Mirkarimova Qunduz


2208

Tug‘ilgan sana: 1928 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

O’zbek raqqosasi va baletmeysteri, raqslari nafis va jozibali, yoqimli va o’ziga xos, qaytarilmas xususiyatlari bilan alohida ajralib turadigan, xorijiy mamlakatlarda o’zbek raqs san’atining noyob durdonalarini namoyish etgan Qunduz Mirkarimova «O’zbekiston xalq artisti» va «Xalq artisti» unvonlari hamda Mukarrama Turg’unboeva mukofoti, «Do’stlik» ordeni sohibasidir.

Tarjimai hol

O’zbek raqqosasi va baletmeysteri Qunduz Mirkarimova 1928 yilda Toshkentda tug’ilgan. 1951 yilda Moskvada Katta teatr qoshidagi xoreografiya bilim yurtini tugatgan. 1943—1946 yillarda Yangiyo’l musiqali drama va komediya teatri, 1946—1948 yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatri, 1951—1973 yillarda M. Qoriyoqubov nomidagi O’zbek Davlat filarmoniyasi raqqosasi sifatida faoliyat ko’rsatib, «G’ayratli qiz», «Katta o’yin», «Xorazmcha raqs», «Uyg’urcha raqs», «Rohat», «Jonon», «Nay navosi», «Bahor tongi», «Tanovar», «Zang o’yin», «Pomir raqsi», «Dildor», «Gulruh», «Raqqosasidan», «Cho’li iroq», «Guldasta», «Tog’ raqsi», «Usmoni raqsi», «Gulnoz» kabi mumtoz, xalq va zamonaviy hamda qardosh xalqlar raqslarini katta mahorat bilan ijro etdi.

Shuningdek, maqom kuylariga tushgan raqslari bilan ham mashhurdirki, uning ijrosidagi raqslar nafis va jozibali, yoqimli va o’ziga xos, qaytarilmas xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi.
1979—1983 yillarda M.Turg’unboeva nomidagi «Bahor» o’zbek xalq raqs dastasiga badiiy rahbarlik qildi. Raqqosaning iste’dodi va salohiyati ana shu davrda yanada yorqinroq namoyon bo’ldi.

Raqsga tushish, raqsni sahnalashtirishning murakkab va nozik sir-asrorini ustozlari Mukarrama Turg’unboeva, Roziya Karimova, Gavhar Rahimova, Natalьya Gubskayalardan o’rganib, butun talanti va ijodiy kuch-qudratini ishga solib, ustozlari an’analarini davom ettirdi, ko’plab mumtoz, xalq va hozirgi zamon raqslarini sahnalashtirdi.

«Toshkent zangi», «Qo’qoncha doira raqsi», «Yor istab», «Tanovar-1, 2, 3», «Yangi tanovar», «Toshkent tanovari», «Farg’ona tanovari», «Namangan tanovari», «Qo’qon tanovari», «Adolat tanovari», «Eysarviravon» (maqom), «O’rik gullaganda», «O’zbekiston qizlari», «Navro’z raqsi», «O’zbek miniatyuralari», «Xamsa raqsi» (Zebunniso, Uvaysiy, Nodira, Dilshod, Zulfiya), «Xotira», «Ona qalbi» (kompozitsiya), «Barigal» (kompozitsiya), «Salom ayting», «Katta buxorcha», «Bisyor», «Olmacha anor», «So’zana», «Palak», «Paxta», M.Turg’unboevaga bag’ishlangan raqslar shular jumlasidandir.

Shuningdek, «Safti munojot», «Nasir segoh», «Siraxiroj», «Dilxiroj», «Ko’za raqsi» va arab, tunis, yapon, turk, koreyscha yakka raqslarni ham muvaffaqiyat bilan sahnalashtirdi.
Q.Mirkarimova Xitoy, Iroq, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya, Frantsiya, Italiya, Angola, Malьta, Gvineya, Mozambik, Tunis, Shimoliy Koreya, Olmoniya, Avstriya, Polьsha, Bolgariya, Chexoslavakiya, Vengriya, Yugoslaviya, Ruminiya, Laos, Meksika, Ispaniya, Argentina, Kanada, Kuba, Gretsiya, Angliya, Shotlandiya, Braziliya, Vьetnam kabi xorijiy mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo’lib, o’zbek raqs san’atining noyob durdonalarini namoyish etdi.

1964 yildan Toshkent xoreografiya bilim yurtida pedagoglik qilib, qator iste’dodli shogirdlar yetishtirdi.

O’zbekiston xalq artistlari O’g’iloy Muhamedova, Sveta Tursunova, Gavhar Aminova, Dilafro’z Jabborova, Qizlarxon Do’stmuhammedova, Malika Ahmedova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar Gulchehra Jo’raeva, Zulayho Asomova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Yulduz Ismatova, Tojikistondagi «Zebo» ansamblining tashkilotchisi Zebo Aminzoda va boshqalar Q. Mirkarimovani o’zlarining ustozlari deb biladilar.

Qunduz Mirkarimova «O’zbekiston xalq artisti» (1966). va «Xalq artisti» (1984) unvonlari hamda Mukarrama Turg’unboeva mukofoti (1994) sohibasidir.

U 1997 yilda «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit