Odilov Sobir Rаhimovich


1086

Tug‘ilgan sana: 1932 Mart 1
Vafot etgan sana: 2002 Iyul 18
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Me'morlar

Me’morchilik va qurilish sohasida iste’dodli olim S.Odilov «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvoni, orden, medallar va Respublika «Faxriy yorliq»lari, Davlat mukofoti, «Xalq arxitektori» faxriy unvoni sohibi, Xalqaro arxitektura Akademiyasining faxriy a’zosi.

Tarjimai hol

Sobir Odilov 1932 yilda Toshkentda tug‘ilgan.

1956 yilda O‘rta Osiyo Politexnika institutida arxitektura mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgan S. Odilov, mehnat faoliyatini Toshkent viloyatida qurilish bo‘yicha me’mor sifatida boshlagan bo‘lsa, keyinchalik, Olmaliq shahrida bosh me’mor, Respublika Davlat plan qo‘mitasining uy-joy durilishi bo‘limida katta muhandis, Toshkent viloyatida yo‘riqchi, O‘zbekiston Markaziy qo‘mitasida bo‘lim mudiri muovini, Toshkent shahrining bosh me’mori, O‘zbekiston Davlat qurilish qo‘mitasining bosh me’mori, me’morchilik nazariyasi va shahar qurilishi Butunittifoq ilmiy-tekshirish institutining O‘rta Osiyo bo‘limining direktori vazifalarida ishlagan.

Shuning bilan birga, u me’morchilik va qurilish sohasida uzoq yillardan beri ijodiy ish olib borayotgan iste’dodli olimdir.

O‘zbekiston shaharlari, xususan, Toshkent shahrini qayta qurish, tiklash va yangi inshootlarni qurish borasida juda ko‘p izlanib, o‘zining butun imkoniyati va mahoratini ishga soldi.

Uning bevosita ishtirokida Toshkent shahrining 1990 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi, shahar qurilishining rejali loyihasi, Toshkentning markaziy maydonida olib borilgan qurilishlarning loyihalari ishlab chiqildi va «Xalqlar Do‘stligi» maydoni va saroyi, haykali, poytaxtdagi bir necha shoh ko‘chalar, maydonlar, Toshkent metropolitenining markaziy bekati, «Mustaqillik» maydoni qurildi.

S. Odilov respublika rassomlari bilan ijodiy hamkorlikda O‘zbekistonda monumental san’at taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.

Qator nodir haykal va yodgorliklar uning loyihasi asosida bunyod etildi. Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Yangiyo‘l shaharlarida yodgorlik muzeylari majmuasi, Toshkent shahrida L.B.Shastri, A.S.Pushkin, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Yu. A. Gagarin yodgorligi, Abu Ali ibn Sino haykali shular jumlasidandir.

S. Odilovning serqirra va sermazmun ijodi 1967 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvoni, orden, medallar va Respublika «Faxriy yorliq»lari, 1975 yilda Davlat mukofoti, 1981 yilda «Xalq arxitektori» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 1993 yilda esa Xalqaro arxitektura Akademiyasining faxriy a’zoligiga saylandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit