Muxammad Begaliyev


1023

Tug‘ilgan sana: 1992 yil
Tug‘ilgan joyi: Samarqand
Yo‘nalishlar: Sportchilar

MUHAMMAD BEGALIYEV - 1992 yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Yoshgina Muhammadning alohida qobiliyati juda erta namoyon bo‘lgan edi. Samarqand shahridagi temir yo‘l vokzali yonida joylashgan og‘ir atletika zaliga qatnay boshlaganida u endigia 7 yoshga to‘lgan edi. Bolakayning harakatlari yosh mutaxassis G‘ayrat Tolibovning e’tiborini tortdi. Qisqa vaqt ichida Muhammad yoshiga nisbatan anchagina og‘ir bo‘lgan toshlarni ham ko‘tarishning uddasidan chiqa boshladi. Buning ustiga yosh sportchining o‘ziga xos, chiroyli texnikasi ham kelajagi porloq sportchi voyaga yetayotganligidan darak berardi. Eng muhimi Muhammad o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Avvaliga yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda yuqori natijalar ko‘rsata boshladi. Muayyan yosh toifalarida juda ko‘p bor qit’a birinchiliklari g‘olibi bo‘ldi, Osiyo rekordlarini yangiladi. Bu vaqtga kelib sportchimiz poytaxtdagi ROZKda mahoratini oshirishga ham ulgurdi. Muhammad Begaliyev yoshlar o‘rtasidagi eng yuqori natijani 2008 yil Tailandda qayd etgan. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida ilk bor tashkil etilgan jahon birinchiligining kumush medali sohibi sifatida o‘zbekistonlik Muhammad Begaliyev og‘ir atletika tarixidan o‘rin oldi. Tabiiyki u asosiy terma jamoamiz tarkibiga ham juda erta, 18 yoshidayoq qabul qilindi. So‘nggi ikki yil ichida jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Aniqroq qilib aytganda, 69 kg vazn toifasida kuchlilar guruhida ishtirok etdi. Keyinchalik asta-sekin shaxsiy vazni ortib borgan Muhammad bir necha yil davomida eng yirik xalqaro musobaqalarda, jahon va Osiyo chempionatlarida tarkibdan o‘rin oldi. Ayni paytda u 85 kg vazn toifasida terma jamoamiz a’zosi hisoblanadi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit