Mendiboyev Bahrom


976

Tug‘ilgan sana: 1983 yil
Tug‘ilgan joyi: Nukus
Yo‘nalishlar: Sportchilar

Bahrom Mendiboyev - 1983 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida tug‘ilgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Bahrom Mendiboyevning sportdagi hayoti ham ko‘pchilik tengqurlarinikidan farq qilmaydi. Yoshligidan sportning muayayn turini, og‘ir atletikani tanladi. Darsdan so‘ng muntazam mashg‘ulotlarga qatnadi. Murabbiy o‘gitlarini qunt bilan o‘zlashtirishga harakat qildi. Doimiy mashg‘ulotlar asta-sekin shahar va keyinchalik Respublika miqyosidagi musobaqalar bilan almashib turdi. Bahrom o‘sha paytlardayoq o‘zining namunali xulqi, tirishqoqligi bilan boshqa yoshlardan ajralib turardi. Og‘ir atletikada esa bu juda muhim, ya’ni qat’iy intizom va tinimsiz mehnat muvaffaqiyatlar kalitidir. Shu tariqa Bahrom Mendiboyev mamlakat miqyosidagi musobaqalarda yaxshi natijalar ko‘rsatdi va uni Toshkent shahridagi ROZKga o‘qishga qabul qilishdi. Tabiiyki bu o‘zgarish sportchi uchun ayni muddao bo‘ldi. Asta-sekin Bahrom yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi tarkibida xalqaro maydonda ham o‘zini ko‘rsata boshladi. Koreya, Indoneziya, Tailand, Xitoy davlatlarida bo‘lib o‘tgan yirik turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egalladi. 20 yoshdan keyin Bahrom asosiy terma jamoaga qabul qilindi. Mendiboyev uzoq yillar davomida asosan 62 va 69 kg vazn toifalarida supachaga chiqadi. Aynan ushbu vazn toifalari esa dunyoda juda kuchli hisoblanadi. Chunki yengil va og‘ir vazn toifalariga nisbatan o‘rta vaznlarda bir xil imkoniyatga ega bo‘lgan sportchilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Bunday vaziyatda medallar uchun kurash olib borish ikki hissa qiyinroq bo‘ladi. Shunga qaramasdan Bahrom qariyb 10 yildan ziyod vaqt mobaynida xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lib keldi. Ayniqsa 2 marta jahon chempionatida Mendiboyevning chiqishlari horijlik mutaxassislarga ham manzur bo‘ldi. Kuchli hisoblangan “A” guruhida qayd etilgan polvonimiz o‘z natijalari bilan Olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishga munosib hissa qo‘shdi. Shundan keyin u London Olimpiadasida qatnashgan jamoa tarkibiga kiritildi. XXX Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin B.Mendiboyev terma jamoa murabbiyi sifatida faoliyat boshladi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit