Nazarov Uchqun Igamberdiyevich


709

Tug‘ilgan sana: 1934 yil
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Aktyorlar, Rejissyorlar, Yozuvchilar

Yozuvchi, kinodramaturg, kinorejissyor, kinostsenarist Uchqun Nazarov - ko‘p qirrali ijod sohibi. Uning «Oyna» dramasi Hamza nomli (hozirgi O‘zbek milliy) akademik drama teatrida muallif tomonidan sahnalashtirilgan. Uchqun Nazarovga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan.

Tarjimai hol

Uchqun Nazarov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist hamdir. Uchqun Nazarov - ko‘p qirrali ijod sohibi. U yozuvchi, kinodramaturg, kinorejissyor bo‘lib, 1934 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik bo‘limida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini Qo‘qon shahridagi Hamza nomli drama teatrining bosh rejissyori sifatida boshlab, keyin kinorejissura bilan shug‘ullangan.

Ijodkor qaysi janrda, qanday mavzuda asar yozmasin, hamisha insoniylikni ulug‘lashga, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat va sadoqatni ehtiyot qilishga, o‘zaro bir-biriga muruvvatli, shafqatli bo‘lishga chorlab keladi. Uning «Yong‘in» nomli qissa va hikoyalardan tarkib topgan kitobi (1996) axloqiy-ma’naviy muammolarni yana ham o‘tkir, yana ham keskin qo‘yganligi bilan alohida ajralib turadi.

Adib ijodining boshlanishi 60-yillarga to‘g‘ri keladi. U dastlab «Odamlar» (1961) hikoyasi bilan kitobxonlarga tanilgan. Ulkan adib Abdulla Qahhor o‘sha yillarda O‘lmas Umarbekovning «Boboyong‘oq» hikoyasi bilan Uchqun Nazarovning mazkur hikoyasini yoshlarning eng yaxshi asarlari qatoriga qo‘shgan edi.

Shundan buyon U.Nazarovning «G‘urur» (1965), «Jur’at» (1977), «Sadoqat» (1965) nomli hikoya va qissalardan iborat to‘plamlari chop etildi. Uning so‘nggi yirik asari - «Chayon yili» romani ham o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi.

Uchqun Nazarov bir qancha sahna asarlari ham yaratgan bo‘lib, uning «Oyna» dramasi (1977) Hamza nomli (hozirgi Uzbek milliy) akademik drama teatrida muallif tomonidan sahnalashtirilgan.

U kinorejissyor, kinostsenarist sifatida ham barakali ijod qilib kelmoqda. Uning «Surayyo», «Qiz va yigit», «Shiddat», «Alangali sohil» kabi badiiy filmlari tomoshabinlar e’tiborini qozongan. Unga 1977 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist hamdir.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit