Muhammadjonov Zikir


1770

Tug‘ilgan sana: 1921 Yanvar 1
Vafot etgan sana: 2012 Avgust 23
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Aktyorlar

Teatr va kino aktyori Zikir Muhammadjonov 1921 yilda Toshkentda tug'ilgan. 1951 yilda ishdan ajralmagan holda A. N. Ostrovskiy nomidagi (hozirgi Mannon Uyg'ur nomidagi Toshkent Davlat san'at) Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutini tugatgan.

Zikir Muhammadjonov 1938 yildan beri Hamza nomidagi O'zbek Davlat akademik drama teatrida aktyor sifatida faoliyat ko'rsatib kelmoqda. M. Shayxzodaning "Jaloliddin" spektaklidagi Temur Malik Z. Muhammadjonovning teatrdagi birinchi roli bo'ldi. Shundan beri u Hamza teatrida sahnalashtirilgan juda ko'plab sahna asarlarida bosh rollarni ijro etdi.

Ferdinand (F. Shiller "Makr va muhabbat"), Benvalio (V. Shekspir "Romeo va Juletta"), Gorasio (V. Shekspir "Hamlet"), Dehqonboy (A. Qahhor "Shohi so'zana"), Furqat (B. Avezov, T. Xo'jaev "Furqat"), Abdulatif (M. Shayxzoda "Mirzo Ulug'bek"), Orif (I. Sulton "Imon"), Sintaro (M. Qaoru "O'g'irlangan
umr"), Samandar (A. Muxtor "Samandar"), Beruniy (Uyg'un "Abu Rayhon Beruniy"), Shokir aka (U. Umarbekov "Kuzning birinchi kuni") va boshqa obrazlar Z. Muhammadjonovning teatr san'atidagi ko'p yillik samarali ijodiy mehnatining mahsulidir.

Abu Rayhon BeruniyMirzo Ulug'bekAlisher Navoiy, Husayn Bayqaro kabi buyuk tarixiy shaxslarning obrazini yaratish aktyor ijodida alohida o'rin tutadiki, turli davrlarda yashagan, turli dunyoqarashga ega bo'lgan Furqat va Hamza, Y. Oxunboboev va general S. Rahimov obrazlarini yaratish, V. Shekspir, F. Shiller asarlaridagi bosh rollarni ijro etish Z. Muhammadjonovning katta salohiyat va iqtidorga ega bo'lgan aktyorligining yorqin dalilidir.

"Navoiy, Ulug'bek, Beruniy, Furqat kabi el sevgan insonlar siymolarini teatrda, kinoda yaratish baxtiga muyassar bo'lganimdan faxrlanaman, -deydi Z. Muhammadjonov.-Ayniqsa, Navoiy obrazi meni ko'proq maftun qilgan. Qalb qo'rimni, yurak taftimni berib ishlaganman, bu rol ustida".

Z.Muhammadjonov o'zbek sahnasida Shukur Burhonovdan keyin taniqli davlat arboblari obrazini gavdalantirishga kirishgan aktyor bo'lib, u o'z uslubi, o'z yo'nalishi, o'z aktyorlik iqtidoriga tayangan holda bu obrazlarni aniq, yorqin va hayotiy tarzda katta muvaffaqiyat bilan ijro etgan.

Dunyoqarashi chuqur, qiziqish doirasi keng, o'zbek san'atida o'z o'rni va ovoziga ega bo'lgan Z. Muhammadjonov uzok yillardan beri kino san'atida ham faol ishtirok etib, Maqsud (I. Sulton, Z. Sobitov, "Fidoiy"), Professor Karimov (H. Fayziev "Koinot yurtining siri"), Sobir Rahimov (K. Yashin, Z. Sobitov "General Rahimov"), Bahrom (A. Hamraev "Dilorom"), Ahmedov (U. Nazarov "Qo'qonda bo'lgan hodisa") kabi esda qolarli obrazlarni yaratdi.

"O'zbekfilm" kinostudiyasida dublyaj qilingan talay filmlarga ovoz berdi. So'nggi yillarda o'zbek televideniesida taniqli o'zbek yozuvchilarining asarlari asosida o'nlab mashhur videofilmlar dunyoga keldiki, ularning ko'pchiligida Z. Muhammadjonov bosh rollarni ijro etdi.

"Navoiy" videofilmidagi Husayn Boyqaro, "Ulug'bek xazinasi"dagi Mirzo Ulug'bek, "Imon"dagi professor Komilov, "Bobur"da Xondamir va boshqa obrazlar hayotiyligi, katta jozibasi, ishontirish kuchining zo'rligi jihatidan alohida diqqatga sazovordir. Respublika radiosida tayyorlangan radiospektakl va radiopostanovkalarning ko'pchiligida ham san'atkor asosiy rollarni ijro etdi.

Z. Muhammadjonov uzoq yillardan beri o'zbek teatr va kino san'atining muhim nazariy va amaliy muammolarini matbuotda dadil ko'tarib chiqmoqda. "Teatr va rejissyor", "Teatr va aktyor", "Teatr va zamonaviylik" mavzusida, Abror Hidoyatov, Obid Jalilov, H. Latipov, M. Qorieva, M. Uyg'ur va boshqa
taniqli san'atkorlar to'g'risida maqolalar yozib, televidenie va radio orqali beriladigan teatr va kino ko'rsatuvlari hamda eshittirishlarida faol qatnashib, o'zbek teatr va kino san'ati ravnaqiga ham amaliy, ham nazariy jihatdan o'z hissasini qo'shib kelmoqda.

Z. Muhammadjonov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, O'zbekiston teatr jamiyatiga rahbarlik qilgan.
Taniqli o'zbek teatr va kino aktyori Z. Muhammadjonovning serqirra va sermazmun ijodiy faoliyati "O'zbekiston xalq artisti", "Xalq artisti" (1977) faxriy unvonlari, Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Z. Muhammadjonov O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan 1998 yilda "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit