Musoxon Dahbediy Mudjadiddi


636

Vafot etgan sana: 1779 yil
Tug‘ilgan joyi: Movarounaxr
Yo‘nalishlar: Faylasuflar

O‘zbekiston xalqlari ma’naviy merosi qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, uni birlamchi manbalar asosida har tomonlama mukammal o‘rganish dolzarb muammolar qatorida turadi. Zero, uzoq moziydan boshlab mutafakkir olimlar tomonidan yaratilgan va bizgacha yetib kelgan yozma meros hozirgi tadqiqotlar uchun muhim ilmiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumki, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida Amir Temur va Temuriylar sulolasi hukmronligi yillari mamlakatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy taraqqiyot davri bo‘lgan. Bu davrda yashagan olimlardan fanning turli sohalariga oid qimatli asarlar qolgan. Bu asarlar keyingi asrlarda ham ahamiyatini yo‘qotmasdan olimlarga yangi-yangi kitoblar ta’lif qilishlari uchun qimmatli manba sifatida qo‘llanma bo‘lib kelgan. Jumladan, temuriylar davrida yozilgan tasavvufiy asarlar keyingi asrlarda tasavvufiy bilmlar rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etgan. Shuning uchun XVIII asrda yozilgan ko‘pgina manbalarda ham temuriylar davrida yaratilgan tasavvufiy asarlar qayd etilgan.

Biz misol tarzida keltirmoqchi bo‘lgan shayxlarning yana biri Naqshbandiya-mujaddidiya tariqatining XVIII asrdagi yirik vakili hamda ushbu tariqatning asosiy qoidalarini, nazariyalarini bir qator ilmiy asarlarida ta’lif qilgan shayx Musoxon Dahbediydir.

Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati XVII asrniing oxirlarida Ahmad Sirhindiyning uchinchi o‘g‘li va xalifasi Muhammad Ma’sum Sirhindiyning (vaf. 1079/1668 y.) muridi hoji Habibulloh Buxoriy (vaf. 1111/1699-1700 y.) vositasida Movarounnahrga kirib keldi va rivojlandi(1). Bu shayx Eshon Hoji laqabi bilan ham mashhur bo‘lgan. Mir Husayn ibn Amir Haydar «Maxozin at-taqvo» («Taqvo xazinalari») asarida Hoji Habibullohni hijriy XII asrning mujaddidi deb ataydi(2).Hoji Habibullohning xalifalaridan Xalifa Navro‘z(3), So‘fi Ollohyor (vaf.1720y.) va Muhammad Obid (vaf. 1160/1747y.) kabi shayxlar XVIII asrning birinchi yarmida Buxoro xonligi hududida naqshbandiya-mujaddidiya tariqati ta’limotini keng targ‘ib qilganlar. So‘fi Ollohyor fiqh, aqoid hamda tasavvufiy axloq-odob masalalarini bayon etuvchi «Maslak al-muttaqin» («Taqvodorlar yo‘li»), «Sabot al-ojizin» («Ojizlar saboti»), «Murod al-oshiqin» («Oshiqlar murodi») va «Maxzan al-muti’in» («Itoatlilar xazinasi») nomli asarlar ham yozgan(4).

XVIII asrning o‘rtalariga kelib Movarounnahrda mujaddidiya shayxlaridan Muhammad Obidning xalifasi Musoxon Dahbediy (vaf. 1190/1776 y.) va So‘fi Ollohyorning xalifasi Jon Muhammad Ko‘lobiylar(5) (vaf. 1174/1760 y.) naqshbandiya-mujaddidiya ta’limotini davom ettirdilar. Muhammad Obid ayni vaqtda bir qator asarlar muallifi va tariqat shayxi Mirza Mazhar - Joni Jononning (vaf. 1195/1781 y.) ham murshidi bo‘ladi(6).

Musoxon Dahbediy XVIII asrning ikkinchi yarmida Movarounnahrdagi ma’naviy hayotda sezilarli o‘rin tutgan shayxdir. Tasavvufga oid «Ashraf al-Xoliq» («Yaratuvchining eng sharafli (bandasi)»)(7), «Tazkirai kasir al-favoid» («Ko‘p foydalar yodnomasi»)(8), «Durar al-asror va masnad al-abror» («Sir durlari va yaxshilar masnadi»)(9), «Durr al-maknun» («Yashirin dur»)(10), «Muxtasar dar tasavvuf» («Tasavvuf bobida ixcham risola»)(11), «Maxzan at-taarruf» («Ma’rifat xazinasi»), «Ayn al-maoniy» («Ma’nolar bulog‘i»), «Navodir al-maorif» («Nodir ma’rifatlar») kabi asarlar uning qalamiga mansub.

Musoxon Dahbediyning xalifasi Mirza Mazhar (Joni Jonon) ham tasavvufga oid «Devoni Mazhar», «Risola dar bayoni latoifi ashara» («O‘nta latoif bayoni risolasi») nomli asarlar yozib qoldirgani ma’lum.

Bu kabi asarlarning aksariyati XVIII asrning 70-yillaridan so‘ng yozilgani e’tiborga olinadigan bo‘lsa, u holda shu asrning so‘nggi choragida Movarounnahrda tasavvuf, xususan, naqshbandiya-mujaddidiya ta’limoti ancha izchil rivojlangani ma’lum bo‘ladi.

Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar ro‘yxati.

1.Kyugelgen A.f. Rastsvet Nakshbandiya-mujaddiddiya … - S. 290.

2.Mir Husayn ibn Amir Haydar. Maxozin at-taqvo.- O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №51. - 10b varaq.

3.Sayyid Habibulloh ibn Sayyid Yahyoxon. Hadiyyat at-tolibin. Sharhi «Sabot al-ojizin». - B. 9.

4.Mir Husayn ibn Amir Haydar. Maxozin at-taqvo. - 16-33b varaqlar.

5.Musoxon Dahbediy. Zubdat al-haqoiq. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №411. - 4a varaq.

6.Musoxon Dahbediy. Ashraf al-Xoliq. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №541/XI.

7.Musoxon Dahbediy. Tazkirai kasir al-favoid. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №10171.

8.Musoxon Dahbediy. Durar al-asror va masnad al-abror. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №10602.

9.Musoxon Dahbediy. Muxtasar dar tasavvuf. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №6132/VI.

10.Habibulloh (Shamsuddin) Joni Jonon. Devoni Mazhar. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №924; Shu muallif. Risola dar bayoni latoifi ashara. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi, №1498.

                                                                                                                                   Mas’udxon Ismoilov 

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit