Nazarxon Sevara Anvarjonovna


1573

Tug‘ilgan sana: 1976 Dekabr 23
Tug‘ilgan joyi: Andijon
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar

Sevara Nazarxon oʻzbek qoʻshiqchisi, aktrisa, musiqachi va qoʻshiqlar muallifi. Andijon viloyati Asaka shahrida dunyoga kelgan.

Shou-biznesdagi ilk faoliyatini taniqli produser va musiqachi Mansur Toshmatov boshchiligidagi Sideris guruhida boshlagan. Toʻrt qizdan iborat guruh tezda tanilgan, ammo u yakkaxon qoʻshiqchi sifatida koʻproq muvaffaqiyat qozondi.

Oʻzbek estradasida Sevara Nazarxon nomi 1999 yilda kirib keldi. Muhammad Yusuf sheʼriga bastalangan "Yur muhabbat" qoʻshigʻi unga omad olib keldi. 2000 yildagi ilk "Ko'rgim kelar" albomidan joy olgan qoʻshiqlari hamon katta ahamiyatga ega. 2001 yil boshidagi "Tushim" va "Unutgin" qoʻshiqlariga ishlangan kliplari oʻzining zamonaviyligi bilan barchaning diqqatini tortdi. Setora guruhi bilan kuylangan "Dugona", Abdulaziz Karim bilan kuylangan "Yagonam oʻzing" qoʻshiqlari haqiqiy mashxurlik keltirdi. 2000 yil sentabr oyida birinchi marta "Nihol" Davlat mukofotiga Tohir Sodiqov, Dilfuza Rahimova, Setora guruhi qatorida sazovor boʻlib, tantanali marosimda "Millatlar" qoʻshigʻini ijro etdi. 2001 yil 31 avgust kuni Mustaqillik maydonida boʻlib oʻtgan Istiqlolning 10 yillik tantanalarida Muhammad Yusuf qalamiga mansub "Ulug'imsan Vatanim" qoʻshigʻini ijto etib, haqiqiy isteʼdodini namoyon etdi. 2002 yilda ijro etilgan "Vatan bu" kompozisiyasi ham olqishlarga sazovor boʻldi. Sevara Nazarxon 2000 yildan boshlab Lоndondagi Universal Music studiyasi hamda dunyoga mashxur xonanda va produser Piter Gabriel bilan hamkorlik qilib kelmoqda. 2003 yildan boshlab xalq qoʻshiqlarini pop-folks yoʻnalishida ijro eta boshladi. Uning ijrosini toʻlaqonli maqom ijrosiga qiyoslash sanʼatshunoslik nuqtai nazaridan notoʻgʻridir. Sevara ijrosidagi maqom va xalq qoʻshiqlari kuylash anʼanalari va stilistikasidan chekingan holda, koʻproq eʼtibor ovozning musiqaga joʻrligiga erishish barobarida uslub buzilishiga duchor boʻlgan. Biroq uning oʻzbek xalq qoʻshiqlarining dunyo miqyosida yangrashiga qoʻshayotgan hissasi uning kuylash mahoratidagi kamchiliklarini berkita oladi. Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova oʻz intervyularidan birida, Sevara Nazarxon xalq qoʻshiqlarini dunyoga oʻz mualliflik qoʻshigʻi sifatida taqdim etayotganligini tanqid qilib oʻtgan.

Pop yoʻnalishida ijod qiluvchi Sevara Nazarxon oʻz qoʻshiqlarida Markaziy Osiyo qoʻshiqchiligida keng tarqalgan milliy cholg'u asboblari dutor va tanbur dan keng foydalanadi. Soʻnggi yillarda xorijiy musiqa yozish studiyalarida yaratilgan qoʻshiqlarda xalq ogʻzaki ijodi namunalarining zamonaviy yoʻnalishda yangicha talqin etilishi Sevara Nazarxonga oʻziga xos imidj yaratdi. 2003 yilda fransiyalik prodyuser Hector Zazou hamkorligida yaratilgan Yol Boʻlsin albomi tanqidchilar tomonidan xush kutib olindi. Ushbu albomdagi baʼzi qoʻshiqlar 2005 yilda Afro Celt Sound System albomiga kiritilgan (Volume 5: Anatomic).

Sevara Nazarxon 2004 yili BBC Radio 3 tomonidan taqdim etiladigan Osiyolik Eng Yaxshi Qoʻshiqchi Unvoniga sazovor boʻlgan. 2000 yilda suratga olingan "Tohir va Zuhra" yangi talqin filmida rol ijro etib, Abdulaziz Karim bilan "Yagonam o'zing" duetini ijro etgan. Sevaraning Rossiya Fedratsiyasining vokal ijrochiligi boʻyicha eng asosiy "Golos" yaʼni "Ovoz" loyihasidagi ishtroki hamma oʻzbeklar uchun kutilmagan hol boʻldi. Shundan keyin u "Вышка", "Точь в точь", "Танцы со звездами" kabi loyihalarda ham qator yutuqlarga erishdi. Hozirda u oʻz oilasi bilan Angliyaning London shahrida istiqomat qilsada, London - Moskva - Toshkent yoʻnalishida muntazam qatnab turadi. Bahor va kuzda asosan Toshkentda istiqomat qiladi. Deniz ismli oʻgʻli bor. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 26.08.2002 yildagi Farmoni bilan Sevara Nazarxonga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni berilgan.

Filmografiya

  • 2000 Tohir va Zuhra yangi talqinda Zuhra

Diskografiya

  • Baxtimdan (2000)
  • Yo‘l bo‘lsin (2003)
  • Bu sevgi (2006)
  • Sen (2007)
  • Shunday oson (2010)
  • Maria Magdalena (2012)
  • Noma (2013)
Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit