Mirzo Abdulqodir Bedil


4646

Tug‘ilgan sana: 1644 yil
Vafot etgan sana: 1721 Dekabr 5
Tug‘ilgan joyi: Hindiston
Yo‘nalishlar: O`rta asr arboblari, Faylasuflar, Shoirlar

Sharqning ulkan va zabardast shoirlari sirasidan munosib o‘rin egallagan Mirzo Bedil fors-tojik adabiyotida mumtoz adib, jamiyatshunos va tabiatshunos, faylasuf olim sifatida shuhrat qozongan mutafakkirdir. Mirzo Bedil o‘zining serqirra poetik ijodi bilan Hindiston, Afg‘oniston va O‘rta Osiyo xalqlari ijtimoiy-siyosiy va badiiy tafakkuri tarixida muhim rol o‘ynagan.

Tarjimai hol

Mirzo Abdulqodir Hindistonda Bangoliyaning Azimobod shahrida 1644 yilda harbiy xizmatchi oilasida dunyoga kelgan.

Mirzo Bedil quntli, tirishqoq, mehnatsevar, qobiliyatli va iste’dodli bo‘lganidan yoshligidanoq arab tilida mashhur “Qofiya” kitobini yaxshi o‘zlashtirib olgan va fors-tojik adabiy tilini mukammal bilgan. U ziyrak va tiyrak bola yoshligidanoq ilmu fanga katta qiziqish zohir etadi, u besh yarim yoshida maktabga boradi va yetti yoshidayoq savod chiqaradi. Uning ota-bobolari O‘rta Osiyolik bo‘lib, Shahrisabz o‘zbeklaridan edilar.

Abdulqodir otadan bir yarim yoshida yetim qolib, o‘z mehribon onasi va amakilari Mirzo Qalandar va Mirzo Zarif tarbiyasida mustaqil ravishda o‘z ustida ishlaydi, bilimini kengaytirib, o‘stirib, yuksaltirib, boyitib boradi. U yoshligidan turli fanlarga qiziqqan. Shayx Kamol, shoh Fozil va Mirzo Abulqosim kabi olimlardan ta’lim olgan.

Hindiston bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, 1685 yildan umrining oxirigacha Dehlida yashagan. Fors tilida ijod qilgan. Arab, fors, hind, urdu tillarini mukammal bilgan, sharq xalqlari adabiyotini, tasavvuf va yunon falsafasini, ayniqsa Aristotel falsafasini atroflicha o‘rgangan.

Mirzo Bedil o‘z asarlarida shohlarni maqtamadi, shaxzodalar sha’niga she’r aytmadi, balki u dehqonchilik va dehqonlar haqida, kasb ham kosiblar haqida hurmat va ehtirom bilan she’rlar to‘qidi, g‘azallar yozdi. Mirzo Bedil “g‘ayb” masalalari, diniy aqida-aqoidlar haqida emas, balki real jamiyatga oid masalalar haqida o‘yladi.

Manbalarda berilishicha, Bedil hazratlari 130 ming misradan ortiq she’riy, ellik bosma taboq hajmda nasriy meros qoldirgan. Shoirning asosiy she’riy asarlari jamlangan “Qulliyot”i, shuningdek, “Tilsimi hayrat”, “Tarkibot va tarje’ot”, “Muhiti a’zam”, “Turi ma’rifat”, “Ishorat va hikoyot”, “Riqa’ot”, “Chor unsur”, “Irfon”, “Nukot”, “G‘azaliyot”, “Ruboiyot” kabi nazmiy va nasriy asarlari mavjud.

Eng dolzarb janr hisoblangan ruboiylar yozishda ham Mirzo Bedil katta mehnat qildi. Uning 3861 ruboiy yozib qoldirganini aytadilar. Bedil Dehlida o‘ttiz yil yashaydi, shu davr mobaynida sermahsul va sermazmun ijod qiladi, adabiy va falsafiy asarlar yaratadi, o‘z asarlarini “Qulliyot”ga to‘plab, o‘zi ko‘chiradi hamda o‘tkir zehn va idrokining ajoyib mahsulotini xalqqa tortiq qiladi.

Mirzo Abdulqodir Bedil 1721 yil 5 dekabrda dunyodan ko‘z yumadi va Hindiston xalqlarining odatiga ko‘ra, buyuk siymo sifatida tanilgani tufayli o‘z uyiga dafn etiladi.

2009 yilda Mirzo Bedil tavalludiga 365 yil to‘ldi. Bu tantanani Sharq xalqlari qatorida o‘zbek xalqi va adabiyot ahli ham munosib nishonladilar.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit