Qoriyeva Bernora


1590

Tug‘ilgan sana: 1936 Yanvar 28
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Raqqoslar

Bernora Qoriyeva mashhur o‘zbek balerinasi. YUNESKOning madaniyat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasining a'zosi, B.Qoriyeva o‘zbek madaniyatini dunyo miqyosida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida kuch-g‘ayratini ayamay mehnat qilyapti.U malakali mutaxassislarni tarbiyalab voyaga yetkazdi, ilmiy-uslubiy asarlar yaratdi, ilmiy konferensiya va turli nufuzli anjumanlarda ma'ruzalar o‘qidi, mazmunli chiqishlar qildi.

Tarjimai hol

Mashhur o‘zbek balerinasi Bernora Qoriyeva 1936 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1952 yilda Toshkent xoreografiya bilim yurtini Dovgeli va Zass 1955 yilda Moskva Katta teatri qoshidagi Akademik xoreografiya bilim yurtini M.A.Kojuxova ustozligida tugatib, A.Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatrida balet solistkasi sifatida mehnat faoliyatini boshladi.

1957 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan balet tanlovida qatnashib, «Kumush medal»ga sazovor bo‘ldi va shu vaqtdan boshlab «katta balet» ustalari truppasi a'zolari bilan Angliya, Fransiya, Olmoniya, Italiya, Yamayka, Kuba, Meksika, Suriya, Livan, Hindiston, Birma, Braziliya, Argentina va boshqa davlatlarda ijodiy safarlarda bo‘lib, Ovro‘po mumtoz baletining nodir durdonalarini mohirlik bilan ijro etdi.

O‘z balet san'atiga ega bo‘lmagan o‘zbek xalqidan yetishib chiqqan san'atkorning xorijda Ovro‘po baletining murakkab partiyalarini ilk bor mohirona ijro etishi jahon tomoshabinlarini lol qoldirdi.

Realistik balet maktabining namoyandasi, mumtoz raqsning nozik sirlarini puxta egallagan, hayotning haqqoniy aks ettiruvchi obrazlar ustasi, chuqur kechinmalarga boy aktrisa obraz yaratishda doim yangi ifoda vositalarini izlab, P.Chaykovskiyning «Oqqush ko‘li», A.Adanning «Uyqudagi go‘zal», «Jizel», L.Feyginning «Don Juan», B.Asafyevning «Boxchasaroy favvorasi», R.Shchedrinning «Anna Karenina», Laputinning «Maskarad», A.Xachaturyanning «Spartak», M.Ashrafiyning «Sevgi tumori», A.Kozlovskiyiing «Tanovar», M.Leviyevning «Suxayl va Mehri», T.Jalilov, B.Brovsinning «Muhabbat afsonasi» baletlaridagi partiyalarini mahorat bilan ijro etdi. San'atkor sifatida bunday katta shuhratga erishgan balerinaning noyob iste'dodi va mahorati matbuotda yuksak baholanib, «O‘zbek Odettasi» deb atala boshlandi.

Bu hayotini san'atning eng nozik va murakkab turi — balet san'atining O‘zbekistonda ommalashishi va ravnaqiga bag‘ishlangan san'at ustasi uchun oliy baho edi. Angliyada chiqadigan «Jahonning mashhur kishilari» almanaxi eng talantli va eng obro‘li zamondoshlarning jahon miqyosidagi xizmatlari va yutuqlarini qadrlab, ularga o‘z sahifalaridan o‘rin berib keladi.

Shu almanaxning 1997—1998 yil 61-nashridan "O‘zbekiston Respublikasida davlat arbobi sifatida Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov va madaniyat arbobi sifatida Bernora Qoriyevalarning o‘rin olishlari birinchidan, mustaqil O‘zbekistonni tan olish, uning ulkan arboblarini e'tirof etish bo‘lsa, ikkinchidan, respublikamizning mashhur san'atkorining jahonning yetuk arboblari qatorida qadrlanishi san'at muxlislarini cheksiz quvontirdi.

B.Qoriyeva ko‘p yillardan beri ijod bilan rahbarlik va ta'lim-tarbiya ishlarini qo‘shib olib bormoqda. 1988 yilda u O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi, 1992 yilda jamoat ijodiy tashkilotlarining prezidenti etib saylandi.

1994 yildan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek Davlat akademik Katta teatri direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib, teatr ijodiy jamoasini chet ellardagi mashhur teatrlar bilan do‘stona hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga, xorijiy teatrlar arboblari bilan birgalikda yangi spektakllarni sahnalashtirishga alohida e'tibor bermoqda.

1979—1983 yillar mobaynida B.Qoriyeva «Yosh O‘zbekiston baleti» jamoasini tashkil etdi va unga badiiy rahbar bo‘ldi. 1990 yilda Xalqaro teatrlar Uyushmalari konferensiyasi raisining o‘rinbosari, 1991 yildan janubiy-sharqiy Osiyo teatrlari masalalari bo‘yicha koordinatsion Kengashining raisi bo‘lib ishladi.

Uning tashabbusi bilan 1993 yilda Toshkentda «Teatr-Sharq-G‘arb» birinchi xalqaro festivali muvaffaqiyatli ravishda o‘tkazildi. Unda jahonning 25 mamlakati vakillari o‘z spektakllari bilan qatnashdilar.

YUNESKOning madaniyat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasining a'zosi, B.Qoriyeva o‘zbek madaniyatini dunyo miqyosida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida kuch-g‘ayratini ayamay mehnat qilyapti.

1988 yilda xoreografiya professori ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan balerina A.Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat institutida 1988 yilgacha o‘qituvchi bo‘lib, malakali mutaxassislarni tarbiyalab voyaga yetkazdi, ilmiy-uslubiy asarlar yaratdi, ilmiy konferensiya va turli nufuzli anjumanlarda ma'ruzalar o‘qidi, mazmunli chiqishlar qildi.

Taniqli madaniyat arbobi Bernora Qoriyevaning O‘zbekistonda balet san'atining shakllanishi va ravnaqidagi xizmatlari «Xalq artisti» (1973) unvoni, Davlat mukofoti (1970, 1982) va 1996 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Ijro etgan raqslari
• P. Chaykovskiyning «Oqqush ko’li»
• A. Adanning «Uyqudagi go’zal»
• «Jizel»
• L. Feyginning «Don Juan»
• B. Asafevning «Boxchasaroy favvorasi»
• R. Shchedrinning «Anna Karenina»
• L. Laputinning «Maskarad»
• A. Xachaturyanning «Spartak»
• M. Ashrafiyning «Sevgi tumori»
• A. Kozlovskiyiing «Tanovar»
• M. Levievning «Suxayl va Mehri»
• T. Jalilov,B. Brovtsinning «Muhabbat afsonasi»

Unvonlari
• «Xalq artisti» (1973) unvoni
• Davlat mukofoti (1970, 1982)
• «Do’stlik» ordeni (1996)

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit