qurilishidagi arxeologik kuzatuv ishlari, KATE - Kesh arxeologik ekspeditsiyasi) asosida Termizda orttirilgan tajriba yotadi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

1997 yilda ushbu olamshumul ekspeditsiyaning rahbari, tarix va arxeologiya fanlari doktori, Turkmaniston FA akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, taniqli arxeolog Mixail Yevgenevich Masson tavalludiga 100 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Toshkent, Ashxobod shaharlarida bir qator tadbirlar, Toshkentda har yilgi "Masson o‘qishlari" o‘tkazildi.

Shuni ham aytishimiz joizki, Mixail Masson O‘rta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning arxeologiya kafedrasining tashkilotchisi va mudiri (1936 yildan). Uning shogirdlari hozirgi kunda Markaziy Osiyoning yetakchi arxeologlari, MDHdagi fanlar akademiyalari akademik va muxbir-a’zolaridir.

Mixail Yevgenevich Masson 1897 yilning 5 dekabrida Sank-Peterbukda tavallud topgan. U gimnaziyada o‘qib yurgan kezlaridayoq, ko‘hna Afrosiyobdan ajoyib Registon yodgorliklarigacha o‘tgan asrlar bo‘yi taralib turgan antiqa shaharning go‘zalligiga maftun edi. Yoshligidan fanga mehr, olimlarga ixlos qo‘ygan hamda ustozlari ishini davom ettirib, O‘rta Osiyo arxeologiya maktabiga asos solgan bu ajoyib inson o‘zining "Iz vospominaniy sredneaziatskogo arxeologa" (Toshkent, G‘.G‘ulom nashriyoti, 1976 y.) kitobi birinchi bobida o‘zining yoshligi, fan olamiga qay tariqa kirib kelganligi haqida hikoya qiladi. Biz esa olimning tavallud kuni yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan ushbu hikoyani sizning e’tiboringizga havola etishni niyat qildik.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit