Mirzo G'olib


11741

Tug‘ilgan sana: 1797 Dekabr 27
Vafot etgan sana: 1869 Fevral 15
Tug‘ilgan joyi: Hindiston
Yo‘nalishlar: O`rta asr arboblari, Shoirlar

O'zining beqiyos ijodi bilan urdu adabiy tiliga asos solgan va hind she'riyatining mumtoz davrini yakunlagan, ham Pokiston, ham Hindistonning faxru g'ururiga, har ikki millatning timsoliga aylanib ketgan otashnafas shoir Mirzo Asadulloxon G'olib asli turkistonlik - o'zbeklarning oybek urug'idandir.

Таржимаи ҳол

Uning bobosi Mirzo Qo'qonbek Samarqand amirzodalaridan bo'lgan otasi Tursunxon bilan arazlashib, XVII asr o'rtalarida Hindistonga borib qoladi. Mirzo G'olib ana shu kishining o'g'li Abdullabek va Buxorodan Hindistonga kelib qolgan Xoja G'ulom Husaynning qizi Izzatunnisodan Agra shahrida tug'iladi. Ma'lum bo'ladiki, hind zaminida tug'ilgan bo'lishiga qaramay, Mirzo G'olib ota tomonidan - samarqandlik, ona tomonidan esa - buxorolik.

Binobarin, uni nafaqat hind va urdu, balki o'zbek xalqining ham shoiri deyishga haqlimiz. Ma'lumki, Hindistonda yashab ijod etgan mashhur fors-tojik shoiri Xusrav Dehlaviyning kelib chiqishi ham asli Shahrisabzdan bo'lib, o'zbeklarning lotin urug'idan edi. Shuni nazarda tutib, Mirzo G'olibga zamondosh bo'lgan shoir Nayyar yozgan edi: "Hindistonda fors she'riyati lotin urug'idan bo'lgan turkdan boshlanib, oybek urug'idan bo'lgan turkda nihoyasiga yetdi".

Mirzo G'olib nazm bilan birga nasrda ham qalam tebratgan. Uning "Dastanbu", "Mehri nimro'z", "Panji ohang" kabi asarlari urdu adabiyotining noyob durdonalari hisoblanadi. Mirzo G'olib Soib Tabriziy, Mirzo Bedil kabi buyuk salaflariga ergashib, sabki hindiy - hind uslubida ijod qilgan. Bu uslubda yozilgan she'rlarning badiiy jihatdan pishiq, mazmunan teranligi - bir necha ma'no qatlamiga egaligi ma'lum.

Shuning uchun ham ularni tushuntirish uchun qator-qator sharh kitoblari yaratilgan Shuning uchun ham ularni boshqa tillarga tarjima qilish qiyin. G'olibni suxanvarlik bo'stonining bulbuli va ma'no shakkaristonining to'tisi, deb lutf etadilar. Urdu munaqqidi Abdurahmon Bijpuriyning yozishicha, Hindistonda eng o'qimishli kitoblar bu - muqaddas "Veda" va Mirzo G'olibning devoni hisoblanadi.

XX asrda Mirzo G'olibning shuhrati butun dunyoga yoyildi. Bugungi kunda shoir asarlari nashr etilmagan, uning nomini bilmaydigan xalqlar juda oz. Dehli, Aligarh, Haydarobod, Lohur va Karachi shaharlari bu zabardast so'z san'atkori ijodini o'rganishda yirik markazlar bo'lib kelmoqda.

Hindiston hukumati, shaxsan Indra Gandi tashabbusi bilan Dehlida tashkil etilgan G'olib uyi va G'olib akademiyasidagi kitob javonlari jahonning turli mamlakatlarida chop etilgan shoir haqidagi risolalar va asarlarining turli tillardagi tarjimalari bilan to'la. O'zbek tilida Mirzo G'olibning "Shaydo" (1965) va "G'azallar" (1975) to'plamlari nashr etilgan. Shoirshe'rlarini urdu va fors tillaridan Yong'in Mirzo, Rahmonberdi Muhammadjonov, Mirtemir, Vasfiy, Chustiy, Shoislom Shomuhamedov, Sulton Qo'qonbekov, Hamid G'ulom, Po'lat Mo'minlar tarjima qilishgan.

G'AZALLAR

Desam, G'olib, yerim - pok hoki Turon,
Asil zotim bilan bag'rim farahmand.

O`zim turkzodayu naslim-da turkzod,
Buyuklar qavmi birla asli payvand.

Urug' bo'lmish menga oybeklar aslan,
Kamolan oyga nisbat, balki o'nchand.

Otam kasbin desam dehqonchilikdir,
Bobom bo'lmish zamindori Samarqand.

Uzim haq fayziga shogird erurman,
Erurman fozil insonlarga farzand.

Yonishda hamnafasman barq ila men,
Saxovatda bulutlar birla monand.

G'amu anduxki bor, shodman alardin,
Farah, baxt yo`q-ki anga dog'i xursand.

Hama heshlarki o'tmish, yig'lagaymen,
Tiriklikdan kularman bo'yla xushxand.

***
Egam, ismingni aytmoq, jur'atin bergil zabonimga,
Ko'ngil - xomush sadaf, dur jilvasin bergil bayonimga.

Tarahhum ayla mendek bedilu mahzunga, lutf etgil,
Charog'i subh ber shomimga, gul faslin hazonimga.

Qilib nazzora jonimni olursan, ey pari paykar,
Kuyarsan dastu poyingga hino oluda qonimga.

Ko'rib ko'zguda ruhing aksini u chashmi mashshota
Bo'libdir xunfishon, bersin to'zim bu xasta jonimga.

Qilarkan tunda bulbul nola, tong uyqudan uyg'ongay,
Umidim tongi uyg'onmas nechun betin fig'onimga.

Kamina takribu sidqin sinab ko'rmoqqa rahm aylab,
Yubording ming tuman ranju mashaqqat imtihonimga.

Jamolingdan saboh ravshan, guliston bo'yla zevardir,
Asadga tor qafas qurding, nazar sol bu makonimga.

RUBOIYLAR

***
Har pardani, G'olib, o'z navosi bordir,
Har go'shani o'z fayzu safosi bordir.
Pok ayladi jismimni jahon tashvishidan -
Bangolani xush obu havosi bordir.

***

Umrim bo'yi taqdir qo'lida xor bo'ldim,
Umrim bo'yi omadga umidvor bo'ldim.
Sarmoya yo'g'-u, foyda xayolin qildim,
Bir va'da yo'g'-u, ko'yida ko'p zor bo'ldim.

***
Men rozi emasman bersalar jannatni,
Haq dargohidan turli-tuman ne'matni.
Jon qayta tanamga kirsa, sarf etgay edim
Bir ko'rgali seni, bu buyuk davlatni!

***

Yo Rab, jahon ahliga dili xurram ber!
Jannat tilaganga otashini ham ber!
Shaddod* xafa o'tdi sendan ko'rmay o'g'il,
Odam mulkin qavmiga qilmay kam ber

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit