Mavayeva Gulnora


1633

Tug‘ilgan sana: 1931 Iyul 31
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Raqqosa va balerina, O‘zbekiston xalq artisti Gulnora Mavayeva 1931 yilda tug‘ilgan. 1941 yilda Tamaraxonim nomidagi balet maktabini, 1951 yilda Moskvadagi katta teatr qoshidagi xoreografiya bilim yurtini, 1971 yilda Sankt-Peterburgdagi xoreografiya bilim yurtining pedagoglar kursini tugatgan bo‘lsa, 1945-1949 va 1951-1957 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatrida solistka bo‘lib ishladi.

Tarjimai hol

Gulnora Mavayeva opera teatrida ishlar ekan, ustoz san'atkor Mukarrama Turg‘unboyevadan o‘zbek raqs san'atining nozik sirlarini o‘rgandi, Usta Olim Komilov, Tamaraxonimlarning qimmatli maslahatlariga quloq soldi, Halima Nosirova va Saodat Qobulovalardan so‘z san'atining sehrini o‘rgandi. «Ular bilan safarda bo‘lish g‘oyat qiziqarli edi, — deb hikoya qiladi Gulnora Mavayeva. Menga o‘zbek qo‘shiqlaridagi har bir so‘zning asl ma'nosini erinmasdan tushuntirib berardilar. Bu esa so‘zga mos harakat topishimga yordam berardi. Ulardan men o‘zbek san'atini chinakam sevishni o‘rgandim».

Raqqosa opera teatri sahnasida Ovro‘pa, rus va o‘zbek baletlarida asosiy partiyalarni mohirona ijro etdi. Jahonning mumtoz durdonalari «Jizel», «Oqqush ko‘li», «Uyqudagi go‘zal», «Esmeralda» kabi asarlaridagi, shuningdek, «Boqchasaroy favvorasi», «Baxt qirg‘og‘i», «Momaqaldiroq izidan», «Maskarad» kabi spektakllardagi, «Oqbilak», «Gulandom», «Oynisa», «Kashmir afsonasi» kabi baletlardagi bosh partiyalar san'atkorni elga tanitdi va shuhrat keltirdi. Uning bu partiyalarni ixlos bilan ijro etishini ko‘rgan bastakor Georgiy Mushel o‘zining «Balerina» asarini unga atab yozgan edi.

Gulnora Mavayeva o‘zbek milliy raqslarini nozik va yoqimli tarzda ijro etgan iste'dodli raqqosa sifatida «Katta o‘yin», «Pilla», «Farg‘ona usuli», «SHo‘x qiz», «Zavqim kelur», «Uynasin», «Ey sarvi ravon», «Orazbon lazgisi» va boshqa raqslarni zalga manzur qilib ijro eta bildi. Raqqosa David Oystrax, Georg Ots, Dmitriy Bashkirov, Lyudmila Lyadova, Aram Xachaturyan, Rashid Beybutov kabi mashhur san'atkorlar bilan ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo‘lib, o‘zbek raqs san'atining nodir durdonalarini ko‘z-ko‘z qildi. 1953 yilda Buxarestda bo‘lib o‘tgan yoshlar va talabalar Jahon festivalining birinchi mukofoti va «Oltin medal»iga sazovor bo‘ldi.

Gulnora Mavayeva 1971 yildan pedagoglik sohasiga o‘tib, avval Toshkent xoreografiya bilim yurtida, 1974 yildan Toshkent Madaniyat institutida, Toshkent xoreografiya institutida Ovro‘po mumtoz raqslaridan saboq berib, Ma'mura Ergashevaga o‘xshash iste'dodli raqqosalarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit