Qahhor Abdulla


3671

Tug‘ilgan sana: 1907 Sentyabr 17
Vafot etgan sana: 1968 May 25
Tug‘ilgan joyi: Qo‘qon
Yo‘nalishlar: Yozuvchilar

Abdulla Qahhor (1907—1968) — Talantli oʻzbek yozuvchisi. 1907 yil 17 sentyabrda Qoʻqonda tugʻildi. Oldin eski maktabda, «Istiqbol» maktab-internatida, soʻngra Qoʻqon pedtexnikumida oʻqidi. 1925 yilda Toshkentga kelib, turli tahririyatlarda mehnat qildi. 1926—1930 yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oldi. Umri mobaynida turli ijodiy muassasalarda ishladi.

Abdulla qahhor (1907.17.9, Qo‘qon — 1968.25.5, Moskva) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1967). Temirchi oilasida tug‘ilgan. Bolaligi Qo‘qon va uning atrofidagi qishloqlarda o‘tdi. Oqqo‘rg‘on qishlog‘idagi Mamajon qorining usuli savtiya maktabida tahsil ko‘rdi. Oilasi Qo‘qonga ko‘chib kelgach "Istiqlol" nomli sho‘ro maktabiga o‘qishga kiradi, undan internat, "Kommuna", "Namuna" maktablarida, so‘ng bilim yurtida tahsil ko‘radi. Bilim yurtining "Adib" qo‘lyozma jurnalida dastlabki mashqlari bilan qatnashadi. Toshkentdagi "Qizil O‘zbekiston" gazetasi tahririyatining "Ishchi-batrak mak-tublari" varaqasiga muharrirlik qildi (1925). U gazetada ishlash jarayonida O‘rta Osiyo davlat universitetining ishchilar fakultetini tamomlaydi (1928). Abdulla Qahhor yana Qo‘qonga borib, dastlab o‘qituvchilarni qayta tayyorlash kursida muallimlik qiladi; ko‘p o‘tmay "Yangi Farg‘ona" viloyat gazetasiga kotib va "Chig‘iriq" hajviy bo‘limiga mudir etib tayinlanadi (1929). Abdulla Qahhorning "Oy kuyganda" ilk hajviy she’ri "Mush-tum" jurnalida Norin shilpiq taxallusi ostida bosildi (1924). So‘ng uning bir qancha hajviy she’r va hikoyalari "Mush-tum", "Yangi yo‘l" jurnallari va "Qizil O‘zbekiston" gazetasida Mavlon kufur, Gulyor, Nish, Erkaboy, kabi taxalluslar ostida e’lon qilindi. Abdulla Qahhor 30-yillarda yana Toshkentga qaytadi va O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetiga o‘qishga kiradi (1930), ayni vaqtda "Sovet adabiyoti" jurnalida mas’ul kotib vazifasini bajaradi. O‘zdav nashrida muharrir va tarjimon (1935 — 1953). 1954 — 1956 yillarda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining raisi. Abdulla Qahhor umrining oxirlarida davolanish uchun Moskvaga boradi va o‘sha yerda vafot etadi. Toshkentdagi Chig‘atoy qabristonida dafn etiladi. Abdulla Qahhor ijodi she’riyat bilan boshlangan esada, uning adabiy merosi negizini nasriy asarlar tashkil etadi. "Boshsiz odam" (1929) hikoyasi chop etilgan vaqtdan boshlab umrining oxirigacha hikoya, ocherk, publitsistika, qissa va roman janrlarida samarali ijod qildi. Abdulla Qahhorning dastlabki ijodidagi "Qishloq hukm ostida" qissasi (1932) sho‘ro mafkurasi asosida yozilgan. Uning "Boshsiz odam" hikoyasi bilan boshlangan hikoyanavislik faoliyatida esa tarixiy o‘tmish aks ettirilgan. "Ko‘shchinor chiroqlari" (1951) romanida (dastlabki varianti "Qo‘shchinor", 1946) jamoalashtirish davrining voqealari badiiy tasvirlangan. Abdulla Qahhorning 30-yillar ijodida uning birinchi romani — "Sarob" muhim o‘rinni egallaydi. Yozuvchining ushbu romani bosh qahramon Saidiyning faoliyatini ko‘rsatishga qaratilgan, yana unda 20-yillarning 2-yarmidagi o‘zbek xalqi hayotining maishiy, etnografik, iqtisodiy va ma’naviy manzaralari yaqqol aks etib turadi. "Sarob" keng mavzuli roman bo‘lgani uchun yozuvchi o‘zining badiiy niyatini yalang‘och holda ko‘rsatmay, uni shu davr hayotining boshqa manzaralari ko‘rinishida reallashtirishga uringan. Voqealar tasvirida yozuvchi hayot haqiqatini saqlab qolgan. Abdulla Qahhor ijodiy hayoti davomida 40 dan ziyod asar e’lon qilgan. Bu kitoblar orasida 30 ga yaqin hikoyalar ham bo‘lib, ular o‘zbek adabiyotida hikoya janrining badiiy ufqlarini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir. Abdulla Qahhorning nasriy asarlari orasida "Qo‘shchinor chiroqlari" romani hamda "Sinchalak" (1958), "O‘tmishdan ertaklar" (1965) va "Muhabbat" (1968) qissalari muhim o‘rin tutadi. Abdulla Qahhorning iste’dodi uchun komediya janri ham yaqin edi. Buni sezgan yozuvchi 50-yillar arafasida dramaturgiya sohasida ham qalam tebratib, shu davrning muhim mavzularidan biri — qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish mavzuida "Shohi so‘zana" ("Yangi yer", 1949 — 1953) komediyasini yaratdi. Shuni aytish lozimki, bu komediyada qo‘riq yerlarning — Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishidan ko‘ra ba’zi kishilar ongidagi sho‘rning bartaraf etilishi mavzui birinchi o‘ringa olib chiqilgan. Urushdan keyingi o‘zbek adabiyotidagi asosiy konflikt — yangilik bilan eskilik o‘rtasidagi ziddiyat bu komediyada o‘zining teran badiiy tasvirini topgan. Bu asar-da Abdulla Qahhor ustalik bilan kulgili holatlar yaratgan va hajviy bo‘yoqlardan mohirona foydalangan holda konfliktni o‘ziga xos ravishda hal qilgan. Ushbu komediya xorijiy mamlakatlar sahnasida ham o‘ynalib, o‘zbek teatr san’atining kamol topib borayotganini namoyish etdi. Bundan ilhomlangan yozuvchi "Og‘riq tishlar" (1954), "Tobutdan tovush" (1962) hamda "Ayajonlarim" (1967) komediyalarini yaratdi. Bu asarlarda, xususan "Tobutdan tovush"da o‘sha davr uchun xos bo‘lgan illatlar hajv o‘ti ostiga olindi. Ayniqsa so‘nggi asarda Abdulla Qahhor o‘ziga xos noziq tuyg‘u bilan jamiyatdan poraxo‘rlikdek dahshatli illatni tag-tomiri bilan yo‘qotish istagi-da uning ayrim ko‘rinishlarini sahnaga olib chiqdi, u "So‘nggi nusxalar" nomi bilan ham sahna yuzini ko‘rdi. Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida o‘zbek tilini noziq his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash edi. U o‘zining nasriy asarlarida ham, komediyalarida ham tildan foydalanish va ona tilining cheksiz imkoniyatlarini namoyish etishning ajoyib namunalarini berdi va o‘z ijodi bilan o‘zbek adabiy tilining kamol topishiga ulkan hissa qo‘shdi. Abdulla Qahhor hayotining so‘nggi kunlarida sho‘ro jamiyatida shaxsga sig‘inishning avj olishi orqasida yuz bergan fojialarni tasvirlovchi "Zilzila" qissasi ustida ish olib bordi. Lekin uni tugata olmadi. Abdulla Qahhor tarjimon sifatida ham mashhur. U Pushkin, L. Tolstoy, Gogol, Chexov asarlarini o‘zbek tiliga tarji-ma qilgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor asarlari rus, ukrain, belorus, qozoq, qirg‘iz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind, Vetnam tillarida chop etilgan. Abdulla Qahhor Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1966) laureati. "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2000). Uning nomi Toshkent va Qo‘qondagi bir necha ko‘cha, maktab va jamoa xo‘jaliklariga, shuningdek madaniyat uylari va Respublika Satira teatriga berilgan. Toshkentda Abdulla Qahhor uy-muzeyi ochilgan (1987).
Abdulla Qahhorning ijodi 1924 yildan boshlangan. Dastlab «Mushtum» jurnalida, «Yangi Fargʻona» va gazetalarda uning hikoya, felʻeton, xabarlari bosildi. Yozuvchining «Olam yasharadi» nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1935 yilda chop etiladi.

30-yillarda adibning uchta «Hikoyalar» toʻplamlari (1935, 1938, 1939) kitobxonlar qoʻliga tegdi. Bu davrda Abdulla Qahhor kichik hikoyalardan tashqari «Sarob» (1935) romanini yozdi.
Urush yillarida yozuvchining bir qancha fel'eton, ocherk va hikoyalari eʻlon qilindi. «Asror bobo», «Dardaqdan chiqqan qahramon», «Kampirlar sim qoqdi», «Xotinlar», «Oltin yulduz» kabi oʻnlab hikoya va qissalarida oʻzbek jangchilarining mardligi, xalqimizning mehnatdagi jonbozliklari, yuksak vatanparvarligi ifodalangan.
Yozuvchining urushdan keyingi yillarda yaratgan «Qoʻshchinor chiroqlari» (1951) romani jamoalashtirish mavzuiga bagʻishlangan.
U oʻzining «Shohi soʻzana» (1951), «Ogʻriq tishlar» (1954), «Tobutdan tovush» (1962), «Ayajonlarim» (1967) komediyalari bilan oʻzbek dramaturgiyasi rivojiga salmoqli hissa qoʻshdi. Ayniqsa, «Shohi soʻzana» ^pyesasida dramaturg qoʻriq va boʻz yerlarni oʻzlashtirish mavzuini zoʻr mahorat bilan yoritdi.
Pyesa respublikamiz va qator xorijiy mamlakatlar sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish qilindi. Yozuvchining «Sinchalak» (1958), «Muhabbat» (1968), «Oʻtmishdan ertaklar» (1965) qissalari oʻzbek nasrining taraqqiyotiga muhim hissa boʻlib qoʻshildi. A. Qahhor oʻrinli soʻz qoʻllash mahoratini puxta egallagan adibdir. Ijodida voqelikni realistik talqin etish ustuvorlik qiladi. Adib serqirra ijodkor sifatida adabiyotning deyarli barcha tur va janrlarida qalam tebratgan. «Olam yasharadi» nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1932 yilda bosilgan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit