Rasulov Abdug'afur


3117

Tug‘ilgan sana: 1937 Iyul 1
Vafot etgan sana: 2014 Sentyabr 17
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Adabiyotshunoslar, Yozuvchilar

Dotsent, aspirantlar kasaba uyushmasi raisi, Abdug‘afur Rasulov 1937 yil 1 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1970 yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 1970-1971 yillarda ToshDU talaba, aspirantlar kasaba uyushmasi raisi bo‘lgan. 1979 yilda Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilingan. 1996-1998 yillarda O‘zMUning O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani. 2002 yilda «Hozirgi o‘zbek tanqidchiligida talqin va tahlil muammosi» mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan.

2003 yilda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi" unvoniga sazovor bo‘lgan. 2004 yilda professor ilmiy unvonini olgan. 2004 yildan O‘zMUning O‘zbek filologiyasi fakulteti «Jahon adabiyoti va nazariya» kafedrasi professori.

Har gal Qamchiq dovonidan o‘tayotganimda nimagadir Mehri xolaning "Tog‘dan ehtiyot bo‘lib o‘tgin" degan so‘zlari qulog‘im ostida takrorlanadigan bo‘lib qoldi. Bu so‘zlarni sevimli yozuvchimiz O‘tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari" qissasida o‘qigan edim. Men bu ayolni umrimda ko‘rmaganman. Lekin shahri azim Toshkentning Do‘mbiravot mahallasidagi Mehri xola yashab o‘tgan xonadonda bir necha bor mehmon bo‘lish menga nasib etdi. Chunki bu ayolning o‘g‘illari O‘zbekiston Milliy universitetining professori, taniqli adabiyotshunos olim, ustozimiz va qadrdon domlamiz Abdug‘afur Rasulov bo‘ladilar. Men ham buni keyinchalik bildim. Qachonki, domlaning O‘tkir Hoshimov haqidagi "Ardoqli adib" portret kitobini o‘qiganimdan so‘ng. "Qissada mening onamga bag‘ishlangan "Havas" hikoyasi bor, — deb yozadi muallif. — Esimda, "Havas"ni O‘tkirjon hech narsa bo‘lmaganday, navbatdagi hikoyani o‘qiy boshladi. Men yap-yangi "Moskvich"imni, o‘g‘illarimni tanidim. Onamning ko‘zlari bir yildan ortiqroq vaqt yorug‘ dunyoni ko‘rmay qoldi. Mashxur doktor, ajoyib inson Muhammadjon Komilovga operatsiya qildirib, ko‘zlarini ochtirib oldik. Hikoyada bu voqealar bor edi. Hammaning onasi mehribon. Ammo men onamning yolg‘iz o‘g‘illari edim.

Abdug‘afur Rasulov — sadoqatli va e’tiqodli shogird. Tanqidchilikda chuqur bilim va iste’dodi, halol va to‘g‘riso‘zligi bilan ustozining ishonchini oqlagan olim. U o‘z kasbining — tanqidchilikning jonkuyari sifatida shakllandi. 1985 yilda chop etilgan "Tanqidchilik ufqlari" kitobidan tortib "Ilmi g‘aribani ko‘msab" (1998) nomli risolasigacha bo‘lgan izlanishlarida tanqidchiligimizni o‘zining chuqur ilmiy o‘zaniga burish harakati yaqqol seziladi. Sharq adabiyotshunosligidagi talqin ilmi haqida fikr yuritib, tanqidchilikda yangicha yondashuvlarning shakllanishi zaruriyat ekanligini ilmiy asoslab beradi. Bu ilmiy fikrlar yanada sayqallanib, boyitilib, jahon adabiyotshunosligidagi ilg‘or nazariy qarashlar va tushunchalar bilan qo‘shilib olimning "Hozirgi o‘zbek tanqidchiligida tahlil va talqin muammosi" (2002) nomli doktorlik tadqiqotida o‘zining mantiqiy yakunini topdi: Abdug‘afur Rasulov tanqid nazariyotchisi sifatida e’tirof etildi. Nihoyat, 2006 yilda domlaning "Tanqid, talqin, baholash" nomli kitobi bosilib chikdi. Xalqimiz orasida "Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin", degan ibora yuradi. Balki odamgarchilikni, insoniylikni unutgan, faqat o‘zini o‘ylaydigan, o‘zi uchun qayg‘urib, faqat o‘zimga deb yashaydigan kimsalar tez va osongina olim bo‘lar. Lekin ilm taraqqiyotini o‘ylaydigan, el-yurt manfaatini yuksak tutadigan haqiqiy olim uchun ilm qilish oson va mashaqqatsiz yo‘l emas. Abdug‘afur Rasulov ham olim bo‘lishdek, ham odam bo‘lishdek ikki qiyin yo‘lni bosib o‘tdi. U faxrlanishga arzigulik farzand, o‘rnak olgulik oila boshlig‘i, jonkuyar mahalla a’zosi, qadrdon va sadoqatli do‘st, e’tiqodli shogird, mehribon ustoz, tajribali murabbiy, salohiyatli olim... Bu fazilatlarni ko‘pchilikda uchratish mumkindir. Lekin Abdug‘afur aka boshqalarda kamdan-kam uchraydigan noyob bir fazilat sohibi hamdir. U fikrga jon bag‘ishlovchi, fasohat bilan so‘zlovchi notiq. Qadimda notiqlik san’at darajasida qadrlangan. Chunki tinglovchiga ta’sir etish, uni ishontirish, rom etish uchun, avvalo, chuqur bilim va teran fikr, so‘ng maftunkor uslub kerak. Domlaning ma’ruzalarini tinglagan talabalar nafaqat bilim olishgan, balki so‘zning go‘zalligi, uning kuch-qudrati oldida hayratlanishgan ham. Men Abdug‘afur akaning darslarini "bir aktyor teatri"ga o‘xshatgim keladi. Chunki har bir ohang, har bir to‘xtalish, har bir qaytariq, har bir harakat nutqning go‘zalligiga go‘zallik, kuchiga kuch qo‘shardi.

Notiklik domlaning maqolalariga ham o‘zgachalik, o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi. Miriqib o‘qiysiz. Hatto tanqidiy ruhda yozilgan maqolalarida "xamirdan qil sug‘urganday" uslub shunday maromiga yetkaziladiki, natijada yozuvchining o‘zi ham haq so‘zning go‘zal achchig‘idan ozor topmaydi. Lekin maqsadga erishiladi. Notiqlik san’atining yutug‘i ham shu, qolaversa, olimning ham. Aslida ham Abdug‘afur aka tabiatan samimiy, shirinsuxan, so‘zamol va dilkash inson. Uning adabiyot haqida vazminlik bilan yuritgan mushohadalari o‘ziga xos ichki madaniyatning yuksakligidandir. Zero, bu fazilat olimning ma’naviy qiyofasiga yanada salobat bag‘ishlaydi.

Maqolamiz avvalida olimning O‘tkir Hoshkmov haqidagi "Ardoqli adib" kitobini tilga olgan edik. Havas haqida gapirgandik. Buni qarangki, Abdug‘afur Rasulov kitobni shunday tugallabdi: "Men 60 yoshga to‘layotgan yozuvchini kuzatar ekanman, nurli hayot yo‘lini, ajoyib ijod pillapoyalarini bosib o‘tayotgan bu fayzli insonga xavasim keldi".

Yaxshi insonlar doimo havas qilib yashaydi, deb eshitgandim. Balki havas yaxshilikning abadiyligi uchun bir halqadir. Agar shunday bo‘lsa, siz bog‘langan va sizga bog‘langan halqalar hech qachon uzilmasin.

Alohida asarlari va muharrirligida nashr qilingan kitoblar:

1. O‘zbekiston komsomoli mukofoti laureatlari -T.: «Yosh gvardiya»

nashriyoti, 1977 (L.Qayumov va M.Olimov bilan hammualliflikda).

2. Yangi zamon - yangi qahramon. -T.: G‘afur G‘ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyoti, 1978.

3. Ozod Sharafiddinov. Adabiy portret. -T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1980.

4. O‘zbek prozasining kamoli. -T.: «O‘zbekiston» nashriyoti, 1981.

5. Tanqidchilik ufqlari. -T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va

san’at nashriyoti, 1985.

6. Olim va tarjimon. Adabiy portret. -T.: G‘afur G‘ulom nomidagi

Adabiyot va san’at nashriyoti, 1985.

7. O‘zbek adabiy tanqidchiligi. -T.: «O‘qituvchi» nashriyoti, 1990. (N.Xudoyberganov bilan hammualliflikda).

8. Rahmatilla Inog‘omov (bibliografik ko‘rsatkich, muharrir). -T.: 1996.

9. Universitet ta’limi uchun o‘zbek filologiyasi mutaxassisligi

bo‘yicha o‘quv dasturlar (mas’ul muharrir). -T.: «Universitet» nashriyoti, 1997.

10.O‘zbek adabiyotini o‘qitishning dolzarb muammolari (mas’ul muharrir) -T.: «Universitet» nashriyoti, 1997.

11.Ilmi g‘aribani qo‘msab. Risola -T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 1998.

12.Iste’dod va e’tiqod. Adabiy portret. -T.: «Sharq» NMK, 2000.

13.Ardoqli adib. Adabiy portret. -T.: «Sharq» NMK, 2001.

14.Abdulaziz Muhammadkarimov. Toshkentnoma. 1-kitob. -T.: «Movarounnahr» nashriyoti, 2004 (mas’ul muharrir).

15.Bahodir Karim. Yangilanish sog‘inchi. -T.: «Adabiyot jamg‘armasi» nashriyoti, 2004 (mas’ul muharrir).

16.Ozod Sharafiddinov. Dovondagi o‘ylar. -T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2004 (mas’ul muharrir).

17.Ozod Sharafiddinov. Bibliografik ko‘rsatkich. -T.: «Universitet» nashriyoti, 2005 (mas’ul muharrir).

18.Rustam Sharipov. Jadid adabiyotida yangilanish, islohot va mustaqillik uchun kurash. -T.: 2005 (mas’ul muharrir).

19.Tanqid, talqin, baholash. Monografiya. -T.: «Fan» nashriyoti, 2006.

20.Sharafli Sharafidtsinovlar. Portretlar. -T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2006.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit