Mirsaidov Mirmuhsin


908

Tug‘ilgan sana: 1921 May 3
Vafot etgan sana: 2005 Fevral 3
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar, Shoirlar

Mirmuhsin (Mirsaidov) adib, shoir, dostonnavis, romannavis hikoyanavis, qissanavis, bolalar shoiri, jurnalist adib sifatida mashhurdir. U 1974 yilda «Umid» romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ayni chog‘da u Respublika xalq maorifi a’lochisi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi hamdir. Mirmuhsin sermahsul ijodi uchun «El-yurt hurmati» ordeniga sazovor bo‘lgan.

Tarjimai hol

O‘zbek she’riyati va nasrining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri, sermahsul ijodkor Mirmuhsin (Mirsaidov) 1921 yil 3 mayda Toshkentning Qo‘rg‘ontepa mahallasida kulol oilasida dunyoga kelgan. Maktabni bitirib, Toshkent Davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi.

O‘qishni tugatib (1941), maktab va maorif ishlarida, respublikadagi yetakchi gazeta va jurnallarda, radioda mas’ul vazifalarda xizmat qildi. Xususan, «Sharq yulduzi» jurnalida yigirma yil, «Mushtum» jurnalida esa qariyb o‘n yil bosh muharrir bo‘lib ishladi.

Adibning ijodi 30-yillardan boshlangan bo‘lib, dastlab «Sheralining mardligi», «Ovchi bolalar» (1936) kabi she’r va hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. Uning 1939 yilda yaratilgan «Kamar» nomli dostoni keyinchalik yirik epik janrga o‘tishida ko‘prik rolini o‘ynagan.

Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillarda Mirmuhsin ijodi tobora ko‘pqirrali va unumli bo‘lib bordi. U urush yillarida o‘zbek xalqining mehnat va jang maydonlaridagi qahramonligini tasvirlovchi she’rlar yaratdi. Uning «Er yurak», «Vatan» (1942) to‘plamlari bu jihatdan xarakterlidir.

Mirmuhsin dostonnavis sifatida ham tanildi. Uning «Usta G‘iyos», «Do‘nan» (1947), «Yashil qishloq», «Qadrdonlar» (1954), «Shiroq» va «Nevara» kabi bir qator dostonlari chop etildi. Bu dostonlarda zamondoshlar obrazi yaratilib, ularga xos mehnatsevarlik, vatanparvarlik va ma’naviy butunlik kabi fazilatlar ulug‘lanadi. Doston janrida katta tajriba orttirgan shoir 1958 yilda «Ziyod va Adiba» she’riy romanini yaratdi. Xuddi shu davrdan boshlab adib nasriy janrlarga ham moyillik bildiradi. Uning «Dorbozlar» (1956), «Jamila» (1957), «Hikoyalar» (1959), «Qizil durralar» (1961), «Sozanda» (1963) kabi nasriy kitoblari nashr etildi. Uning birin-ketin yaratilgan «Oq marmar» (1958), «Cho‘ri» (1959), «Tungi chaqmoqlar» kabi qissalari esa adibning yetuk shoirgina emas, mohir nosir ham ekanligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, adibning arab dunyosiga bag‘ishlangan turkum hikoya va qissalari o‘zining nasriy iste’dodi katta imkoniyatga ega ekanligidan darak berdi. Mirmuhsin keyinchalik xalqaro mavzuda «Chodrali ayol» qissasini ham yaratdi.

Mirmuhsin mohir romannavis sifatida samarali ijod qildi. Uning tarixiy mavzuda yaratilgan «Me’mor» (1974), «Temur Malik», «Turon malikasi» (1997) kabi ajoyib epik polotnolari adabiy jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan. «Umid» (1969), «Chiniqish» (1970), «Degrez o‘g‘li» (1972), «Chotqol yo‘lbarsi», «Ildizlar va yaproqlar», «Ilon o‘chi» (1995) singari romanlari zamon va zamondoshlar hayotidan hikoya qiladi. Adibning, ayniqsa «Umid» romani o‘z davrida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan. Unda yoshlar taqdiri, baxti va fojiasi o‘zining realistik ifodasini topgan.

U 1974 yilda «Umid» romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ayni chog‘da u Respublika xalq maorifi a’lochisi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi hamdir. Mirmuhsin sermahsul ijodi uchun «El-yurt hurmati» ordeniga sazovor bo‘lgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit