Sa'diyev Yodgor Habibovich


2481

Tug‘ilgan sana: 1946 Iyun 12
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Yo‘nalishlar: Aktyorlar, Rejissyorlar

Shunday aktyorlar bo‘ladiki, ular ijro etgan rollari orqali millatining, xalqining yuragi to‘ridan munosib o‘rin oladi. Ularning rol ijro etayotgan davridagi ijod zavqi chog‘laridagi ko‘nglidan taralayotgan nur tomoshabinlar qalbini zabt etadi, ijobiy qahramonlarining xislatlari tomoshabinga ma’lum ma’noda "yuqadi". Ana shunday xislatlarni o‘zida jo etgan buyuk akter, O‘zbekiston xalq artisti Davlat mukofotining sovrindori Yodgor Sa’diyevdir.

Tarjimai hol

O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor Yodgor Sa’diyev 1946 yil 12 iyunda Toshkentning Sebzor dahasida tavallud topgan.

1971 yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1968 yildan hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlagan. Shuningdek, 1998 yildan O‘zbekiston Ichki ishlar Vazirligi qoshidagi "Qalqon" studiyasining badiiy rahbari.

Yodgor Sa’diyevning ijodi ijtimoiy, falsafiy, g‘oyaviy mazmun bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, qahramonlar xususiyatini, ijtimoiy muhit bilan munosabatlarini, ichki dunyosi va kechinmalarini psixologik o‘tkir tarzda talqin etishi bilan ajralib turadi. Qahramonga dramatik hatti-harakat, ohang, imo-ishora topa olishi, uning ichki va tashqi tomonini uyg‘unlashtira olishi bilan diqqatga sazovordir.

"Mirzo Ulug‘bek" spektaklidagi Frantsiya elchisi teatr sahnasidagi ilk obrazidir. Karl Morr ("Qaroqchilar"), Kochkaryov ("Uylanish"), ertakchi ("Qor malikasi"), G‘ofir ("Boy ila xizmatchi"), Prometey ("Olovni tashlama, Prometey"), kichik o‘g‘il ("G‘ariblar"), Bobur ("Yulduzli tunlar"), Klimkov ("Ro‘yxatlarda yo‘q"), Arslon ("Oyna"), Abdurahmon ("Mehrobdan chayon"), Filipp ("Ro‘yo", 1983 yilda shu roli uchun "Yilning eng yaxshi erkak roli" nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan), Abror Hidoyatov ("Tomosha davom etadi") , Ma’mur ("Kelinlar qo‘zg‘aloni") kabi 60 dan ortiq rollarni mahorat bilan ijro etgan.

Yodgor Sa’diyev kinoda Abdusalom ("Dilbarim"), Olimjon ("O‘n uch terak ko‘chasi", Dovjenko nomidagi kinostudiya), Shayx Ja’far ("Engilmas"), Dadabo‘ri ("Armon"), Tog‘ay ("Minorxo‘rlik Jo‘ra ovchi"), Mayor Mitsumi ("Manjur varianti", Qozoqfilm), 20 qismli "Shaytanat" da Asadbek, "Iblis devori"da Ibrohim amaki rollari bilan shuhrat qozondi. "Shaytanat"ning 7 qismidan 20 qismigacha, "Iblis devori" filmlariga rejissyorlik qilgan. Shuningdek, telefilm, videofilm va telepostanovkalar: "Abu Ali ibn Sino"da Ibn Sino, "Diyonat"da Jabbor, "Girdob"da Yo‘ldosh, "Alisher Navoiy"da Badiulzamon, "Imon"da Orifjon, "Ichkuyov"da O‘rinboy, "So‘nggi o‘q"da Jahongir obrazlarini yaratgan.

Rejissyor sifatida J.Puarening "Aldagani xotin yaxshi", F.Bogdanovning "Tungi mehmon", S.Sirojiddinovning "Hayot eshik ortida" spektakllarini sahnalashtirgan.

Dublyajda 700 ga yaqin filmda ovoz bergan.

1989 yilda Hamza nomidagi Davlat mukofotiga, 1998 yilda "O‘zbekiston xalq artisti", 2005 yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit