Qayumov Malik Kayumovich


1349

Tug‘ilgan sana: 1912 Aprel 22
Vafot etgan sana: 2010 Aprel 29
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Rejissyorlar

«O’zbekiston xalq artisti», «Mehnat Qahramoni» unvonlari sohibi «El-yurt hurmati» ordeni sohibi bo’lgan Malik Qayumov «Soyuzkinoxronika»ning O’rta Osiyo respublikalari bo’yicha muxbiri, ijodiy faoliyatida 110 dan ortiq hujjatli filьmlar yaratib, o’zbek xalqining tarixi, madaniyati, fani va san’atini jahonga tanitgan ulkan san’atkor, o’zbek hujjatli kinosiga asos solib, o’zbek kino san’atini nodir asarlar bilan boyitdi.

Tarjimai hol

O’zbek kinosan’atining ulkan namoyandasi Malik Qayumov 1912 yilda Toshkentda tug’ilgan. Mehnat faoliyatini 1929 yildan «Sharq yulduzi» (O’zbek Davlat kinosi) kinostudiyasida boshlab, «Bog’doddagi amirkon», «Ajoyib kun», «Qumlikdagi voha», «Qumdagi quduq» va boshqa filьmlarda suratga tushish bilan bir qatorda operator assistenti bo’lib ishlagan.

M. Qayumov 1930—1932 yillarda Moskva Butunittifoq Davlat kinematografiya institutining operatorlik bo’limida tahsil olib qaytgach, 1932 yildan Toshkent xronika kinostudiyasida operator va «Soyuzkinoxronika»ning O’rta Osiyo respublikalari bo’yicha muxbiri bo’lib faoliyat ko’rsata boshlagan. Ikkinchi Jahon urushi yillarida Malik Qayumov ko’ngilli sifatida urushga jo’nab, hujjatli filьmlar Markaziy studiyasining harbiy kinooperatori, urushdan qaytgach, 1946 yildan Toshkent badiiy va hujjatli-xronikal filьmlar studiyasining («O’zbekfilьm») rejissyor operatori va badiiy rahbari bo’lib ishlay boshladi. 1961 yildan esa O’zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filьmlar kinostudiyasining direktori, keyinchalik badiiy rahbari vazifasida faoliyat ko’rsatdi. O’zbekiston kinematografiya xodimlarining IV s’ezdida Malik Qayumov O’zbekiston kinematografiya xodimlari uyushmasining birinchi kotibi bo’lib saylandi.

Malik Qayumov 60 yildan ziyod ijodiy faoliyatida 110 dan ortiq hujjatli filьmlar yaratib, o’zbek xalqining tarixi, madaniyati, fani va san’atini jahonga tanitgan ulkan san’atkor sifatida hurmat-e’tiborga sazovor bo’ldi, o’zbek hujjatli kinosiga asos solib, o’zbek kino san’atini nodir asarlar bilan boyitdi.

O’z filьmlari bilan ona Vatanimizning boyligi va go’zalligini olamga ko’z-ko’z qildi. Ayniqsa, u suratga olgan «Qudratli oqim», «Bizning O’zbekistonga keling», «Tinchlik va do’stlik kinofestivali», «Insonnyatning besh qo’li», «Qirq yil va bir kun», «Bahordan bahorgacha», «O’zbekiston bo’ylab sayohat», «Toshkent tinchlik shahri», «Toshkent, zilzila», «San’atga bag’ishlangan umr», «O’zbekiston san’ati», «13 qaldirg’och», «Sharqda shunday saxiy shaxslar bor» kabi hujjatli filьmlari o’zbek kinosan’atining ulkan yutug’i sifatida e’tirof etiladi. Malik Qayumov ijodida «Hindiston tongi», «Vetnam - mening Vatanim», «Hindiqush bo’ylab yo’l», «Oltin Bengaliya» kabi xorijiy mamlakatlar haqidagi hujjatli filьmlari alohida o’rin tutadi.

Uning ko’plab filьmlari xalqaro va sobiq Ittifoq kinofestivallarida yuksak baholanib, sovrin va diplomlarga sazovor bo’ldi. «Toshkent to’qimachilik kombinati» filьmi 1938 yilda Nьyu-Yorkda bo’lgan Jahon ko’rgazmasida katta Oltin Medalь bilan, «Bizning O’zbekistonga keling» filьmi Venetsiyada bo’lgan Xalqaro kinofestivalda katta Oltin Medalь bilan, «O’zbekiston madaniyati obidalari» filьmi Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivalida birinchi darajali diplom bilan, «Bahordan bahorgacha» filьmi esa 1964 yilda Sankt-Peterburgda bo’lgan kinofestivalda birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.

Malik Qayumov uch marta Moskvada bo’lgan Xalqaro kinofestivalda jyuri a’zosi, 1966, 1977 yillarda Moskvada bo’lgan sobiq Ittifoq kinofestivalida ikki marta jyuri raisi bo’lgan. Uning o’zbek kinosan’ati kamolotadagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi.

«Bahordan bahorgacha» filьmi uchun «O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. U «O’zbekiston xalq artisti», va «Xalq artisti» hamda «Mehnat Qahramoni» unvonlari sohibidir. 1999 yilda esa «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit