Nurmatov Ermamat


527

Tug‘ilgan sana: 1937 yil
Tug‘ilgan joyi: Namangan
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar

Ermamat Nurmatov gazetada bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, teleradiokompaniyada rais o‘rinbosari va nashriyotda bosh muharrir vazifasida ishlagan. She’riy to‘plamlar yaratgan, ularda qishloq kishilariga xos samimiylik, go‘zal insoniy fazilatlar o‘z ifodasini topgan. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni egasi.

Tarjimai hol

Namanganlik shoir Ermamat Nurmatov Chust tumanining Olmos qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan.

U 1955 yilda Namangan Davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiradi. Institutni tugatgach, o‘rta maktabda ona tili va adabiyotdan dars beradi. Keyinchalik «Namangan haqiqati» nomli viloyat gazetasiga ishga o‘tadi. Avval adabiy xodim, bo‘lim mudiri va qariyb yigirma yil bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.

So‘nggi yillarda viloyat teleradiokompaniyasi raisining o‘rinbosari va viloyat nashriyotining bosh muharriri vazifalarida ishlab keldi. Hozir esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limini boshqarmoqda.

Ermamatning ijodi talabalik yillarida boshlangan bo‘lib, uning she’rlari viloyat va respublika gazeta-jurnallarida bosilib turadi.

Faoliyati

Shoirning ilk she’riy to‘plami uning tug‘ilgan qishlog‘i sharafiga «Olmos» deb nomlangan va 1970 yilda chop etilgan. Mazkur to‘plamga o‘ttizga yaqin she’rlar kiritilgan bo‘lib, ularda qishloq kishilariga xos samimiylik, go‘zal insoniy fazilatlar o‘z ifodasini topgan.

Shundan so‘ng shoirning ketma-ket «Boqiy baxt» (1977), «Yaxshilik» (1985), «Muhabbat bog‘i» (1991) va «Sog‘inish» (1993) kabi bir qator to‘plamlari olam yuzini ko‘rdi.

1978 yilda shoirga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.

Ayni damda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan ham taqdirlangan. Yaqinda sara asarlarini jamlab «Devon» ham yaratdi va nashr etdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit